1

Ergash MO`MINOV: “Meni hanuz “Masxaraboz” deb chaqirishadi

Madaniyat 18.10.2019, 16:41
Teglar: Kino
Ergash MO`MINOV: “Meni hanuz “Masxaraboz” deb chaqirishadi

1970 yilda suratga olingan “Hind kinosi otasi” Raj Kapurning “Mening ismim — Masxaraboz filmi” va masxarabozRaju obrazi ko`p yillar o`zbek tomoshabinlarining qalbini egallab keldi. Mustaqillikning dastlabki yillarida o`zimizda ham Masxaraboz qahramoni paydo bo`ldi. Taniqli dramaturg Sharof Boshbekov “Masxaraboz” pesasini ekranlashtirdi. Mana, 20 yildan ziyod vaqt davomida ushbu film o`z tomoshabinlariga ega.

Sahifamizning bu galgi qahramoni ana shu masxaraboz roli bilan sizga tanish Ergash Mo`minovdir. U bugungi kunda rejissyor, telekanallarimizda namoyish etilib, katta qiziqish bilan kutib olingan bir qancha seriallarni suratga olgan. Ergash Mo`minov nega aktyorlik kasbini davom ettirmadi? Rejissyorlikka uni nima undadi? 

 “Bozorboy o`g`li Boltaboy...”

— 1991 yil rejissyor Zulfiqor Musoqovning o`sha mashhur “Abdullajon” filmida Bozorboyning o`g`li Boltaboy rolini ijro etdim. Bundan avval, ya`ni 14 yoshimda (1988 yil) o`zbek kinosi darg`alaridan biri Shuhrat Abbosovning “Kichkina bola katta urushda” filmida epizodik rol o`ynaganman. O`sha vaqtda aktyorlikka qiziqib, kinosinovlarda qatnashib yurardim, “O`zbektelefilm” kinostudiyasida suratlarim qolgandi. Zulfiqor aka ana shu suratlardan meni Boltaboy roliga tanlab olgan ekan.

“Abdullajon” filmi Toshkent viloyatidagi O`rtasaroy degan qishloqda suratga olingan. O`sha mening uyim, ya`ni otam Bozorboy (Rajab Adashev), onam (To`ti Yusupova) va o`zga sayyoralik mehmon Abdullajon (Shuhrat Qayumov) yashagan uy haliyam bor. 

Lekin bu filmdagi rolimdan ko`ra menga rejissyorga assistentlik qilganim ko`proq qiziq bo`lgan, asosan, kamera ortida ishlaganman. Chunki bu paytda men rejissyorlikka qiziqa boshlagandim. Bunda menga Shuhrat Abbosov turtki bo`lgan. Uning suratga olish maydonchasida ishlashi, o`zini tutishi, xatti-harakatlari – bari menga ta`sir o`tkazgan. Men ham rejissyor bo`laman, deb dilimga tugib qo`ygandim. Ustozga havas qilganman.

Assistentlik menga maktab vazifasini o`tagan. Kino tilida “maxsus effekt” deyiladigan murakkab kadrlar qanday olinganini ilk bora ko`rganman. Hozir bu ishlar osongina kompyuterda bajariladi, avval esa qiyin edi. Masalan, “Abdullajon”da mening armiya yotoqxonasidan tunda birdaniga o`z uyimda paydo bo`lib qolishim, aksincha, uyimdan armiyada paydo bo`lib qolishim, ketmonlar uchishi va hokazo sahnalar kino tasmalarda montaj jarayonida bajarilardi, “kombinirovanniy s`emka” deb aytilardi. O`zbek kinosida bu ishlar birinchi marta qilingani albatta, tomoshabinlarni hayratlantirmay qolmagan. 

Shundan keyin avvalgi Toshkent teatr va rassomlik institutining rejissyorlik ta`lim yo`nalishiga o`qishga kirdim. 

