So`nggi yillarda Kanada va AQShda qushlar soni 3 mlrd.ga kamayib ketgani ma`lum bo`ldi. Bu haqda Euronews.com nashri xabar berdi.
Amerikalik orintologlar tadqiqotlariga ko`ra, so`nggi 50 yilda Shimoliy Amerikada qushlar populyasiyasi keskin qisqarib ketgan. The New York Times nashri xabariga ko`ra, qushlar 30 foizga qisqargan. Bunga esa qishloq xo`jaligi va urbanizasiya jadal rivojlanishi sabab bo`lmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko`ra, qushlarning qirilib ketishi asosan ularning yashash muhiti yo`q bo`lishi bilan bog`liqdir. Insoniyat hududlar landshaftini shu darajada tez o`zgartirib yuboryapti. Qushlar esa bunga moslashishga ulgurishmayapti. Xuddi shu kabi vaziyat sayyoramizning boshqa hududlarida ham ro`y bermoqda. Birgina Fransiyada so`nggi 30 yilda qishloq xo`jaligi hududlaridan 30 foizga yaqin qushlar yo`qolgan.
Mazkur vaziyatga iqlim o`zgarishi jarayonlari ham o`z ta`sirini o`tkazmoqda. Qushlar ekotizimining o`ziga xos indikatori hisoblanadi. Ularning o`limi atrof-muhitda nimadir noto`g`ri ekanligidan dalolat beradi. Tadqiqotlar shuni ko`rsatmoqdaki, insoniyatning atrof-muhitga misli ko`rilmagan ta`siri natijasida qushlar va o`simliklarning qirilib ketish jarayonini tezlashtirgan. Hozirda 8 mln.ga yaqin turlarning bir millioni yo`q bo`lib ketish xavfi ostida turibdi.