Toshkent shahrida 16-17 noyabr kunlari davomida 6 ta yong`in holati qayd etildi.
Bu yong`inlar xazon va chiqindilarni yoqish hamda tamaki chekish bilan bog`liq ekanligi aytilmoqda. Bu yong`inlarda insonlarning halok bo`lish va tan jarohati olish holatlari qayd etilmadi, deya xabar berdi Toshkent shahar Yong`in xavfsizligi boshqarmasi.
Shulardan eng yirigi 16 noyabr kuni soat 17:04da, Sergeli tumanidagi Qo`yliq 6-dahasi 9-uy 10-xonadon oshxonasida sodir bo`lgan. Unda 8 kv.m. maydon yongani qayd etilgan. Yong`in tezkor o`chirilishi natijasida ushbu xonadonning 35 kv.m. maydoni saqlanib qolingan. Yong`in o`chirish jangovar bo`linmalari chaqirilgan manzilga soat 17:11da etib borgan va ko`rilgan harakatlar natijasida yong`in soat 17:20da bartaraf etilgan.
Yong`in sigareta chekishda ehtiyotsizlik oqibatida sodir bo`lgan, deb taxmin qilinmoqda. Yong`indan keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Bu holatda 2 ta yong`in o`chirish texnikasi jalb qilingan.
Toshkent shahar Yong`in xavfsizligi boshqarmasi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob`ektlari rahbar, xodimlari, fuqarolardan yong`in xavfsizligi qoidalariga qat`iy rioya etishni so`raydi.