25

Rossiya gazetasining O`zbekiston haqidagi haqiqatlari

Jamiyat 06.12.2019, 09:55
1756
Rossiya gazetasining O`zbekiston haqidagi haqiqatlari

O`zbekiston Milliy Axborot agentligi rasmiy saytida Rossiya Federasiyasida chop etiladigan etakchi nashrlardan biri – “Moskovskiy komsomoles” gazetasining 2019 yil 3 dekabr sonida taniqli jurnalist Mixail Rostovskiyning mamlakatimizda kechayotgan islohotlarga bag`ishlangan “O`zbekiston olg`a ildamlamoqda” nomli maqolasining tarjimasi e`lon qilindi

Prezident Mirziyoev davri yilnomalari: qanday qilib sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari ichida eng yopiq hisoblangan davlatlardan biri jadal sur`atlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlardan biriga aylanmoqda.

Sobiq SSSR makonida Rossiyaning har doim ham qulay va til topishsa bo`ladigan bo`lmasa-da, biroq qudratli va ishonchli hamkor va ittifoqdoshlari ko`pmi? Ma`lumki, “bo`linmas ittifoq” 15 ta respublikani o`z ichiga olgan. Biroq yuqorida aytilgan ro`yxatni tuzish uchun bizga bir qo`limiz barmoqlari ham etadi. Moskva bilan muzokaralar chog`ida Qozog`iston doimo o`z manfaatlarini qat`iy himoya qilib keladi, lekin Nursulton Nazarboev sobiq ittifoq makonida doimo integrasiyaning bosh tashabbuskori bo`lib maydonga chiqadi. Aleksandr Lukashenkoning Kremlga nisbatan soxta va haqiqiy xafagarchilik va noroziliklari shunchalik odat tusiga kirganidan, ular deyarli jiddiy qabul qilinmay qo`ydi. Biroq Moskva va Minskning mudofaa sohasidagi hamkorligi tufayli mana bir necha o`n yillardan buyon belarus flangidagi chegaralarimiz mustahkam. Putin va Armanistonning amaldagi rahbari Nikola Pashinyanning shaxsiy munosabatlarida ko`pincha kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Lekin qo`shni Ozarbayjon bilan ko`p yillik, holdan toydiradigan darajadagi nizoga kirishgan Erevanning Rossiyadan boshqa suyangan tog`i yo`q. Bu kichkina ro`yxatimizga yana bir davlat qo`shilganini ma`lum qilishdan mamnunman. Bu yaqin vaqtgacha “yolg`iz sayr qilish”ni afzal bilgan, Markaziy Osiyodagi eng muhim mamlakat hisoblanadigan O`zbekistondir.

f74bc26c39963a20c7a0abfd8008826b.jpg

Samolyotimiz yarim tunda Xorazm viloyatining markazi Urganch shahrida qo`nishga shaylangan vaqtda o`zimiz uchun vip-zal buyurtma qilmaganimga uch karra afsuslandim. Uchish vaqtida tanish-bilishlarimizdan o`zbek chegara va bojxona xizmatlarining odatlari haqida eshitgan “qo`rqinchli” voqealarni sheriklarim bilan muhokama qildik va bir necha soat davom etadigan hamda odamning tinka-madorini quritadigan tintuvga tayyorlandik. Lekin qo`rquvimiz asossiz bo`lib chiqdi: hamma narsa xamirdan qil sug`urgandek o`tdi. Tashrifim so`nggida bu shunchaki baxtli tasodif emasligini tushunib etdim.

2016 yil kuzida mustaqil O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafotidan so`ng, ekspertlarning deyarli hech biri bu mamlakatda haqiqatdan ham muhim o`zgarishlar ro`y berishini mutlaqo kutmagan edi. Mintaqa bo`yicha mutaxassislar bir ovozdan 33 million aholiga ega mamlakatni Karimov rejimining davomi kutmoqda, deb bashorat qildi.

