Ayni kunlarda “Avloniy” filmini suratga olish jarayonlari qizg`in pallada. Yuz yil oldingi davrga qaytib, lekin bugungi talablarga muvofiq ijod qilayotgan rejissyor va jamoaning ish avjidagi fikr-mulohazalari sizga ham qiziq deb o`yladik.
Muzaffar Erkinov, rejissyor:
– Qisqa videorolik olamanmi yoki uzundan-uzun serial, qahramonlarim bilan do`st kirishmagunimcha ishga qo`l urmayman. Busiz barcha sa`y-harakatlarim puchga chiqishini yaxshi bilaman. Abdulla Avloniy bilan “oshna” tutinishimizga kelsak... Boshida ko`nglimga vahima soldi. Ammo o`zimni tezda tutib oldim. Chunki qahramoniga mahliyolik rejissyorning foydasiga emas, zarariga ishlaydi ko`proq.
Moziyga qiziqish ajdodlarim, xususan, Alixonto`ra Sog`uniy hayotini o`rganishdan boshlangan. Turkiston ozodligi va milliy birligi yo`lida kurashgan bu tarixiy shaxs qismatini yaqindan bilishga intilishim XX asrning butun manzarasini charog`onroq ko`rish, teranroq anglashimga turtki bo`ldi. Biz suratga olayotgan yangi film voqealari o`tgan yuzyillikning siyosiy ziddiyatlarga to`la ilk choragida yuz bergan. Aniqroq aytsak, Abdulla Avloniyning 1919 yili Afg`onistonga elchi qilib yuborilishi, safar taassurotlariga qurilgan. Qiziq tasodifki, bu yil mazkur tashrifga bir asr to`ldi. Albatta, shuncha vaqt oralig`ida dunyo o`zgarib ketdi. Manfaatparast zamondoshlarim bugun Abdulla Avloniyga duch kelib qolsa bormi, ulug` ma`rifatparvarni “osmonda uchib yurgan xayolparast” deya masxaralagan bo`lardi. Aslida, bunday zotlar avlodlar g`amini egani, ya`ni biz uchun kuyib-yonganini tasavvurlariga ham sig`dira olmaydilar. Film jamiyat ongidagi ana shunday bo`shliqlarga kichkinagina yamoq bo`loladimi yoki yo`q, hozir meni eng ko`p qiynayotgan savol shu.

Abdulla Avloniy qilgan ezgu ishlarni o`rganib chiqishga ko`p fursat ketdi. Ochig`ini aytganda, ba`zilariga ulgurdim, ba`zilariga esa yo`q. Ammo bir savol: biz sanoqqa ulgurmadik, bajarmoqqa-chi?.. U kishi maktab ochdi, bolalarni o`qitdi, darsliklar, gazeta-jurnallar chiqardi, rahbarlik, elchilik qildi, she`rlar bitdi, milliy teatrning tanglayini ko`tardi, dramalar yozdi va sahnalashtirdi... O`h-ho`, ayting-chi, bari bir inson uchun og`ir emasmi?! Xullas, filmni shu “og`irlik”ni his etish va his ettirishdan boshladik, desam to`g`ri bo`lar.
Mabodo kartina biz kutgan muvaffaqiyat ko`chasidan o`tmasa, borki ayb meniki, mening zimmamda deb bilaman. Ssenariyga esa gap-so`z bo`lishini istamayman. O`zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Qaldirg`och» qissasi badiiy asos qilib olindi. Adibni faqat detektiv va diniy-ma`rifiy mavzularda yozadi deb o`ylar ekanman. Yanglishganman, no`noq kitobxonligim oqibati. Tezda asarni o`qib chiqdim. Kitob qo`limda, ammo xayolim olislarda bo`ldi. Suratga olinajak kadrlar, qahramonlar qiyofasi ko`z o`ngimda gavdalandi. Hali yaratilmagan filmimni tomosha qilardim go`yo. Oh, bu onlar qanday lazzatli ekanini faqat rejissyorlar tushunsa kerak.
