AsosiyJamiyat

Ikkinchi va uchinchi yo`nalishda super-kontraktga kirish tartibi qanday?

'Ikkinchi va uchinchi yo`nalishda super-kontraktga kirish tartibi qanday?'ning rasmi

Kuni kecha super-kontrakt bo`yicha Davlat qabul komissiyasining qarori qabul qilindi. Ushbu qaror e`lon qilingach, joylarda turli tushunmovchiliklar kelib chiqdi.

Jumladan, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining xabarida (https://t.me/eduuz/1311) «birinchi bakalavriat ta`lim yo`nalishida e`lon qilingan test sinovlari natijalariga ko`ra, abiturientlarning to`plagan balini asos sifatida qabul qilib» degan jumla bor edi.

Mazkur jumlani ko`pchilik noto`g`ri talqin qilmoqda. Ya`ni ayrim OTMlar ushbu jumlani «birinchi yo`nalishdagi o`tish ballaridagi tafovut asosida» deya noto`g`ri tushunmoqda.

Bu nima degani?

Masalan, o`qishga kirish uchun birinchi yo`nalishga 10 ball etmadi. Ikkinchi yo`nalishga 3 ball, uchinchisiga esa 1 ball etmadi. Mana shunaqa holatda abiturient ikkinchi yoki uchinchi yo`nalishni tanalasa, garchi u 4 ballik zonada bo`lsa ham, lekin birinchi yo`nalishga 10 ball etmagani uchun super-kontraktni 10, 15, 20, 25 barobar to`lashi kerak, degan mish-mishlar chiqdi.

Aslida bu shunchaki mish-mish. Tegishli mutasaddilar bilan bog`lanib, ushbu vaziyatga yana bir bor oydinlik kiritdim. Davlat qabul komissiyasi qarorida o`tish ballari haqida hech narsa deyilmagan, faqat to`plagan bali haqida gap ketmoqda.

Ya`ni yuqoridagi misol bo`yicha oladigan bo`lsak, abiturient ikkinchi yo`nalishni tanlasa, 3 ball etmay qolgani uchun 2,5 barobar super-kontrakt to`laydi. Agar uchinchi yo`nalishni tanlasa, 1 ball etmay qolgani uchun 1,5 barobar super-kontrakt to`laydi.

Qiziq, qarorda nima uchun aynan birinchi yo`nalishdagi to`plagan bali deyilgan, buni shunchaki umumiy qilib «abiturientning to`plagan bali» desa bo`lmasmidi?

Sababi shundaki, amaldagi tartib bo`yicha abiturient uchala yo`nalishdan ham yiqilsa, uning ballari birinchi yo`nalishda e`lon qilinadi. Ya`ni uchala yo`nalishdan ham yiqilgan abiturient ikkinchi yo`nalishdagi OTMga borsa, ularning qo`lidagi rasman tasdiqlangan qog`oz variantda o`sha abiturientning to`plagan ballari e`lon qilinmagan bo`ladi. Garchi DTMning saytidan bemalol tekshirib olish mumkin bo`lsa ham, ayrim OTMlarda «qog`ozda yo`qsan, demak mumkinmas», deya muammo qilish ehtimoli bor edi. Shu sababli ham qarorda «birinchi yo`nalishda e`lon qilingan bali asosida» deya qo`shib ketilgan.

Ammo bu zinhor birinchi yo`nalishga necha ball etmagan bo`lsa, ikkinchi va uchinchi yo`nalishda ham shuncha barobar super-kontrakt to`laydi, degani emas.

    Boshqa yangiliklar