Ko`pgina yigitlarning dardi aks etgan film

— “Masxaraboz” filmi 1994 yil Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi qishloqda suratga olingan. U paytda men institutning 2-bosqichida o`qirdim. Filmning kinosinovlari avvalroq bo`lib o`tgandi. Lekin nima sababdandir suratga olish ishlari boshlanavermadi. Oradan ikki yilcha vaqt o`tib, ishga kirishildi. O`shanda film ssenariy muallifi va rejissyori Sharof Boshbekov meni bosh rol — Masxarabozga tasdiqlab qo`ygan ekan. Bilishimcha, bu rolga o`sha vaqtda nomi chiqqan, taniqli aktyorlar ham taklif etilgan, sinab ko`rilgan. Ammo taqdir ekan, menga nasib qildi.

“Masxaraboz”da o`ynash men uchun oson bo`lgan, deb aytolmayman. Qiyin va qiziq bo`lgan, desa to`g`ri bo`lar. Sharof aka film ssenariy muallifi va rejissyori sifatida o`ta qattiqqo`l edi. Chunki o`zi yozgan asar voqealarini-yu qahramonlarini xayolida obdon pishitib olgan. Shundan aktyorlardan ham o`sha o`zi o`ylagan obrazni chiqarib berishni talab qilardi. Bunday vaqtda menga Ra`no Zokirova, Shafoat Rahmatullaeva, Mashrab Kimsanov yordam berishgan. 

Bir qancha qiziq voqealarga ham duch kelganmiz. Bir kuni meni sigir sudrab ketgani hech yodimdan chiqmaydi. Esingizda bo`lsa, film Teshaning:

“Ismim Tesha, lekin masxaraboz, deydi hamma.

O`z ismimni aytolmasdan, masxaraboz, deydi hamma.

Odamlar bor — zamonasoz, 

Nimam mening masxaraboz?”, deya qo`shiq aytib, sigir etaklab yurishi bilan boshlanadi. O`sha sigir kun bo`yi rosa charchagandi. Biz uni 3-4 soatlab tepaliklardan sudrab-sudrab yurganmiz, och qolgandi ham. Oxiri ko`ziga yomon ko`rinib ketdim shekilli, alamini olib meni sudrab ketgan. Arqoni qo`limda edi-da (kuladi). Xayriyatki, jarohat olmaganman.

Film tomoshabinlar hukmiga havola etilganidan so`ng, ko`pchilik, ayniqsa yosh yigitlarning “bu kino mening hayotimdan olinibdi, taqdirimiz o`xshash ekan”, deyishganini eshitgandim. Nima uchun? Chunki, yigitlik chog`ida sevgan qiziga etolmaslik, qizlar boshqasiga turmushga chiqib ketish holatlari ko`p uchraydi. Filmda shunday yigitlarning dardi ham aks etgandi.

“Masxaraboz” deyishsa...

— Bu filmdan keyin meni ko`cha-ko`yda “Masxaraboz”, deb chaqirganlar ko`p bo`ldi. Haligacha ham ba`zida qulog`imga chalinadi. Men bundan xafa bo`lmayman. Aksincha, xursand bo`laman. Aktyor uchun, umuman, ijodkor uchun qilgan mehnatini odamlar e`tirof etsa, ko`p yillar eslab yursa baxt!

“Atirgullar ochdi chiroy...”

— “Masxaraboz” filmi musiqali komediya janrida bo`lgani bois, albatta, unga qo`shiqlar ham yozilgan. Jumladan, “Atirgullar ochdi chiroy” deb kuylanuvchi qo`shiq o`z davrida ommalashgandi. Keyinchalik va hozirda ham ba`zi xonandalar qayta kuylab kelishadi. 

Filmda esa bu qo`shiqni erkak ovozida Kozim Qayumov, ayol ovozida Zaynab Nig`matullaeva ijro etishgan.

“Oldingda oqqan suvning qadri yo`q” — seriallar haqida...

