Narkotik vositalari va psixotrop moddalar saqlanganligi fakti bilan yana bir jinoiy ish qo`zg`atildi. Bu haqida Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar qilmoqda.
2-noyabr kuni taxminan soat 18.00 da Sergeli tumanidagi YPX postida YHXB YPX xodimlari, kinologiya xizmati va Toshkent shahar IIBB PPX xodimlari hamkorligida olib borilgan tadbirlar davomida 39 yoshli Baxtiyor S.ga tegishli bo`lgan “Damas” rusumli avtomobil to`xtatildi. Tekshiruv davomida xizmat iti 29 yoshli yo`lovchi Marat M.da narkotik vositalari borligini sezdi. Gumonlanuvchi tekshirilganda uning yonidan marixuana, 8 ta “Regapan” tabletkasi va 2 flakon “Tropikamid” topildi. Ushbu fakt asosida Sergeli tumani IIO FMB qoshidagi tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o`tkazish maqsadini ko`zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar”) bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atildi.