1

Safar Ostonov: "Xalqimiz qo`yayotgan talabdan kelib chiqib baho bersak, birorta partiyaning faoliyatidan qoniqmayman"

Jamiyat 12.11.2019, 19:44
Teglar: Safar Ostonov
Safar Ostonov: "Xalqimiz qo`yayotgan talabdan kelib chiqib baho bersak, birorta partiyaning faoliyatidan qoniqmayman"

Xabaringiz bor, 10 noyabr kuni O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan poytaxtimizdagi “Naesmi Media Hall” (“Zarafshon” konsert zali)da siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida 4 raundli "Demokratik debat" tok-shousi bo`ldi. Unda partiya raislari tomonidan bildirilgan fikr va munosabatlar ikki kundirki jamoatchilik muhokamasida bo`lmoqda. "Darakchi" muxbiri ana shu tadbir doirasidagi bir nechta savollar  bilan “O`zbekiston ovozi” gazetasi rahbari Safar Ostonovga murojaat qildi.

Safar Ostonov,  “O`zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri:

— Bunday tadbirlarga o`rganishimiz kerak. Shu orqali xalq 5 ta siyosiy partiya rahbarlari kimligidan xabardor bo`ladi. (Tok-shouda partiya rahbarlarini xalq tanishi yoki tanimasligi bo`yicha o`tkazilagn so`rovnoma natijalari ko`rsatildi. Ma`lum bo`ldiki, xalq ularni deyarli tanimas ekan, hatto nechta partiya borligini, ularning nomi nima ekanini bilmasligini ham aytishdi) Ularning yuzini ko`radi hamda fikrlashi, dunyoqarashi qanday ekanidan xabardor bo`ladi. Ayni damda esa ularning jamiyat uchun o`z oldiga qanday masalalar qo`ygani, maqsadlari, takliflari nimalardan iboratligi tinglanadi. Xalq biror partiyaga ovoz berishi uchun avval uni tanib olishi kerak.

Qaysi siyosiy partiyaning ishidan qoniqasiz?

— Bugungi zamon va aholimiz partiyalar oldiga qo`yayotgan talabidan kelib chiqib baho beradigan bo`lsak, to`g`risi shaxsan o`zim ham birorta partiyaning faoliyatidan qoniqmayman (Safar Ostonov Xalq demokratik partiyasining a`zosi sanaladi). 

Ochig`ini aytish kerak, partiyani partiya qiladigan kishi uning rahbari. Agar u kuchli siyosatchi, tashkilotchi, bilimli, ilmli bo`lsa, o`z navbatida o`z atrofiga ham shunday odamlarni jamlaydi. Ertaga partiya faollari kimlardan tarkib topadi, ular qay darajada harakatga tushadi, jonlanadi, bu ham partiya raislariga chambarchas bog`liq. Rahbardan aniq taklif, tashabbuslar chiqmasa ham, shunchaki mayda-chuyda ishlar bilan kuni o`taveradi, hayotda shunaqalarini ham ko`rdik.

Yana shuni aytish kerakki, o`tgan davrlarda tasodifiy odamlar ham partiya rais bo`lib qoldi: misol, siyosatni chuqur tushunmagan fermerlar partiya raisligiga saylandi.

Mana hozir partiyamizga (O`zbekiston XDP Markaziy Kengashiga) ham yangi rahbar keldi, yangi faollar bilan to`ldirildi, bizga ma`qul bo`lgan odamlar partiya safiga kirishdi. Bu esa mazkur saylov dasturida foydali bo`ladi deb hisoblayman.

O`zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi Ulug`bek Inoyatov 2013-2018 yillar davomida Xalq ta`limi vazir bo`lib ishladi. Ayni damda bu lavozimda faoliyat yuritayotgan Sherzod Shermatov bir nechta yig`ilish va tadbirlarda Ulug`bek Inoyatov davrida o`qituvchi va o`quvchilar saviyasi, holati juda abgor holatga kelib qolgani, maktablar va ularning moddiy-texnika ta`minotiga esa loqaydlik bilan qaralgani aytilgan. Buni aynan vazir aytmasa ham barchamizga ma`lum, aslida. Siz xalq ta`limiga shunday befarq bo`lgan kishiga partiya kelajagini ishonib topshirsa bo`ladi deysizmi?

— To`g`risini aytsam, xalq talimining bundan besh yil avvalgi ahvoli qanday bo`lgan, hozir qay ahvolda hamda bundagi yutuq va kamchiliklarga kim sababchi ekanini aniq bilmayman. Mening ixtisoslashuvim sud-huquq, sport sohasi, qisman ma`naviy-ma`rifat masallalari bo`yicha. Bizning gazetada ta`lim sohasi bo`yicha bo`lim rahbari bor va xalq ta`limi haqida u ko`proq ma`lumotga ega. Shuning uchun ta`lim sohasini o`rganmaganman va vaqtim ham yo`q bu bilan shug`illanishga. Shunday ekan, ushbu savolingizga aniq bir javobim yo`q.

