YPX inspektoriga qarshilik ko`rsatgan fuqaro o`n oyga qamaldi

Jamiyat 12.11.2019, 14:50
YPX inspektoriga qarshilik ko`rsatgan fuqaro o`n oyga qamaldi

Ichki ishlar xodimini haqoratlagan buxorolik fuqaro M.Yo.javobgarlikka tortildi.

Voqea shu yil 7 avgust kuni Buxoro shahrining “Markaziy bozor” chorrahasida sodir bo`lgan. Safdor Z.Jo`raev gavjum chorrahada yo`l belgisiga amal qilmasdan harakatlangan “Neksiya” avtomashinani to`xtatib, sodir etilgan huquqbuzarlik ma`muriy javobgarlikka sabab bo`lishini bildirgan.

Haydovchi xodimning qonuniy talabini bajarmasdan, o`ziga tegishli bo`lgan hujjatlarni tortib olib, mashinasini haydab ketib qolgan. Oradan 5 daqiqa o`tgach, qaytib kelib, kuch ishlatib, xodimni qo`lidan tortib, yo`lning narigi tomoniga olib o`tgan.

Janjal ko`tarib, xizmat faoliyatini olib borayotgan xodimning ko`krak nishoni, radioaloqa vositasi hamda jezel tayog`ini tortib olgan. Hatto egnidagi xizmat ko`ylagini yirtib, faoliyatini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan.

IIV axborot xizmati xabariga ko`ra, qonunbuzarlikka yo`l qo`ygan M.Yo. sud hukmiga ko`ra 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Eslatib o`tamiz, Jinoyat kodeksining 219-moddasiga ko`ra, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko`rsatish jinoiy javobgarlikka sabab bo`ladi.

Qarshilik ko`rsatish, ya`ni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko`rsatish - eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko`rsatilgan shaxslarni qanday shaklda bo`lmasin o`zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish - uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1