AsosiyJamiyat

Qamoqxonadan chiqqan xat: "Aybsiz holimga 7 yilu 100 kundan beri qamoqdaman..."

'Qamoqxonadan chiqqan xat: "Aybsiz holimga 7 yilu 100 kundan beri qamoqdaman..."'ning rasmi

"Aybdor sifatida nohaq qamalib, adolat qaror topishini kutayotganimga joriy yil 9 noyabr kuni 7 yilu 100 kun, boshqacha aytganda 2 ming 655 kun bo`ldi.

Davlatimizning bugungi kun siyosatidagi o`zgarishlar, xususan ilgari nohaqlik, boshqalarning manfaati yoki o`rnatgan tartibi yo`lida aybsiz aybdorga aylanganlarning qonuniy haq-huquqlarini tiklash borasidagi ishlar men kabi har bir daqiqasi javobsiz savollar bilan azobda o`tayotgan mahkumning qalbida umid uchqunlarini uyg`otdi.
Keyingi paytda O`zA saytining “O`zA minbari“ ruknida turli muammolar bilan murojaat qilgan fuqarolarning materiallari chop etilmoqda. Men ham shu bois O`zA ga qamalishim bilan bog`liq voqealar haqida murojaat qilishga qaror qildim.

Adolat qaror topishi yo`lida murojaatimni keng jamoatchilik, shu jumladan, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudiga havola etishingizni iltimos qilaman. Zero, men avvalo vijdonim, qolaversa, sud ishiga aloqador guvohlarning ko`rsatmalari, qaysidir ma`noda qamalishimga oid, lekin boshqa sud ishida aniqlangan haqiqatlarga muvofiq, mutlaqo aybsizman.

Tadbirkordan muttahamga, alaloqibat mahkumga aylanishim, aniqrog`i aylantirilishim bilan bog`liq voqealar 2004 yilda boshlandi. Aslida, 1995 yildan boshlab avtomobillar ehtiyot qismlari savdosi bilan shug`ullanardim. 2004 yilda “Namangan suv trans” mas`uliyati cheklangan jamiyatini soliqdan 400 million qarzi bilan oldim. Jamiyatda 230 kishi mehnat qilardi. 8 yilda davlatga 10 milliard soliq to`ladim. 2007 yildan boshlab korxonaga tekshiruvchilar kela boshladi. Mutaxassislar 2012 yilga qadar 3-4 oylab, hatto yillab korxonaning moliyaviy hujjatlarini o`rgandi. Lekin hech narsa topa olishmadi. O`sha paytlar tekshiruvchilardan “Yaqindagina tekshirib ketgan edingiz, yana nega tekshirish kerak bo`lib qoldi”, deb so`rardim. Ular “Tepaning topshirig`i, ayb topishimiz shart”, derdi. Endi bilsam, o`sha “tepa”dagilar degani sobiq viloyat Milliy xavfsizlik xizmati boshlig`i rahbarlik qilayotgan guruh ekan. Bu haqda keyinroq to`xtalaman...

Xullas, korxona faoliyatidan kamchilik topilmagach, ular boshqa yo`lga o`tdi. (Bu gaplarni ishonch bilan aytayotganim boisi, yaqin yillarda bo`lib o`tgan turli sud jarayonlarida bu haqiqatlar tasdig`ini topdi). Telefonimni eshitishdi. 2012 yilning iyun-iyul oylarida “Sayun” MChJ rahbari Ma`ruf To`raxo`jaevdan telefon orqali qarzimni, aniqrog`i uning firmasi nomidan bazaga topshirgan mahsulotim haqini so`radim. 2 avgust kuni beradigan bo`ldi. O`sha kun – 2012 yilning 2 avgust kuni Ma`rufdan qarzimni olayotgan paytimda meni hibsga olishdi. Keyinchalik, tergov-surishtiruv, sud jarayonlarida aniq bo`lishicha, men olgan pullar dorilangan, ya`ni pora ekan. Men esa boshqa bir tadbirkordan pora talab qilgan muttaham sifatida qamoqqa olingan ekanman.

