AsosiyIqtisodiyot

Namangan viloyati hokimi tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi

'Namangan viloyati hokimi tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi'ning rasmi

Namangan shahar hokimligida Namangan viloyati hokimining tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi. Unda hokim tadbirkorlarga murojaat etib, o`z faoliyatidagi barcha muammolarda hokimlikka bemalol murojaat qilishlari mumkinligini, kelgusida ularni qo`llab-quvvatlash yanada kuchaytirilishini ta`kidladi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xodimlari xabar berdi.

Endilikda halol ishlagan tadbirkorni hech bir davlat organi tekshirmaydi, har qanday munosabat tadbirkorlikka faqat va faqat yordamlashish nuqtai nazaridan quriladi. Xatoga yo`l qo`ygan taqdirda ham jazo emas, tuzatishga ko`maklashish prinsipi qo`llaniladi. Bundan buyon hokimlar Tadbirkorlar murojaatlarini ko`rib chiqish Bosh vazir qabulxonasining joylardagi vakillari bilan kunlik uchrashuv o`tkazadilar, har bir qilingan murojaatni hal etish bo`yicha tezkor ko`mak beradilar, - dedi viloyat hokimi.

Xalqni ham, davlatni ham boqadigan tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash, to`siqlarni butunlay olib tashlash har bir rahbarning asosiy vazifasi ekani davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosatning asosiy talabi hisoblanadi. Biroq, shunga qaramasdan, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish yo`lidagi barcha to`siq va g`ovlarga to`liq barham berilmagani, joylarda hokimliklar, davlat organlari idoralari tomonidan iqtisodiyotimizning ushbu muhim yo`nalishiga ba`zi holatlarda etarli e`tibor berilmayotgani e`tirof etildi.Ayniqsa, tadbirkorlarga er, bino va inshoot, kredit ajratish, xomashyo bilan ta`minlash, kommunikasiya tizimlariga ulanishga ruxsatnoma berishda byurokratiya kuchlilik qilayotgani tilga olindi.

Xayrullo Bozorov o`z murojaatnomasida dastlab Namangan viloyatida so`nggi uch yilda erishilgan natijalar hamda iqtisodiy-investision ko`rsatkichlarni tahlil qildi. Ta`kidlanishicha 2019 yil 10 oyligi davomida 3,8 trln.so`mdan ortiq kreditlar ajratilgan. Ushbu ko`rsatkich o`tgan yilga nisbatan 1,6 martaga ortgan. Sanoat, xizmat ko`rsatish va qishloq xo`jaligi yo`nalishida yangi quvvatlarni foydalanishga topshirish natijasida 20 mingdan ortiq yangi ish o`rinlari yaratilgan.

Kichik biznes viloyat yalpi ichki mahsulotining qariyb 80 foizini, sanoat mahsuloti hajmining 76 foizini, chakana savdo aylanmasining 88 foizini va qishloq xo`jaligi mahsulotining 98 foizini tashkil etmoqda. Ma`lumotlarga ko`ra joriy yilning 9 oyi davomida sanoat korxonalari tomonidan 6 trln. 385 mlrd. so`mlik sanoat mahsulotlari hamda 4 trln. 100 mlrd. so`mlik xalq iste`mol mollari ishlab chiqarilgan. 

Statistikaga ko`ra 2019 yilning o`tgan 10 oyi davomida viloyat bo`yicha jami 91 ta loyihada 224,1 mln. dollar miqdorida xorijiy investisiya mablag`lari o`zlashtirilgan. 2020 yigacha viloyatga jalb etiladigan xorijiy investisiya hajmini 500 million dollarga etkazish rejalashtirilmoqda. Hokim 2019-2022 yillarda 114,2 mln. AQSh dollari miqdorida investisiya loyihalari amalga oshirilishini ta`kidladi. 

Xayrullo Bozorov, bundan buyon taraqqiyot va farovonlikka faqatgina tadbirkorlikni rivojlantirish va qo`llab-quvvatlash orqali erishish mumkinligini, buning uchun tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning dardini eshitish va muammolarini tezkor hal etish har bir rahbar, har bir idora faoliyatining asosiy qoidasiga aylanishi lozimligini aytdi.

Boshqa yangiliklar