Adliya vaziriligining Huquqiy axborot kanali 1 noyabrdan boshlab mamlakatimiz qonunchiligiga kiritilgan o`zgarishlar va yangi tartiblar bilan tanishtirmoqda.
1. Mobil qurilmalar ro`yxatga olinadi.
O`zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalar jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalarning mobil qurilmalarni xalqaro o`ziga xos identifikasiya kodlari bo`yicha ro`yxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali 2019 yil 1 noyabrdan bepul, 2019 yil 1 dekabrdan esa pulli asosda ro`yxatga olinadi.
2. Hisoblagichlar faqat DXM yoki YaIDXP orqali qiyoslovdan o`tkaziladi.
2019 yil 1 noyabrdan boshlab hisobga olish uskunalarini qiyoslovdan o`tkazish bo`yicha davlat xizmatlari faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.
✅ Bunda, hisobga olish uskunalarini qiyoslash davriyligi:
👉 yuridik shaxslar uchun – 4 yil;
👉 jismoniy shaxslar uchun – 8 yilni tashkil etadi.
3. Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.
Etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat) olayotgan yoki oilaviy bolalar uyi tashkil etayotgan fuqarolarni tayyorlash maqsadida “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.
4. Suv xo`jaligi vazirligi idora va tashkilotlari xodimlarining ish haqi oshadi.
Suv xo`jaligi vazirligi idora va tashkilotlari xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga 2019 yil 1 noyabrdan 1,1 va 2020 yil 1 yanvardan 1,2 miqdorda tuzatish koeffisientini qo`llash hisobiga ularning ish haqi oshiriladi.
5. Suv quduqlarini qazish uchun ruxsatnoma tegishli idoralar bilan kelishilgandan keyin beriladi.
2019 yil 1 noyabrdan 2021 yil 31 dekabrgacha Nurota, Qo`shrabot va Zomin tumanlari doirasida joylashgan konlar hududida suv olish uchun quduqlarni qazishga ruxsatnoma (aholini ichimlik suvi bilan ta`minlash uchun mo`ljallangan quduqlardan tashqari) Geologiya va mineral resurslar davlat qo`mitasi tomonidan mutassaddi idoralar bilan kelishilgan holda beriladi.
6. Yuqori turistik salohiyatli fuqarolar yig`inlarining ro`yxati tuziladi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi eng yuqori turizm salohiyatiga ega bo`lgan fuqarolar yig`inlari ro`yxatini shakllantiradi. Shuningdek, ushbu fuqarolar yig`inlari hududlarida 20 tadan kam bo`lmagan oilaviy mehmon uylari tashkil etilganda va turistlar uchun kamida besh xil xizmat turlari ko`rsatilgan taqdirda ularga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog`i” yoki “Turizm ovuli” maqomini beradi.