Biroq O`zbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoev skeptiklar fikrini butunlay yo`qqa chiqarishga muvaffaq bo`ldi. Respublikada jadal sur`atlar bilan kuni kecha ilojsizdek tuyulgan o`zgarishlar boshlandi. Karimov davrida Sovet Ittifoqiga xos juda ko`plab jihatlar saqlanib qolgan edi. O`zbekistonliklar o`z yurtini faqatgina “organlardan” chiqish vizasini olgandan so`ng tark etishi mumkin edi. Mamlakatning milliy valyutasi – so`mning doimo ikkita, bir-biridan farq qiluvchi ayirboshlash kursi, ya`ni noreal rasmiy hamda qora bozor kursi amal qilib, buning uchun hatto panjara ortiga o`tirish ham hech gap emas edi. O`quv yilining ilk oylarida maktab o`quvchilari va talabalar o`qish bilan emas, dalalarda paxta terimi bilan band bo`lardi. O`sha paytlarda bu erda Sovet Ittifoqidagi sobiq qardosh mamlakatlar bilan minalangan chegara nuqtalari ham uchrab turardi. Mirziyoev davrida bunday erish holatlar o`tmishda qoldi.

Keyinchalik Moskvada O`zbekistonning ikki Prezidenti bilan ham shaxsan tanish bo`lgan Rossiya amaldorlari bilan suhbatlashar ekanman, ikki davlat rahbarlarining xulq-atvor belgilarida ham keskin tafovut mavjudligiga e`tibor berdim. Har qanday suhbatdosh bilan muloqot chog`ida Islom Karimov asosan monolog shakliga urg`u berar edi. Shavkat Mirziyoev esa muzokaralarda o`zaro muloqotga alohida e`tibor qaratadi. Karimov o`ta yopiq va bosiqligi bilan ajralib turardi. Mirziyoev esa, aksincha, ochiq tabiatli inson sifatida e`tirof etiladi.

Biroq bu holatni chuqur o`rganganim sari, O`zbekistonning ikki rahbarini taqqoslash noo`rin ekaniga bo`lgan ishonchim yanada mustahkamlanardi. Karimovsiz Mirziyoev siyosiy maydonga chiqmagan bo`lardi. Mamlakatning qattiqqo`l Birinchi Prezidenti tomonidan asos solingan mustahkam siyosiy poydevor bo`lmaganda, ikkinchi Prezident hech qachon O`zbekistonning butun dunyo va Rossiyaga ochilishiga erisholmagan bo`lar edi.

Karimov qanday qilib O`zbekistonni qutqargan?

«Binoga qariyb 130 metr qolganda, ko`z o`ngimizda portlash yuz berdi, qandaydir buyumlar va mashina qismlari havoga uchdi. Prezident devoniga qaytish uchun mashinamni burdim. Bu bino terakt sodir bo`lgan joydan 600-700 metr narida bo`lishiga qaramay, u erda ham portlash oqibatida oynalar singan edi. Qo`rquvdan o`zini yo`qotib qo`ygan va sarosimaga tushgan odamlar ko`chaga yugurib chiqayotgan edi. Islom Abdug`anievich ularning yoniga borib, shunday dedi: «Xotirjam bo`linglar. Biz bu sinovni albatta engib o`tamiz...» Islom Abdug`anievich portlash joyiga yaqin Vazirlar Mahkamasiga qaytishga qaror qildi... Binoga kelgach, portlovchi moddalar bilan to`ldirilgan mashinalar portlashidan hosil bo`lgan ulkan chuqurni, portlash to`lqinidan singan oyna siniqlari bilan jarohatlangan odamlar, qisman vayron bo`lgan binolarni ko`rdik. Maydonda turib shaharning boshqa joylarida turli vaqt oraliqlarida ro`y berayotgan portlash ovozlarini eshitdik».

87c608315f3a3719681d80583fd5d534.jpg

O`zbekiston Birinchi Prezidentining qo`riqchisi Usmon Berdimurodovning bu hikoyasiga men Karimov fondida menga sovg`a qilingan xotiralar kitobida duch keldim.

Albatta, 1999 yilning 16 fevralida sodir bo`lgan, yuqorida zikr etilgan bir qator portlashlar kabi dramatik hodisalar O`zbekistonda mustaqillikning ilk yillarida har kuni ham yuz bermagan. Lekin bir narsaga shubha yo`q: 1989 yilning iyun oyida Islom Karimov O`zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi lavozimida ish boshlaganida, juda og`ir siyosiy va iqtisodiy merosga ega bo`lgan edi.

