Saytimiz o`quvchilari qo`ng`iroq qilib, tatuajning organizmga qanday zararli tomonlari borligi, bu orqali qanday kasalliklar yuqishi mumkinligini so`rab, murojaat etishdi. Bu boradagi savollarga mutaxassisdan javob olish maqsadida Darakchi.uz muxbiri terapevt Gulbahor Qodirova bilan bog`landi. Shifokor savollarga quyidagicha javob berdi:
–Tatuaj lab, ko`z va qoshda uzoq muddat saqlanib turadigan bo`yoq yoki shakl berishdir. Bu qaysidir ma`noda go`zal ko`rinish imkonini beradi. Biroq u tashqi ko`rinishga, salomatlikka sezilarli darajada ziyon keltirishi mumkin. Masalan:
Qosh tatuaji qosh siyraklashib, ildizi yo`q bo`lib ketishiga olib kelishi mumkin. Qoshlar uchun bunday turdagi pardoz to`kilish ehtimolini oshiradi va yangi qoshlar o`sishini to`xtatadi.
Ko`z tatuaji igna yordamida shakl chizish yo`li bilan ko`z va qovoq shaklini to`g`rilashga qaratilgan. Bunda ko`z nuqsonlari yashiriladi. Ammo afsuski mazkur muolaja og`riqli bo`lib, ko`rish qobiliyati, qovoq terisi, teri sezuvchanligi va mimikaga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin.
Lab tatuaji lablar shaklini to`g`rilash, kattalashtirish hamda qizartirish maqsadida amalga oshiriladi. Labni tatuaj qilgandan so`ng og`iz atrofida shishlar paydo bo`lib, ularning bitishi uzoq vaqtga cho`ziladi. Bundan tashqari, infeksion kasalliklar bilan xastalanish ehtimoli oshadi. Agar siz gerpes virusiga to`qnash kelmagan bo`lsangiz, mazkur muolajadan so`ng u sizda paydo bo`lishi yoki bor bo`lsa, kuchayishi mumkin.
Tatuajda asbob-uskunalarni noto`g`ri sterillash, sifatsiz bo`yoq va mutaxassis tajribasining etishmasligi bunday pardozning xavfli salbiy oqibatlaridan hisoblanadi. Xavfli tomoni amaliyot yuzning asab tomirlariga jarohat etkazishi, agar asboblar bir martalik bo`lmasa va yaxshi sterillanmagan bo`lsa gepatit, OITS va boshqa kasalliklar yuqishi ehtimoli bor.