1

SSV: O`zbekistonda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berildi

Jamiyat 21.10.2019, 16:26
SSV: O`zbekistonda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berildi

Sog`liqni saqlash vazirligida  O`zbekistonda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berilishi munosabati bilan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Tadbir Sog`liqni saqlash vazirligi, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va YuNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda tegishli davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, onkolog, epidemiolog, ginekologlar va jurnalistlar ishtirok etdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.

Tadbirda qayd etilganidek, bachadon bo`yni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan biri hisoblanadi. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, dunyoda birgina 2018 yilda bachadon bo`yni saratoni bilan qariyb 570 000 yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 000 nafardan ortiq ayollar vafot etadi. 

Dunyoda bo`lgani kabi, mamlakatimizda ham ushbu xastalik ayollar o`rtasida tarqalishi bo`yicha ko`krak bezi saratonidan keyin ikkinchi va kasalliklardan o`lim ko`rsatkichi bo`yicha esa tug`ish yoshidagi ayollar orasida ikkinchi o`rinda turadi. JSST ma`lumotlariga ko`ra, har yili yurtimizda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon bo`yni saratoni kasalligiga chalinmoqda.

Milliy emlash kalendariga ko`ra, mamlakatimizda bolalar davlat byudjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyalarga qarshi emlanadi. Shuning uchun ham yurtimizda epidemiologik holat barqaror saqlanmoqda. Endilikda OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa yana bir og`ir kasallik — bachadon bo`yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi.

Bugundan boshlab yurtimizdagi barcha 9 yoshli o`smir qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanadi. Shu o`rinda qayd etish lozimki, odam papilloma virusiga qarshi vaksinaning narxi ancha qimmatligi sabab aksariyat davlatlarda u pulli asosda amalga oshiriladi. Mamlakatimizda esa, o`smir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi. Natijada kelajakda har yili 1100 ta kasallanish va bachadon bo`yni xastaligi bo`yicha esa  600 ga yaqin o`lim holatining kamayishiga erishiladi.

Tadbirda qayd etilganidek, JSST odam papillomasi virusiga qarshi vaksinani barcha immunizasiya dasturlariga kiritishni tafsiya etadi. Bugungi kunda jahonning 96 davlati uni o`z milliy emlash kalendariga kiritgan. Ularning orasida Buyuk Britaniya, Daniya, Shvesiya, Finlandiya kabi qator  Evropa davlatlari,  shuningdek, AQSh, Kanada, Avstraliya va Lotin Amerika mamlakatlari ham bor. Shunday qilib, 2006 yildan boshlab  shu kungacha butun dunyoda 100 million nafardan ortiq  odam ushbu vaksina bilan emlangan. 

Shu o`rinda ko`pchilikni vaksinaning qizlarning reproduktiv funksiyasiga salbiy ta`siri  bo`lmaydimi,  degan savol qiziqtirishi tabiiy. O`tkazilgan  xalqaro ilmiy tadqiqotlarda shu aniq bo`ldiki, yuqorida qayd etilganidek, mazkur vaksina nafaqat saratondan himoyalash, balki, reproduktiv a`zolar salomatligini ham  yanada mustahkamlash xususiyatiga ega ekan. 

Bundan 9 yil oldin, ya`ni, 2010 yilda emlangan 8000 nafar qizlardan biri Gulira`no Rahimjonova 3 yoshli qizchasi bilan ushbu tadbirga tashrif buyurib, OPVga qarshi emlashdan keyin sog`lig`i bilan bog`liq hech qanday salbiy muammo yuz bermaganini, aksincha, vaksina salomatligini yaxshilashga xizmat qilganini  alohida ta`kidladi. Uning aytishicha, bundan 9 yil avval u bilan birga emlangan tengdoshlarining aksariyati hozirda  onalik baxtiga musharraf bo`lgan.

Matbuot anjumanida milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan odam papilloma virusiga qarshi vaksinaning jahon tibbiyotida qo`llanilishi tajribasi, uning inson salomatligini asrashdagi muhim natijalariga oid ma`ruza va taqdimotlari o`tkazildi. Jurnalistlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi. 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1