Mutolaani kechki soat sakkizlarda boshlagan bo`lsam, yarim tunda tugatdim. Bedor tun ijodiy xayollar bilan tongga ulandi. Bir necha hafta asar ta`sirida yurdim. Menimcha, bu fursat Tohir Malik bilan tanishuvga o`zimni tayyorlash bilan o`tdi. Eng muhimi, ko`nglimda aylangan hayiqish aridi, javobsiz savollar echildi, to`xtami yo`q ikkilanishlar barham topdi. Adib bilan uchrashuvga otlanganimda albatta roziligini olib qaytishimga ishonardim.
Xastalik kuchini ko`rsatgan bo`lsa ham, Tohir Malik bizni xush chehrada qarshiladi. Avloniy haqida so`z ochilishi bilan yanayam tetiklashdi, gaplari quyulib kelaverdi. Qanday filmlar suratga olganimni so`radi. «Saodat» serialini ko`rgan ekan, yaxshi baholagani ko`nglimni ko`tardi. Keyin birdan ko`zimga qarab: «Men hozir ssenariy yozadigan ahvolda emasman, kasalman», dedi. O`rtaga og`ir sukunat cho`kdi. So`ngra «Saodat»ning muallifi kim edi, balki buniyam eplar?» deb o`ng`aysiz jimlikni aritdi. Muqaddas Usmonovani yaxshi tanishini, qachondir universitetda dars berganini esladi. Masala shu tariqa hal etildi. Ssenariy ustida olti oy bosh qotirdik. Bu vaqt oralig`ida Tohir Malikning xonadoni o`z uyimizdek bo`lib qoldi.
Abdulla Avloniy Afg`onistonga sayohatini kundaligiga kunma-kun yozib borgan ekan. Bu nodir qo`lyozma bizga real voqealarni tasavvur qilish, qissadagi to`qimalar bilan solishtirish, qahramon ruhiyatini yaxshiroq anglashga imkon yaratdi. “Qayda borsang g`olibi mag`lubni aylar poymol, Marhabo, ey hurriyat, sandan muruvvat ko`rmadim”,deya hayqirgan Abdulla Avloniyning ko`ngildan ko`chirmalarini o`qirkanman, ko`z oldimda siyosatning chirkin hiylalariga aldangan oqko`ngil inson siymosi gavdalanardi.
Abdulla Avloniy 1917 yildagi oktyabr inqilobini o`zgacha umid va xayrixohlik bilan qarshi oldi. Yangi tuzumga ishondi, maqtovlar bitdi, bu hayajonlar she`ru maqolalarga aylandi. Kommunistlarni “mazlumlarni qo`llab-quvvatlovchi”, “xalqni ma`rifatga boshlovchi” deb o`yladi. Hokimiyatning azaliy qurolsiz quroli – va`dalarga aldandi. Mazlumlar hayoti o`zgarmadi, erishilgan hurriyat esa millat uchun mag`lubiyatga aylandi. Aynan mana shu kezlari Avloniy kechirgan og`riqlar, azobli ichki kurash filmga ham ko`chirildi.

Har bir qahramonning ichki dunyosi, xarakterlar kesishuviga jiddiy e`tibor qaratdik. Sovet hukumati Avloniyga qo`shib bir necha vakilini Afg`onistonga jo`natadi. Bilasiz, Amir Omonulloxon 1926 yilgacha amir, 1929 yilgacha qirol bo`lib davlatni boshqargan, muhim siyosiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirgan. Ammo gegemon davlatlarning huda-behuda aralashuvi, milliy va diniy nizolar mamlakat boshqaruv tizimini izdan chiqaradi, g`azna talon-taroj etiladi, soliqlar yilma-yil oshib, dehqonlar qo`zg`olon ko`taradi. Oxir-oqibat Omonulloxon taxtdan voz kechishga majbur bo`ladi. Alamli tomoni, oradan bir asr o`tsa hamki, afg`on diyori hali o`nglanmadi. Filmda ushbu fojeaning asl sabablariga, ildizlariga e`tibor qaratganmiz.