Ushbu tok-shoudan nimarni kutgan edingiz?

— Men bitta narsaga qarshiman — mazkur tok-shouga o`xshash tadbirlar yoki boshqasi bo`ladimi, hammasi madaniyat doirasida bo`lishi kerak, ya`ni baqiriq-chaqiriqli, sun`iy qilinadigan shovqinlar bilan o`tkazilishiga qarshiman. Bundan xalqqa foyda yo`q. Baqir-chaqir bilan biror narsaga erishib bo`lmaydi. Shuningdek, tadbirlarda savol-javoblar shovqinlardan holi bo`lib, aniq nuqtaga qaratilgan bo`lishi kerak, shunda bahslar ham jonli, saviyali bo`ladi. Bu tadbirda mana shu biroz etishmadi.

Masalan, shouda ko`plab jurnalistlar ham qatnashdi. Bilamizki, jurnalist etikasi bor: har bir jurnalist o`zini o`zi hurmat qilishi, kimgadir savol yo`llaganda vazminlik bilan murojaat qilishi kerak. Ushbu tadbirda ayrim jurnalistlar “...siz nimaga qilmadingiz, nega bajarmaysiz” deb huddiki gunohkor odamni ayblov stuliga o`tqazib qo`yib, so`roq qilayotgan odamlarga o`xshab savol yo`llashdi. Shuning uchun jurnalistlarimizning tajribasini oshirish, o`z ustida ishlashi va malakalarini oshirib borishlari uchun manzilli va vaqtli seminarlar tashkil qilib turish kerak. Bu juda ham muhim. 

Yaqinda Farg`onaga qilgan tashrifim chog`ida «Bloger va internet jurnalistlarini o`qitish kerak!» degan gapim ayrim blogerlar tomonidan noto`g`ri talqin qilindi. Ko`ryapmizki, ayrim blogerlar noto`g`ri va yolg`on ma`lumotlar tarqatyapti, o`zining shaxsiy bloklarida emosiyaga berilib har xil andishasiz gaplar yozyapti. Ertaga mana shu gap-so`zlari uchun biror javobgarlikka tortilmasin, o`z ishining ustasi bo`lsin, xatolikka yo`l qo`ymasin degan maqsadda ularni o`qitib turish kerakligini aytgandim.

Shuningdek, jurnalistlardan yo`llangan savollarga partiya raislari tomonidan berilgan javoblarni ham qoniqarli deya olmayman. Aniq ma`lumot va asoslarsiz berilgan umumiy javoblar odamlar ishonchsizligiga sabab bo`ladi. O`ylaymanki, keyingi tadbirlar yanada saviyali bo`ladi.

Tadbirda partiya vakillari tomonidan sun`iylik va ortiqcha hatti-harakatlar ko`p sezildi. Partiya raislari odamlar ishonchini qozona oladigan ta`sirli nutq qila olmadi. Bahs-munozara yuzakilashib ketdi. Partiyalar qarama-qarshi kurashishi bilan o`z pozisiyasini himoya qilishi kerak edi. Milliy tiklanish partiyasi raisi Alisher Qodirov esa hamma partiyalar birlashib harakat qilishi, bir-birini qo`llab quvvatlashi kerakligini aytdi. Afsuski, agar partiyalar bir-birini qo`llab-quvvatlasa sog`lom raqobat va o`sish bo`lmaydi. Rivojlangan Evropa davlatlarida siyosiy partiyalar doimo bir-biri bilan raqobatlashadi, xatosini qidiradi va buning echimi bo`yicha qilgan ishlari uchun xalq ishonchiga sazovor bo`ladi. Qolaversa, partiya rahbarlari jurnalistlarning ko`plab savollariga qoniqarsiz javoblar qaytardi. Ayniqsa, nonning nega qimatlashgani, nega kontraktda o`qiydigan talabalar stipendiyasi bir xil qilib qo`yilgani, tadbirkorlar faoliyatiga bo`layotgan to`siqlar nega partiya tomonidan o`rganilmayayotgani va himoya qilinmayotgani kabi ko`plab izoh talab savollarga ishonarli javoblar bo`lmadi.

Alisher Qodirov o`z partiyasi dasturiga kiritilgan “kommunal to`lovlarni tabaqalashtirish” haqidagi g`oyasini ilgari surdi. Uning aytishicha, kommunal to`lovlar odamlarning topayotgan daromadiga qarab belgilanishi kerak ekan. Bu esa demokratik davlatlar uchun to`g`ri kelmaydi-ku. Harqanday to`lovlarda tenglik bo`lmasa, bu jiddiy ziddiyatlarga olib keladi.

P/S: Mazkur debatni “Sevimli” va “MY5” telekanallari orqali ko`rib, partiya va partiya raislarining faoliyatiga o`zingiz baho berishingiz mumkin.

Abduqodir Mo`minov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1