O`zbekiston Birinchi Prezidentining rafiqasi Tatyana Akbarovnaning dastxati bilan menga sovg`a qilingan xotira kitobini varaqlar ekanman, 90-yillar oxiri va 2000-yillar boshida O`zbekistonning Moskvadagi elchisi lavozimida ishlagan eski tanishim Shoqosim Shoislomovning quyidagi hiqoyasini o`qib qoldim: «1986 yil boshida Moskvada yoshi 35 yoshdan oshmagan 40 nafar kishidan iborat “yosh kadrlar zaxirasi”ni tuzish haqida qaror qabul qilindi. Markaziy Komitet tashkiliy bo`limi instruktori lavozimida ishlaganim uchun men ham bu ro`yxatga kiritildim. 1986 yil mart oyida bizga Vazirlar Kengashi raisining o`rinbosari, O`zbekiston SSR Gosplani raisi bilan uchrashuv bo`lishi haqida xabar berishdi. Oldimizga ko`rinishi yosh, tik qomatli bir kishi chiqdi. Bu Islom Abdug`anievich Karimov edi. U ortiqcha ehtirosga berilmagan holda, bosiqlik bilan bizga respublika iqtisodiyotining joriy holati haqida so`zlab berishini ma`lum qildi. So`ngra, qog`ozlarga qaramay, bir soatu qirq daqiqa davomida bizni sarosimaga tushirib qo`ygan ma`lumotlarni bayon qildi. Biz eshitganlarimizdan nafaqat o`zimizni yo`qotib qo`ydik, balki ruhan ezildik.

Ma`ruzachining fikrlaridan shunday ma`no kelib chiqardiki, O`zbekiston deyarli barcha sohalarda aholi jon boshiga nisbatan ko`rsatkichlar bo`yicha sobiq Ittifoqda oxirgi o`rinlarni egallardi. Zalga og`ir sukunat cho`kdi. Cho`zilib ketgan sukunat tufayli tug`ilgan noqulaylikni engish uchun, men guruh boshlig`i sifatida savol berdim: agar O`zbekistondagi vaziyat shunchalik og`ir bo`lsa, respublika rahbariyati qaerga qarayapti? Islom Karimov zalga diqqat bilan qarab: «Men ham buni bilishni istar edim», dedi.

Albatta, Islom Karimovning safdoshlarini marhum ustoziga nisbatan yon bosishda gumon qilish mumkin. Ammo ular tomonidan vaziyatga berilgan baho, Karimovga xushomad qilishdan hech qanday foyda ko`rmaydigan inson – O`zbekiston KP MK birinchi kotibi lavozimida undan oldin ishlagan Rafiq Nishonovning xotiralarida ham o`zining to`liq tasdig`ini topadi. Ikki siyosatchi o`rtasidagi munosabatlar samimiylikdan yiroq bo`lgan. O`z xotiralarida Nishonov Karimovning familiyasini tilga olmaslikka harakat qiladi. Ammo u o`zi respublika rahbari lavozimini egallagan qisqa – ya`ni bir yarim yillik davrda O`zbekistondagi vaziyatga bergan ta`rifining o`zi yaqqol bahodir: «Ishlarning holatini tahlil qilar ekanman, men har jabhada tanazzul izlarini ko`rardim. Muammolar qalashib ketgan, boshni changallashdan boshqa iloj qolmagan edi».