Kobulga Abdulla Avloniy bilan birga maslahatchi Boris Nikolaevich, o`rinbosar Ushinskiy, Moskva vakili Bravin Zaxarovich va uning sohibjamol kotibasi Valentina Nikolaevna ham boradi. Barchasi safar asnosida ochiladi: kimning kimligi, dushmanning hokimligi... Tohir Malikning detektiv syujet qurish tajribasi juda qo`l keldi, tomoshabin film oxirigacha sirlar ortidan ergashadi. Xullas, Abdulla Avloniy bosqinchilar hech qachon el bo`lmasligiga qat`iy inonadi, yangi tuzumdan jirkanadi, unga xizmat qilishdan orlanadi. 1921 yili elchilik vakolati tugatilgach, siyosiy faoliyatdan butkul voz kechib, umrining oxirigacha maktabda bolalarga dars beradi.
Abdulla Avloniyga qarashlar turlicha: kimdir yoqlaydi, kimdir qoralaydi. Rejissyorning vazifasi – hayot haqiqatlarini obrazli ko`rsatib berish. Atrofdagi “tarixchi qozilar”, “afsonachi chollar”ga emas, asosli manbalarga ishongan ma`qul. O`tmishning ustidan hukm o`qishdan tiyilgan yaxshi. Agar hammaga quloq tutaversang, bir qadam ham olg`a siljiy olmaysan. Chalkashliklarni yanayam chigallashtirganing, shubhalarni yanayam kuchaytirganing qoladi, xolos. Qat`iyatsiz lashkarboshiga o`xshab jamoangni maydonga dadil boshlab kirolmaysan. Rejissyor film ishlar ekan, g`alabaga tashna sarkarda kabi bo`lishi kerak.
Postsovet xalqlarida o`z tarixi va milliy qadriyatlariga pastroq qarash shakllangan. Mustabid tuzum davrida o`tmish faqat qora buyoqlarda ko`rsatildi, asarlar yozildi, kinolar ishlandi, tashviqot qilindi. Achinarlisi, bu siyosat sochgan zahar hamon odamlar qonida aylanib, ongida yashayotir. “Avloniy” filmini suratga olish jarayonida ham sovetcha qarashlarga duch keldik. Masalan, nuqul eski liboslar tiqishtirilar, yangilarini ham kimdir chang qilib, g`ijimlab berar edi. Tarixda bobolarimiz kir-chir, yirtiq-yamoq kiyimda yurgan emish. Bu meni qattiq g`azablantirdi. Fikrimda qat`iy turdim va film uchun ataylab besh yuzga yaqin libos tikilishiga erishdim. Har bir kadrda xalqimiz ulug`vorligini ko`rsatishga, milliy madaniyatimizni ko`z-ko`z etishga urindik.
Xorazm, Buxoro, Qo`qonda oylab kezib, s`yomka uchun munosib joy izladik. Uchta vokzal, yo`llar, ko`priklar, saroylar dekorasiyalari maxsus qurildi. Har bir detal ustida soatlab fikrlashdik, bahslashdik, tarixiy kitoblarni, internetni titdik. Mingdan ortiq kadrlarni chizib, ketma-ketlikda joylab chiqdik. Shunday qilib filmni avval qog`ozlarda yaratdik.
Badiiy kengash muhokamasida bu kartinani eplolmasligimni yuzimga aytishdi. Ammo o`sha paytda o`zimga ishonchim ancha balandlagan, uddalashimga ko`zim etardi. Shukrki, ayni chog`da filmning sakson foizi tayyor. Qiyinchiliklar qo`rqitmasa, inson ko`p narsaga erishi mumkin, buni boshimdan o`kazmoqdaman.
«Avloniy» filmi yozning o`tli kunlarida suratga olindi. Issiq harorat ishimizni ikki hissa qiyinlashtirdi, ko`zlagan obrazing quyosh tig`iga uzoq bardosh bermaydi, bo`yoqlar terga qo`shilib oqib tushadi, shu bois rejissyorning yonida askar kabi sergak turishing kerak. Qavatimda ikki shogirdim bor: yosh va chaqqon qizlar, ammo sira ulgurmayapmiz. Uchalamiz qo`limizda elim va bo`yoq bilan har bir kadr ortida bormiz. Tomoshabin filmni ko`rganda girmchilar mehnatini ham unutmaydi degan umiddamiz!