O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning meva-sabzavotchilik tarmog`ini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni ta`minlash masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida Moliya vazirligiga yangi tizim asosida eksportbop mahsulotlar etishtirishni rag`batlantirish bo`yicha moliyalashtirish yuzasidan taklif kiritish topshirildi.
Qishloq aholisi bandligini ta`minlash maqsadida yangi tashkil qilinayotgan kooperasiyalar negizida 1 gektardan 5 gektargacha ijara asosida er ajratib beriladi. Yangi bog` va tokzorlarni barpo etishga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 1 trillion so`m yo`naltiriladi.
Kam ta`minlangan oilalar bandligini ta`minlash maqsadida Farg`ona vodiysining 22 ta tumanida 31 ta namunaviy kooperasiya tashkil qilinadi. Har bir kooperasiyaga kamida 50 nafardan ishsiz fuqaro a`zolikka qabul qilinib, ularga foydalanilmayotgan erlar, subsidiyalar hamda imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Xalqaro hamda mahalliy moliya tashkilotlaridan mablag`lar jalb etish orqali gilos, o`rik, anor, shaftoli, olxo`ri, yong`oq kabi mevalarga ixtisoslashgan yangi zamonaviy bog` tashkil qilish hisobiga hosildorlikni keskin oshirish zarurligi ta`kidlab o`tildi. Shu bilan birga, eksportbop uzumzorlarni tashkil etish yuzasidan “manzilli dastur” tasdiqlash vazifasi yuklatildi.