Afsuski, ushbu muammolar faqat O`zbekiston iqtisodiyotidagina to`planib qolmagan edi. SSSR hukm surgan so`nggi yillarda siyosiy beqarorlik to`lqinlari barcha respublikalarni to`la qamrab olgan edi. O`zbekiston ushbu to`lqinlar oldida nihoyatda himoyasiz qoldi. Respublikaning siyosiy elitasi ma`nan ezilgan, tushkunlikka yuz tutgan edi. «O`zbek ishi» degan soxta kampaniya bahonasida oliy bo`g`in rahbarlari qamoqqa olinar edi. 1989 yilda yaqindagina Ministrlar Sovetining rahbari bo`lgan shaxs ham, respublika partiya Markazkomining sobiq birinchi kotibi ham qamoqda saqlanayotganini aytishning o`zi kifoya. O`sha paytlarda bironta sobiq ittifoq respublikasida bunday og`ir vaziyat kuzatilmagan. Tobora kuchayib borayotgan siyosiy bo`shliq, ijtimoiy himoyasizlik, aholi sonining keskin ortib borishi va diniy ekstremistlar ta`sirining ortib borishi O`zbekistonda nosog`lom kuchlarning zo`ravonligi yuzaga kelishi uchun shart-sharoitlar yaratib berdi. Ana shunday zo`ravonlik holatlari sodir bo`ldi ham.

Rafiq Nishonov Islom Karimovning O`zbekistonning partiya rahbari lavozimiga tayinlanishidan bir necha kun oldin sodir bo`lgan voqealarni shunday tasvirlaydi: «3 iyun kechki payt mehmonxonada hayotimdagi eng dahshatli qo`ng`iroqlardan biri chalindi. Menga Farg`onadan telefon qilib, Toshloq, Komsomolskiy posyolkalarida, Marg`ilon shahrida janjal-to`polonlar sodir bo`layotgani haqida xabar qilishdi. Bir necha soatlardan beri mesxeti turklar qirg`ini davom etar edi. Uyushgan yoshlar to`dalari uylarga bostirib kirar, talonchilik, zo`ravonlik qilar, yovuzlarcha odam o`ldirar, uy-joylarga o`t qo`yar edi. Bosqinchilik «Turklar, O`zbekistondan yo`qollaring» degan hayqiriqlar bilan davom etar edi. Bir kun o`tgach, SSSR ichki ishlar vaziri Vadim Viktorovich Bakatin bilan birga Farg`onaga jo`nab ketdim. Bakatin bilan birga talofat etgan tumanlarni ko`zdan kechirar ekanmiz, yo`lda yuk mashinasiga chiqib olgan yigitlarni uchratar edik, ular qo`llarida tayoq, montirovka, yonadigan moddali butilkalar va hatto qurol ham tutib olgan edi. Holbuki, eng xavfli uchastkalarga ichki ishlar jangchilari qo`yilgan edi».

SSSR tarqalgan paytda O`zbekiston uchun siyosiy nuqtai nazardan ayniqsa o`ta inqirozli vaziyat vujudga keldi. 1991 yil dekabrida rasmiy davlat tuzilmalari aholi soni bo`yicha O`zbekistonda ikkinchi shahar hisoblanadigan Namanganda vaziyatni qo`ldan boy berdi. Hokimiyat amalda o`zini «amir» deb e`lon qilgan 23 yashar Tohir Yo`ldoshev boshchiligidagi radikal aqidaparastlar qo`liga o`tdi. Eshitishimga qaraganda, Karimov darhol Namanganga uchib kelgan, mutaassib to`da markaziga kirib borgan, Yo`ldoshevning qo`lidan mikrofonni tortib olgan va «Odamlar, ishonmang!» deb qichqirgan ekan. O`zbekiston Prezidenti kam sonli qo`riqchilari bilan «Yak-40» samolyotida ekstremistlar egallab olgan shaharga etib kelib, aholi va radikal oqim etakchilari bilan muzokaraga kirishgan va siyosiy jihatdan ustunligi bilan asta-sekin ularni enggan.

Mo``jiza tufayli saqlanib qolgan, o`sha voqealar muhrlangan videoyozuvlardan ko`rinadiki, Islom Karimov Tohir Yo`ldoshni «uka» deb ataydi va ekstremistlar bilan vazmin ohangda muloqot qiladi. O`ylaymanki, uning suhbatdoshlari keyinchalik ushbu davomli suhbatni ko`p eslashgan bo`lsa kerak.