— 1994 yil televideniega ishga keldim. Bugungi kungacha O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O`zbektelefilm” kinostudiyasi sahnalashtiruvchi rejissyor bo`lib ishlab kelyapman. Dastlabki ish faoliyatimni kichik videofilmlar suratga olishdan boshlaganman: “Rohila”, “Oqqush”, “Olis osmon...” va “Dengizdan tomchi” telenovellalari...

Keyin seriallarga qo`l urdim. Dastlab 10 qismli “Vaqt qadri” serialini suratga oldim. So`ng “Tavallud”, “Bedor tuyg`ular”, “Zurriyot”, “Zurriyot-2” seriallarini ishladim. Ayni kunlarda esa 30 qismli “Chegaradagi qishloq” deb nomlangan yangi serial “Yoshlar” telekanalida namoyish etilmoqda. 

Seriallar ishlagan rejissyor bo`lganim uchun mendan so`nggi vaqtlarda teleekranlarimizni egallab olgan xorij seriallari haqida fikrimni so`rashadi. Albatta, bu holat dilimni ranjitishi rost. Yashirmayman, ba`zida televizorni yoqib, birortasidan o`zbek chehralarini topolmay qolaman. “Oldingda oqqan suvni qadri yo`q”, deb kuyunib ham qo`yaman. Chunki o`zimizning qancha-qancha seriallarimiz bor. Seriallar ishlab chiqaradigan bazamiz ham, imkoniyatlarimiz ham, mahoratli rejissyorlarimiz ham bor. Faqat bunda katta mehnat, kuchli targ`ibot ishlari qilinishi kerak. Tomoshabinlarimizni o`zimizning seriallar bilan zangori ekranga “mixlash”imiz, jalb qilishimiz kerak.

Xorij seriallarida baribir, boshqa millat, boshqa mentalitet, boshqa hayot, boshqa jamiyat... Biz o`zimizga o`zimiz oyna bo`lishimiz lozim. Men bu bilan xorij seriallarini butunlay taqiqlash kerak, degan gapdan butkul yiroqman. Taqiqlash bilan maqsadga etib bo`lmaydi. Bizning vazifamiz – xorijnikining o`rnini o`zimizning yaxshi, sifatli mahsulotlar bilan to`ldirish. 

Munisa ALIEVA

Sharhlar

Ayni damda “Kinochilar uyi”da “Oltin Humo” milliy kinotaqdimoti boshlanish arafasida

22.12.2021, 17:56

Bugun, 22 dekabr kuni Kinochilar uyida O`zbekiston Kinematografiya agentligi, O`zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan an`anaviy “Oltin Humo” milliy kinotaqdimoti bo`lib o`tadi. Bu haqda "Darakchi.uz" muxbiri...
Fransiya: Endi kinolarga ham maxsus yo`llanma bilan kiritiladi

21.07.2021, 17:46

Fransiyadagi madaniy va ko`ngilochar joylar endi faqat raqamli vaksina olganlik haqidagi maxsus pasport egalari uchun  ochiqdir, bu Prezident Makron tomonidan mamlakatda universal emlashni ta`minlashga qaratilgan...
Erkin Vohidov hayoti va ijodiga bag`ishlangan “Tirik sayyora” hujjatli filmining suratga olish ishlari boshlandi

27.04.2021, 16:34

“Tirik sayyora” hujjatli filmi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan tasvirga olinmoqda. Poytaxtimizda qad ko`targan Adiblar xiyobonida haykallari o`rnatilgan shoir...
Yangi film — Anjelina Joli yovuz malika rolida (foto va video)

03.12.2020, 20:22

"Piter Pen va Alisiya mo``jizalar mamlakatida" (Qaytish) filmining suratga olish ishlari ikki yil oldin tugaganligiga qaramay namoyish etilmayotgan edi. Sababi shu vaqt ichida Brend Chepman...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1