1

Amir Temurning dunyo xirojiga teng javohiri

Moziydan sado 16.10.2019, 18:48
Amir Temurning dunyo xirojiga teng  javohiri

Bugun dunyoning turli hududlarida o`zbek xalqiga tegishli bo`lgan noyob boyliklar, bebaho xazinalar, moddiy va ma`naviy meros namunalari saqlanmoqda. Shulardan biri Buyuk Britaniyaning qirollik saroyida saqlanayotgan, bir paytlar Sohibqiron Amir Temurga tegishli bo`lgan qimmatbaho tosh “Temur yoquti”dir. 361 karat (72 gramm) vaznga ega bo`lgan bu tosh ko`pchilik mutaxassislarning aytishicha, aslida yoqut emas, balki la`l (javohir) sanaladi. U o`z davrida juda yuqori narxlarga baholangani uchun o`rta asrlarda “Xiroji olam”, ya`ni dunyoning xirojiga teng tosh, deb ham nomlangan. 

Har bir qimmatbaho toshning o`ziga yarasha tarixi bor. “Temur yoquti” ham asrlar davomida turli taloto`plarga, hatto qonli qirg`inlarga sababchi bo`lib kelgan. Javohirda turli davrlarda mohir zargar va hattotlar tomonidan o`yib yozilgan olti hukmdor (Amir Temur, Mirzo Ulug`bek, Shoh Abbos, Jahongir, Shoh Jahon, Ahmadshoh) nomini uchratish mumkin bo`lsa-da, aslida u o`nlabyu sulolalar va hukmlorlarning qo`lida saqlanib kelgan. U haqida turli afsona va rivoyatlar ham to`qilgan.

Qalpoq ostidagi xazina

17 asrda yashagan gollandiyalik botanik Rumfiyning yozishicha, qadimgi Ambolin oroli hukmdori xonadonida uzoq tug`ilgan chaqaloq dunyoga kelibdi. Bir kuni ona nima ish bilandir, o`g`lini bir muddat xoli qoldirib, tashqariga chiqibdi. Qaytib kelsa, bolasi yotgan belanchakka bir ilon tirmashib chiqayotgan ekan. Ayol dod solibdi. Xizmatkorlar yugurib kirishibdi. Bu paytgacha ilon chaqaloqning boshi yoniga kattakon qizil rangli toshni qo`yib ortga qaytib ketibdi. Shunda bu holga guvoh bo`lganlar bolaning kelgusida juda buyuk inson bo`lishini tushunib etishibdi. 

Oradan yillar o`tib bola ulg`ayibdi. Xuddi shu paytda orolda toj-taxt uchun fitna qo`zg`alibdi. Shahzodaning tarafdorlari unga ziyon etishidan qo`rqib, bolani yashirishga urinishibdi. Bola esa, u tufayli boshqalar zarar ko`rmasligi uchun oroldan qochishga qaror qilibdi. 

Bola unga ilon hadya qilgan javohirni qanday olib chiqish haqida uzoq bosh qotiribdi. Chunki agar kimdir unda bu qimmatbaho tosh borligini bilib qolsa, bolaning hayoti xavf ostida qolar edi. Shunda bola misdan o`zi uchun yupqa qalpoq yasattiribdi. Qalpoq ustidan son-sanoqsiz teshiklar ochtiribdi. Keyin sochini taqir qilib oldiribdi-da, javohirni qalpoq tagiga berkitib, boshiga kiyib olibdi. Tez orada teshiklaridan soch o`sib chiqib, qalpoq sezilmay qolibdi. 

Shundan keyin bola darvish kiyimlarini kiyib, faqirona ko`rinishda orolni tark etibdi. 

                                      Sohibqiron tojini bezab turgan

Bola keyinchalik qaysi yurtlarga borgan, uning boshiga qanday kunlar tushgani noma`lum. Ammo, ma`lumotlarga ko`ra, bu javohir uzoq muddat Siam (hozirgi Tailand) qirolining mulki bo`lib kelgan va keyinchalik qaysidir yo`l bilan Dehliga borib qolgan. 

Harqalay bu vaqt oralig`ida qirollar, rojalar, sultonlar xazinasida saqlangani, hukmdorlar uni qo`lga kiritish uchun qon to`kishdan ham qaytmagani aniq. Qolaversa, yillar davomida bu javohirning g`ayrioddiy xususiyatlari haqidagi afsonalar ham ko`payib boravergan. Ushbu javohirning egasi har doim janglarda g`alaba qozonadi, dushmanlari hech qachon uni enga olmaydi, hatto qamalda qolgan paytda ham g`animlar hamlasidan eson-mon qutulib chiqa oladi, degan qarashlar mavjud bo`lgan. 

1398 yilda Hindistonda zabt etgan Sohibqiron Amir Temur katta xazinalar qatori mazkur qimmatli javohirni ham qo`lga kiritadi. Tabiiyki, sohibqiron bu javohirning tarixi bilan ham qiziqqan, uning g`ayrioddiy xususiyatlari haqida ham ma`lumotlarga ega bo`lgan. 

Bu javohir sohibqironga yoqib qoladi va unga sayqal berib, o`z tojiga o`rnatadi. Toshga sulsxatida “Amir Temur Ko`ragon” nomini yozdiradi. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, ushbu javohir to umrining oxiriga qadar buyuk sarkardaning tojini bezab turgan ekan. 

                            Shohlardan shohlarga

Bu qimmatbaho tosh 1407 yilda Amir Temurning to`rtinchi o`g`li Shohrux Mirzoga o`tgan. Toshda unig ismi borligi ham bu ma`lumotni tasdiqlaydi. 1447 yilda esa, Movarounnahr va Xuroson hukmdoriga aylangan Ulug`bek ham bu toshga sohib chiqqan va unga “Mirzo Ulug`bek ibn  Shohrux” so`zlarini o`yib yozdirgan. 