Rasmiy Toshkentning yashirin ekstremistlar bilan kurashi uzoq va mashaqqatli kechdi. Ammo Karimov kuch ishlatishni siyosiy vositalar bilan hamohang olib borish orqali nafaqat o`z yurtida, balki boshqa hududlarda ham vaziyatni o`zgartirishga muvaffaq bo`ldi. O`rta Osiyodagi beqarorlikka qarshi kurashda O`zbekiston Birinchi Prezidentining roli haqida Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro aloqalar institutining Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi rahbari Irina Zvyagelskaya shunday deydi: «SSSR tanazzulga yuz tutib, Tojikistonda fuqarolar urushi boshlangach, rasmiy Moskva avvaliga bu voqeaga aralashishni istamadi. Rossiyaning rahbar doiralarida, ushbu sobiq sovet respublikasida demokratlar kommunistlar bilan jang qilayapti, degan qarash hukmron edi.

Islom Karimovning Moskvaga tashrifi vaziyatni tubdan o`zgartirib yubordi. O`zbekiston Prezidenti Elsinga muxolifatning aksariyati hech qanday «demokrat» emas, balki haqiqiy aqidaparast ekanini tushuntira oldi. Shundan so`ng Tojikistonda joylashgan, Moskvaga bo`ysunuvchi 201-chi diviziya ekstremistlar bilan keskin jangga kirishdi. Karimov tufayli Markaziy Osiyoda «domino» effektining oldi olindi. Mintaqani to`liq beqarorlashtirish xavfi yo`qoldi».

O`zbekistonning Birinchi Prezidentidan minnatdor bo`lish uchun, o`ylaymanki, shuning o`zi ham etarli. 2016 yil sentyabrida Islom Karimov vafotidan so`ng Vladimir Putin u haqda shunday degan edi: «U menga xayrihox munosabatda edi. Islom Abdug`anievichning yoshi mendan kattaroq edi, shu sababli shaxsiy muloqot paytida u menga ismimni aytib, «sen» deb murojaat qilardi. Bunda allaqanday samimiyat, insoniy yaqinlik va iliqlik bor edi».

Islom Karimov O`zbekistonda barpo etgan rejimning kamchiliklarini to`liq anglagan holda, men nima sababdan Putin u bilan shunchalik ta`sirchan, chin ko`ngildan vidolashganini tushungandayman.

Yangi davr kunlari

O`zbekistonning ikkinchi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning siyosat maydonida birinchi marta paydo bo`lishi 1991 yilga borib taqaladi. O`sha paytdagi O`zbekiston Oliy Soveti Islom Karimovga to`liq sadoqatli emasdi. Parlament sessiyalaridan birida bir guruh muxolifatchilar o`ziga xos pinhona fitna uyushtirishga – Prezidentni o`z lavozimidan bo`shatishga ham urinib ko`radilar. Karimov haqidagi xotiralar kitobida qayd etilishicha, o`sha paytda Oliy Sovetda Mandat komissiyasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan Shavkat Mirziyoev isyonchilarga “keskin zarba berganlardan” biri bo`lgan.

Keyingi yildan bo`lajak Prezidentning O`zbekiston ijro hokimiyati tizimida xizmat pillapoyalaridan bir tekis, ayni damda tez sur`at bilan o`sish davri boshlanadi. Avvaliga u Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutining birinchi prorektori lavozimidan poytaxt tumanlaridan birining rahbari vazifasiga tayinlanadi. 1996 yilda Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyati hokimi darajasiga ko`tariladi. 2001 yilda Samarqand viloyatiga ayni shunday lavozimga tayinlanadi. Va nihoyat, 2003 yilda bo`lg`usi Prezident respublika Bosh vaziri etib tayinlanadi.

Dunyoning aksariyat mamlakatlarida hukumat rahbari lavozimi – eng asosiy va muhim lavozim sanaladi. O`zbekiston ham bundan mustasno emas. Lekin uning mustasnoligi shunda ediki, Karimov davrida Bosh vazir o`zining siyosiy xususiyatlarini ommaviy namoyish etish huquqiga ham, imkoniga ham ega emasdi. O`sha yillari Toshkentga tashrif buyurgan Moskvaning yuqori mansabdorlari menga hatto yopiq muzokaralarda ham respublika Bosh vaziri oldindan tayyorlab qo`yilgan matnni o`qib berishga majbur bo`lgani haqida so`zlab berishgan edi.

