Rossiya Federasiyasining qator nashrlarida O`zbekistonga parvoz qiluvchi RF fuqarolari soni oshib borayotgani, yurtimiz parvoz chiptalari rossiyaliklar eng talabgor bo`lgan davlatlar orasida birinchi o`rinni egallaganiga oid ma`lumotlar chop etilmoqda.
Rossiyalik mutaxassislar tutu.ru yordamida 2018 yilning yanvaridan 2019 yilning sentyabr oyi oxiriga qadar sotilgan aviachiptalar bo`yicha tahlil o`tkazishdi. Tadqiqot natijalari asosida eng mashhur 3 yo`nalish ro`yxati tuzildi, unda birinchi o`rinni – O`zbekiston, ikkinchi o`rinni – Armaniston hamda uchinchi o`rinni Germaniya mamlakatlari egalladi, deya xabar beradi “O`zbekturizmi” matbuot xizmati.
O`tgan yilning shu davrida etakchilar uchligi biroz boshqacha bo`lgan, ya`ni: O`zbekiston, Gruziya, Armaniston. Biroq O`zbekiston ikkinchi yil ketma-ket etakchilikni qo`ldan boy bermay kelmoqda.
Shu bilan birga, manbada O`zbekistonga Rossiyaning aynan qaysi shaharlaridan ko`proq sayohat qilinishi ham qayd etilgan. Unga ko`ra, dastlabki uchlikdan Moskva (66,1 foiz), Sankt-Peterburg (9,2 foiz) hamda Novorossiysk (3,9 foiz) shaharlari o`rin olgan. Bundan tashqari, Krasnodar, Qozon, Ekaterinburg, Irkutsk, Tyumen, Krasnoyarsk va Voronej ham O`zbekistonga parvoz uchun eng ko`p talab qayd etilgan RF shaharlari ro`yxatiga kirgan.
RFning etakchi nashrlaridan biri hisoblangan rbc.ru’da keltirilishicha, Moskva va Sankt-Peterburgda boshqa shaharlarga nisbatan aholi soni ko`p bo`lgani bois ular ro`yxatda etakchilik qilmoqda. “Aholi soni qancha ko`p bo`lsa, shuncha ko`p odam sayohat qiladi”, - deya izoh berilgan tutu.ru matbuot xizmati tomonidan. Shu bilan birga, RFning boshqa shaharlariga nisbatan Moskvadan O`zbekistonga amalga oshiriluvchi to`g`ridan-to`g`ri aviareyslarning ko`pligi ham poytaxtning etakchiligiga sabab sifatida keltirilgan.
Yana bir ommabop nashrlardan biri hisoblangan aviaport.ru’da ta`kidlanishicha, so`nggi 1,5 yilda sayyohlarning O`zbekistonga bo`lgan qiziqishi o`smoqda. Jumladan, oylar kesimida O`zbekiston ko`p marotaba 2019 yil davomida sotilgan aviachiptalar bo`yicha eng mashhur mamlakat sifatida e`tirof etilgan. Tadqiqot davrida O`zbekistonning xorijiy trafikdagi ulushi taxminan 50 foizga o`sgan. Yaqin xorij mamlakatlari segmentida esa O`zbekistonning ulushi o`rtacha 16-18 foizni tashkil qiladi. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistonga sayohat qiluvchi rossiyaliklar soni 2019 yilning ilk 9 oyida 353 771 kishini tashkil qildi, bu esa o`tgan yilning shu davriga nisbatan 126,8 foizga ko`p degani. “O`zbekiston nimasi bilan mashhur? Mazali taomlari, rang-barang bozorlari va qadimiy obidalari bilan. Ehtimol, aynan shu rossiyalik turistlarni bu diyorga jalb qilayotgandir?”, - deyiladi businesspskov.ru’da.
Ta`kidlash joizki, so`nggi yillarda mamlakatda O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan turizmni rivojlantirish yo`lida olib borilayotgan islohotlar, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz va turoperatorlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan targ`ibot-tashviqot ishlari bugunga kelib o`z samarasini bermoqda. Umid qilamizki, ushbu tizimli ravishda olib borilayotgan ishlar natijasida kelgusida bundanda yuqori ko`rsatkichlar qayd etiladi.