Joriy yilning 7 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligida Koreya Respublikasining Donxe shahrida bo`lib o`tgan Xalqaro robototexnika chempionatida ishtirok etib, yaxshi natijalarni ko`rsatgan O`zbekiston yoshlar milliy terma jamoasi a`zolarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Innovasion rivojlanish vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Buyuk Britaniyaning Petromaruz kompaniyasi direktori maslahatchisi Zaripov Bahriddin, hamda Turin politexnika universiteti rektori O`ktam Salomov ishtirok etib, chempionatda muvaffaqiyatli ishtirok etgan yosh yurtdoshlarimizga sertifikat va esdalik sovg`alari topshirdilar.
Innovasion rivojlanish vaziri PETROMARUZ kompaniyasiga jamoaning chempionatda ishtirokiga homiylik qilgani hamda ko`rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. O`z navbatida B.Zaripov terma jamoa a`zolari o`qishni bitirib, Petromaruz kompaniyasiga ishga kirsa, boshqa xodimlardan 30 % ko`p maosh berilishini aytib o`tdi.
Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori O`ktam Salomov Robo scolar yo`nalishi bo`yicha 3-o`rinni egallagan jamoa a`zolariga Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga imtihonsiz o`qishga kirish va kontrakt to`lovini 30% chegirma asosida to`lab o`qish imkoniyatini beruvchi sertifikatlarni topshirdi.
Ma`lumot o`rnida aytish kerakki, Milliy terma jamoa a`zolari tibbiyotda qo`llanilishi mumkin bo`lgan “Smart doc box” loyihasini ishlab chiqib, Robo scolar yo`nalishida 3-o`rinni egalladilar. Shuningdek, musobaqaning so`nggi kunida milliy terma jamoa ishtirokchilari “Best agriculture project” (qishloq xo`jaligi yo`nalishi bo`yicha eng yaxshi mualliflik loyihasi) nominasiyasida g`oliblikni qo`lga kiritdi. “Robot in movie” yo`nalishida esa jamoa a`zolari “Technical award” mukofotiga sazovor bo`ldi.