2016 yilda Islom Karimov vafotidan so`ng Shavkat Mirziyoev o`zining siyosiy salohiyatini yaqqol namoyon etish imkoniyatiga ega bo`ldi. U avvaliga Prezident vazifasini bajaruvchi, so`ngra xalq tomonidan O`zbekiston Prezidenti etib saylanadi.

Davlat rahbari sifatidagi qat`iy pozisiyasini bilish maqsadida Shavkat Mirziyoevning so`nggi bayonotlaridan birini olaylik: “Biz xalqimizni rozi qilishimiz, xalq bilan, insonlar bilan bevosita muloqotda bo`lishimiz kerak. Bugun hech kimning kechagidek ishlashga haqqi yo`q. Mahdudlik, korrupsiya, oshna-og`aynigarchilik ishga hech qanday yordam bermaydi... Shahar va tumanlarning ko`pgina hokimlari eskicha uslubda ishlashni davom ettirishni xohlaydi. Agar ular xalqni rozi qilmasa, ularning oyog`i erdan uzilgan bo`lsa, bilingki, biz ularni ishdan bo`shatishga majbur bo`lamiz... Toki hayot bor ekan, biz orzu qilishdan, maqsadimiz sari olg`a borishdan to`xtamaymiz. Biroq sen rahbar sifatida xalqqa xizmat qilishga bel bog`lagan ekansan, ishga putur etkazadigan barcha masalalarni orqaga tashlashing kerak... Bitta noto`g`ri bosilgan qadam oyog`imizga kishan bo`ladi, igna bilan quduq qazigandek qiyinchilik bilan erishgan obro`yimizga katta zarar etkazadi”.

Gorbachyov va Elsinning ko`plab balandparvoz, biroq hayot voqeligiga to`g`ri kelmaydigan nutqlari rossiyaliklarda “xalqqa xizmat qilish” mavzusidagi quruq gaplarga nisbatan ma`lum bir istehzo kayfiyatini paydo qilgan edi. Biroq Shavkat Mirziyoev o`zbek amaldorlari uchun butunlay yangi bo`lgan siyosiy madaniyatni singdirishga harakat qilgan holda, faqatgina “ishdan bo`shatish” bilan po`pisa qilmayapti. U shaxsan o`ziga yaqin bo`lgan kishilar haqida gap borganda ham ushbu va`dasini bajaradi. Bo`lajak Prezident Samarqand viloyati hokimi bo`lgan davrlarda professional iqtisodchi bo`lgan Zoir Mirzaev moliya boshqarmasi boshlig`i lavozimida ishlagan edi. Bir necha yildan so`ng Mirzaev ancha ko`tarilib ketadi. U Karimov tomonidan Samarqand viloyati hokimi etib tayinlanadi. Keyinchalik yangi Prezident Mirziyoev esa unga qishloq va suv xo`jaligi vaziri – Bosh vazir o`rinbosari lavozimini ishonib topshiradi.

Prezidentning doimo e`tiborida bo`lib kelgan bu kadrning karerasi 2018 yil oktyabrga kelib to`satdan to`xtab qoldi. Zoir Mirzaev Toshkent viloyatining Oqqo`rg`on tumaniga tekshiruv tashrifi chog`ida bug`doyni sug`orish sifatidan ko`ngli to`lmaydi. Bosh vazir o`rinbosari “beparvo qishloq xo`jaligi xodimlarini tarbiyalash” maqsadida ularning olti nafariga suv bilan to`ldirilgan ariqqa tushib, og`ir toshlarni ko`targan holda, qator bo`lib turishni buyuradi. Oldingi mezonlarga ko`ra, bu xatti-harakatda hech bir uyatli, hatto e`tiborga loyiq narsa yo`q. Sovet davrida oliy martabali boshliqlar ko`pchilikning oldida qo`l ostidagilarni nafaqat haqoratlash, balki byurokratik til bilan aytganda, ularga nisbatan “jismoniy choralar ko`rish”ga ham odatlanib qolgan edi. Biroq ariq va toshlar bilan bog`liq voqea boshqacha yakun topadi. Voqea aks etgan fotosurat Internetda paydo bo`lganidan so`ng Prezident Mirzaevni o`z vazifasidan bo`shatadi.

