1

Xorijiy sarmoyadorlarni O`zbekistonga pul kiritishiga to`sqinlik qilayotgan omillar sanab o`tildi

Iqtisodiyot 16.10.2019, 16:56
Xorijiy sarmoyadorlarni O`zbekistonga pul kiritishiga to`sqinlik qilayotgan omillar sanab o`tildi

O`zbekistonning Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher A`zamxo`jaev Kun.uz muxbiriga intervyu bergan intervyusida chet el sarmoyadorlarini cho`chitayotgan asosiy jihatlar haqida so`z yuritdi.

«Biz bu erga (Turkiyaga) malaka oshirish bo`yicha ba`zi bir rahbarlarni tez-tez chaqirib turamiz. Maqsad mahalliy sarmoyadorlar bilan uchrashib, ularni O`zbekistonga investisiya kiritishiga undash. Bir kuni bir viloyat hokimining birinchi o`rinbosarini taklif qildik. U kishi ishbilarmonlar bilan har kuni uchrashuv bo`ldi.

U kishi uchrashuvlarning birida o`rnidan turdi-da, (tadbirkorlarga qarata) agar siz bizning viloyatimizga kelib, qaysi bir nuqtani ko`rsatsangiz, sizga yoqqan bo`lsa, bas, u erda inshoot bo`ladimi, park bo`ladimi, bog` bo`ladimi – shundoq buzaman-da, sizga beraman, dedi. O`zi ushbu o`rinbosar ham ataylab aytgani yo`q, chunki bizda bunaqa ishlar tabiiy hol. O`zbekistonda buni (mansabdor) mening eng yaqin do`stim ekan, mardlik qilyapti, deb tushunamiz.

Lekin turk tadbirkorlari hammasi menga ko`zini olaytirib, hayron qarab turibdi. Ya`ni “Sen kecha bizga boshqacha gapirayotganding, bu nima deyapti”, degandek. Men birinchi ekin shipshidim: “Ey, og`ayni, bular mulkdor, erga munosabati umuman boshqacha, agar birovning erini bular uchun buzib beradigan bo`lsang, 3-4 yildan keyin bularnikini ham boshqa odamga buzib berar ekansan-da, (deb tushunmasliklari uchun) hech bo`lmasa, gapingni “suvab” yuborib, (binosi) buzilgan odamga kompensasiya beraman, pulini beraman, deb aytgin, desam ham hokim muovini meni tushunmayapti.

Yaqinda yana bir hokimiyat vakillaridan biri keldi. Bir korxona rahbarining oldiga olib bordik. Judayam baquvvat (badavlat) odam. Men uni ikki oy (mobaynida) “O`zbekistondan zo`ri yo`q, O`zbekiston sening vataning bo`ladi, u erda uy sotib olasan, shu korxonani o`sha erda qurmasak bo`lmaydi”, deb juda ishontirganman. Tadbirkor pul tikishga tayyor bo`lib turibdi.

Birdaniga u hokim buva o`tirdilar-da, “Men sizga so`z beraman, birorta prokuror, birorta melisa, birorta sudya, hech kim sizga tegajog`liq qilmaydi. Men o`zim garantman. Kelasiz, korxonangizni ochasiz, ishlaymiz”, dedi.

Tadbirkor menga qarab: “Shu kungacha men ishtiyoq bilan O`zbekiston haqida o`ylab yurgan edim, endi bormayman”, deydi. “Nimaga?”, deb so`rasak, “hamma narsa bitta odam bilan hal bo`ladigan bo`lsa, men nima qilaman bunaqa joyni”, dedi. Hokimiyat vakili, nima deyishim kerak edi, deb so`radi. Tadbirkor “agar siz menga, bizda qonun ustuvor, hech kim hech narsa qila olmaydi (qonundan tashqari) desangiz edi, ertaga jomadonimni ko`tarib borardim. Agar hamma ish sizga bog`liq bo`lsa, ertaga menga nisbatan kayfiyatingiz o`zgarib qolsa, menga ham shunaqa muomala qilarkansiz-da. Nima, qonun ustuvorligi yo`qmi?”, dedi.

Bizda mulkdorga bo`lgan munosabat yo`q hali. Bu narsa, sekin-sekin yo`lga qo`yilmoqda, prezidentimiz shu narsa bo`yicha ishlayaptilar. Biz shu madaniyatni ko`tarishimiz kerak».

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1