Javohir keyinchalik safaviylar saroyiga borib qoladi. Buni javohirdagi Shoh Abbos (1587-1629) ismi ham tasdiqlab turibdi. Ammo, tosh qanday qilib safaviylarga borib qolgani aniq emas. Ehtimol, Shoh Ismoil Safaviy 1510 yilda Movarounnahrni egallagan payti bu javohirni ham olib ketgan bo`lishi mumkin.

Shoh Abbos keyinchalik bu javohirni Boburiylar sulolasi vakili Jahongirga tuhfa qilgan. O`z navbatida Jahongir ham toshga o`z ismi va otasining ismini o`yib yozdiradi. Aftidan bungacha yana bir qancha ismlar bo`lgan. Lekin nimagadir Jahongir ularni o`chirtirib, o`z otini ularning ustidan yozdiradi. 

Shundan so`ng javohir uning o`g`li Shoh Jahon qo`liga o`tadi. U toshda o`z ismiga Sohibqironi soniy (ikkinchi sohibqiron) unvonini ham qo`shib yozdiradi. 

Ma`lumki, Shoh Jahonning o`g`li Avrangzeb qo`zg`olon ko`tarib, taxtni egallaydi, ukasi Doroshukuhni qatl ettirib, otasini Tojmahal qarshisidagi zindonga tashlattiradi. Tabiiyki, otasining barcha xazinalari ham endi uning ixtiyoriga o`tgan edi. U ham avvalgi hukmdorlar an`anasiga amal qilib, javohirga o`z ismini darj ettiradi. 1739 yilda Hindistonga bostirib kirgan Nodirshoh Afshar Boburiylarning qimmatbaho xazinalari, jumladan “Ko`hi nur” bilan birga “Temur yoquti”ni ham o`zi bilan olib ketadi. 

Afg`oniston davlatining asoschisi Ahmadshoh Durroniy ismining ham tosh  sirtida uchrashi keyinchalik bu qimmatli javohir unga tegishli bo`lganini anglatadi. Ma`lumki, dastavval Nodirshohning jasur sarkardalaridan biri bo`lgan Ahmadshoh 1747 yilda afsharlar saltanatining bir qismini egallab, Afg`oniston davlatiga asos soladi. Demak, u Nodirshoh armiyasining katta qismini o`z tarafiga og`dirib olish barobarida afsharlarning kattagina boyligi, jumladan afsonaviy javohirni ham o`zi bilan olib ketgan. 

                            Ingliz qirolichasi boshida...

Yoqutning keyingi taqdiri afsonaviy “Ko`hinur” bilan birga kechadi. Chunki, Ahmadshoh xazinasida “Xiroji olam” “Ko`hinur” bilan  birga saqlangan. 

1773 yilda Ahmadshohning o`limidan so`ng, taxtga uning o`g`li Temur o`tiradi va poytaxtni Kobulga ko`chiradi. Temurdan so`ng taxt va u bilan birga xazina uning o`g`illaridan biri Zamon Mirzoga o`tadi. Ko`p o`tmay uning inisi Shujo`-ulmulk davlat to`ntarishini amalga oshirib, akasini hibsga oladi. Uni qiynab, ikki javohirni qaytarishni so`rashadi. Ammo Zamon Mirzo toshlar qaerdaligini aytmaydi. Zamonning ko`zlarini o`yib olishsa ham u xazinadan voz kechmaydi. Zamon Mirzo o`zi bilan olib kirgan toshlarni devor orasiga yashirib qo`ygan edi. 

Oradan yillar o`tib, ularni bir mahbus topib oladi. Uning qo`lidan qimmatbaho toshlar Shujoulmulkning qo`liga o`tadi. Ammo saltanat unga vafo qilmadi. Navbatdagi to`ntarish sababli uning taxtini ukasi Mahmud egallaydi. Akasini zindonga tashlab, undan olmosni qaytarishni so`raydi. Bir paytlar Shujoulmulk akasining ko`zlarini shu toshlar sabab ko`r qilgan bo`lsa, uning o`zi ham shu ko`yga tushadi. Bir amallab zindondan qochgan Shujoulmulk oilasi bilan Lahor rojasi Ranjit Singxning huzuriga  qochadi. 

“Panjob arsloni” nomini olgan Ranjit Singx avvaliga Shujoulmulkni ochiq chehra bilan kutib oladi, unga boshpana beradi. Ammo, sobiq hukmdor o`zi bilan jahondagi eng mashhur toshlarni ham olib yurganini eshitib, ularni kuch bilan tortib oladi. 

Ranjit Singx umrining oxirigacha bu ikki javohirni  ehtiyotkorlik bilan saqlab keldi. Uning o`limidan so`ng saltanat parokandalikka uchraydi. 

1849 yiliLahor inglizlar tomonidan bosib olinadi. Lahor xazinasi esa “Ko`hinur” va “Temur yoquti” bilan birga Angliyaga jo`natiladi. Boshqa bir taxminga ko`ra, bu toshlarni  rojaning o`g`li valiahd Dilip Singx harbiy hamkorlik evaziga Qirolicha Viktoriyaga  o`z qo`li bilan sovg`a qilgan.

         1853 yilda“Temur yoquti” Qirolicha Viktoriya uchun maxsus yasalgan  zebigardonga bezak sifatida o`rnatilgan. Ayni paytda “Temur yoquti” Bukingem saroyidagi “Hindiston xonasi”da saqlanadi. 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1