2013 yilning 18 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Kosonsoy tumani sudi tomonidan mening ishim ko`rib chiqildi. Sudda Ma`ruf vijdon azobidanmi, boshqa sababmi bilmadim, har qalay meni poraxo`r emas, qarzimni so`raganim yuzasidan guvohlik berdi. Lekin sud guvohlikni emas, uning Milliy xavfsizlik xizmati bosimi ostida “pora talab qilmoqda” mazmunida yozgan arizasini inobatga oldi. Nima uchun sud bunday qaror qabul qilgani o`sha paytiyoq ma`lum bo`ldi. Ya`ni, sud raisi Muzaffar Qirg`izov mendan uzr so`rab, uni to`g`ri tushunishimni, shunday qilishga u majbur ekani, boshqacha bo`lgan taqdirda viloyat MXX uni yo`q qilishini aytib, yig`ladi. Men sudyani to`g`ri tushundim, u esa meni 17 yilga ozodlikdan mahrum qilish bo`yicha qaror chiqardi.

Aslida qilmagan jinoyatim bo`yicha adolat istab, viloyat sudiga appelyasiyaga berdim. U yoqda ham shunga o`xshash vaziyat takrorlandi. Sud ishi 8 marta kechiktirildi. Sababini so`rasam, “Seni bu holatda qamay olmaymiz, erta yo indin, unday bo`lmagan taqdirda oxiratda javobi bor buning. Shunday ekan bizni ham qiynamay, ular bilan kelish”, deyishdi. Axir qilmagan jinoyatim uchun ular bilan nimani kelishaman. Xullas, MXX aytganini qildirdi, qaror o`zgartirishsiz qoldirildi.

Yaqinda ushbu voqealarga ham 7 yil to`ladi. Oradan men uchun xuddi bir asrdan tuyulgan vaqt, uning har bir yili, oyi, kuni, daqiqa-yu soniyasi javobsiz savollar bilan yuragimni ezib keldi: xo`sh, kim, nima maqsadda, nima uchun?

Haytovur yaqin yillar – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan boshlangan adolatli siyosat tufayli bu savollarga javob topdim. Boya yodingizda bo`lsa, viloyat MXX rahbari boshliq guruh haqida so`z ochib, tafsilotini keyinroq yozishimni aytgan edim.

Gap shundaki, menga qarashli “Namangan suv trans” MChJning 6 gektar er maydoni mavjud edi. Joylashuvi jihatdan savdo-sotiqqa qulay. Ayni shu boisdan ham MChJ hududidan savdo nuqtalarini qurishni boshladim. Bu ishim men kabi bu joyni bozor qilishni mo`ljallagan boshqa tadbirkorlarga yoqmabdi. Xususan, tadbirkor Jobir Kamoliddinovning shunday niyati bo`lgan. Jobir erni mendan tortib olish uchun sobiq MXXda ishlagan G`ulomov degan odamga 50 ming AQSh dollari bergan ekan. G`ulomov bilan bog`liq sud jarayonlarida yuragimga nish bo`lib qadalib kelgan jumboqqa nihoyat javob topildi. G`ulomov 50 ming dollar pora evaziga viloyat MXXga meni qamatish bo`yicha topshiriq bergan. Oradan yillar o`tib bo`lsa-da, bu sirlar ochildi, adolat qaror topdi. Mening hayot yo`lim o`zanini boshqa tomonlarga burib yuborgan G`ulomov, shu jumladan, Kamoliddinov ham qamaldi.

Mana shularni eshitib, men kabi yuzlab nohaqliklar qurboniga aylangan odamlarning adolat tantanasini yuragimdan his etib, sobiq viloyat MXX rahbari Rustam, tergov bo`limi boshlig`i Shonazar Ergashev, iqtisod bo`limi boshlig`i Kamol Tumanov, yana Rustam degan tezkor xodim yuziga boqqim keladi. “Adolat ham, haqiqat ham, qonun ham biz. Xohlasak seni ochiqda, bo`lmasa yopiqda yo`q qilib yuboramiz”, deb aytgan odamlarning inson qiyofasiga qaytgan yoki qaytmaganini bilgim keladi.

