AsosiyDunyo

Elvis Preslining shaxsiy samolyotlari kimoshdi savdosiga qo`yildi

Marhum qo`shiqchi Elvis Presliga tegishli bo`lgan ikki samolyot Kaliforniya shtatidagi “Julien’s Auctions” kimoshdi savdolari uyida sotuvga qo`yildi. Bu haqda dni.ru nashriga asoslanib, kun.uz xabar bermoqda.

Samolyotlarning birinchisi “Lisa Marie” 1975 yilda Elvis Preslining buyurtmasi va ishlab chiqqan dizayni bo`yicha yaratilgan bo`lib, bu ish uchun 600 ming dollar sarflangan. Samolyotda ovoz yozish studiyasi, bar, matbuot anjumani uchun xona hamda yotoqxona ham mavjud. Samolyot sirtiga Elvisning mashhur shiori “Taking care of business” bitib qo`yilgan.

Ikkinchi samolyot esa biroz qimmatga tushgan, “Hound Dog II”ning yaratilishi uchun rok-n-roll yulduzi o`sha vaqtda (1979 yil) 900 ming dollar xarajat qilgan.

Xabarda yozilishicha, ayni paytda bu ikki samolyot uchish uchun yaroqsiz ahvolda.
Bu samolyotlar 30 yildan buyon Greyslend shahridagi Elvis Presli muzeyida saqlab kelinayotgan edi.

Auksion tashkilotchilari bu savdodan kamida 10 million dollar ishlab olishni niyat qilishgan.

Biroz oldinroq, Londonda Elvis Presliga tegishli buyumlar ko`rgazmasi tashkil etilgan va o`shanda Buyuk Britaniyaga qo`shiqchiga tegishli 300dan ortiq buyumlar (kiyim-kechagidan tortib, avtomobiligacha) olib kelingan edi.

Ma`lumot uchun, Elvis Presli “Forbes” jurnalining “Eng boy marhum kishilar” ro`yxatida 13 o`rinda qayd etilgan.

    Boshqa yangiliklar