Meni jinoyatchiga chiqarib, 17 yilga ozodlikdan mahrum qilgan sud hujjatlariga muvofiq, men Ma`rufdan pora talab qilganman va undan pulni olayotgan vaqtimda ashyoviy dalillar bilan qo`lga olinganman. Vaholanki, Ma`ruf o`z guvohligida buni inkor qilgan. Aslida mana shu haqiqatning o`ziyoq mening aybsizligimni tasdiqlaydi.

Sobiq MXX xodimi G`ulomovning sudida aybsizligimga oid yana bir fakt isbotlandi. Ya`ni, J.Kamoliddinov meni qamatish uchun G`ulomovga pora bergan. Mana shu asoslar mening ishimni qayta ko`rib chiqish, adolatni kech bo`lsa-da qaror toptirish uchun etarli deb o`ylayman.

Bu adolatni yuzaga chiqarish nafaqat men, balki oilam uchun ham juda zarur. Meni 7 nafar farzandim kutmoqda. To`g`ri, ularning moddiy tomondan qiyinchiligi yo`q, lekin ota mehriga tashna ular.

Katta o`g`lim Qutbiddin mening yo`limdan borib, tadbirkorlik bilan shug`ullanmoqda. 100 o`rinli bog`cha, 100 o`rinli maktab, o`quv kursi, savdo-sotiq ishlarini yuritayotir. 200 dan ortiq ishchisi bor. 2017 yil o`g`lim va oilam uchun unutilmas yil bo`ldi. Prezidentimiz Namangan viloyatiga tashrifi chog`ida o`g`limning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun 97 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratdi. Foizsiz berilgan ushbu kredit mablag`i evaziga o`g`lim “Grand Med” xususiy klinikasiga zamonaviy tibbiy jihozlar olib kelgan.

Bir so`z bilan aytganda, o`g`lim va oilam bilan tadbirkorlik borasida hali qiladigan ishlarimiz, rejalarimiz juda ko`p. Ayni paytda keng jamoatchilik va viloyat hokimi ham adolat qaror topib, tezroq ishimga qaytishimni xohlamoqda. Buni viloyat hokimining O`zbekiston Oliy sudi raisiga yo`llagan xatidan ham ko`rish mumkin:

...Jinoyat kodeksining vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini jinoiy tajovuzlardan qo`riqlash, fuqarolarni respublika Konstitusiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iboratligi, jinoyat sodir etgan shaxsga u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda etarli bo`ladigan huquqiy ta`sir chorasi qo`llanilishidan iborat ekanini e`tiborga olib, xulqi va mehnat faoliyati jamoatchilik tomonidan ijobiy tavsiflangan Obidov Jobir Toxirovichni kelgusida jamiyat, qolaversa viloyatimiz uchun zarur bo`lgan etakchi tadbirkor ekanligi munosabati bilan mazkur ishni har tomonlama va xolisona tekshirib, sud muhokamasida zimmasiga qo`yilgan ayblovga ob`ektiv baho berib, tayinlangan jazoni engilroq turiga o`zgarishga oid jamoatchilik fikrini e`tiborga olish so`raladi, viloyat hokimining xatida.

Prezidentimiz olib borayotgan oqilona siyosat insonparvarlik, inson hayoti, erkinligi, sha`ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlarining oliy qadriyat sifatida tan olinishi kabi umuminsoniy tamoyillarga asoslangan. Qonunga rioya qilmagan, biroq o`z qilmishining qonunga xilofligini anglab etgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan shaxslarga o`z oilasiga va jamiyatga qaytishi, ijtimoiy moslashish imkoniyatining berilayotgani kechirimlilik, rahmdillik va bag`rikenglikning amaldagi yorqin ifodasidir.

Prezidentimizning avf etishi natijasida minglab fuqarolar o`z oilasi bag`riga qaytmoqda.

Men ham shu yurtning fuqarosi sifatida albatta adolat qaror topishiga ishonaman. Mutasaddilar bu murojaatimga quloq tutishiga, mening ishim qaytadan sudda ko`rilishiga umidvorman".

O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, Obidov Jobir Tohirovich

 

    Boshqa yangiliklar