Qariyb bir yil davomida olis bir tuman hokimi lavozimida ishlagan Zoir Mirzaev “siyosiy jihatdan obro`-e`tiborini tiklaydi”: viloyat hokimi vazifasiga tayinlanadi. Bu Shavkat Mirziyoev kek saqlamasligidan va xatoga yo`l qo`ygan qo`l ostidagi xodimlarga ikkinchi bor imkoniyat berishga tayyor ekanidan dalolatdir. Bu O`zbekiston Prezidenti mamlakatni modernizasiya qilishga kirishganidan so`ng duch kelgan tizimli muammo – malakali, ishonchli va yangicha boshqaruv kadrlar tanqisligining ko`rinishi edi. Bu holat ayniqsa ko`proq kuch tizimlariga taalluqli edi. Shavkat Mirziyoev ularning xulqi haqida gapirganda, “Prokurorlar – eng asosiy o`g`rilardir!” deb tortinmay aytadi. Kezi kelganda, hozirgi kunda O`zbekistonning ikkita bosh prokurori qamoqda ekanligini aytish joiz. Rashid Qodirovga korrupsiya va xizmat burchini suiiste`mol qilganlik uchun o`n yil, Ixtiyor Abdullaevga – jinoiy to`dani tashkillashtirgani uchun o`n sakkiz yil qamoq jazosi belgilandi. Shunisi qiziqki, 2018 yilda prokuraturadan ketib hibsga olingunga qadar Abdullaev bir yildan ortiq vaqt davomida O`zbekistonning asosiy maxsus xizmati – Davlat xavfsizlik xizmati rahbari lavozimida faoliyat yuritgan.

Shu yilning kuzida O`zbekistonga uyushtirgan birinchi tashrifimdan ko`zlangan maqsad – mamlakatning madaniy va tarixiy diqqatga sazovor joylarini ko`rish edi. Ularni ta`riflashga til ojiz. O`rta asr shahri bo`lmish Xiva va uning minoralari, koshona va karvonsaroylari ajoyib tarzda saqlangan. Uni “Ming bir kecha” ertagiga qiyoslash mumkin. Qoraqalpog`istonning qadimiy qal`alari kishini yo`qolib borayotgan sivilizasiyalar haqida fikr yuritishga undaydi: ushbu azim inshootlardan ayrimlarining yoshi ikki yarim ming yildan oshadi. Samarqandning Islom Karimov nomidagi markaziy prospektidan burilib, shaharning tor ko`chalariga kirish mumkin. Tarixiy Buxoroning betakror muhitini, bu go`zal maskanni tark etish nechog`lik og`ir bo`lganini ifodalash mushkul. Bularning bari tashrif chog`ida qalbimda xush kayfiyat uyg`otdi.

Shu bilan birga, men O`zbekistonda jadal sur`atlar bilan modernizasiya jarayoni ketayotganining ham guvohi bo`ldim. Bir tomondan, Shavkat Mirziyoev uch yillik rahbarligi davomida ancha ko`p ishlar amalga oshirilgan. Ko`plab keraksiz to`siqlarning bekor qilinishi tufayli respublikada mutlaqo boshqacha muhit shakllanmoqda. Mamlakat poytaxti Toshkent ulkan qurilish maydonini eslatadi. O`zbekistonning qadimiy shaharlari xorijiy sayyohlar bilan gavjum. Boshqa tomondan esa, O`zbekiston oldida hali amalga oshirilishi kerak bo`lgan ko`p ishlar turgani ko`rinib turibdi.

Prezident Mirziyoev tez orada O`zbekiston paxta yig`imi mexanizasiyalashga o`tishini va`da qildi. Biroq bizning tashrifimiz paytida dalalar paxtani eskicha usulda – qo`lda terayotgan xotin-qizlar bilan to`la edi. Urganchdan Buxorogacha avtomobilda 420 kilometrlik sayohatimiz davomida yo`lning ayrim qismlari dunyoning eng obod shosselariga o`xshar, ba`zi qismlari esa o`nqir-cho`nqirlar bilan to`la edi.

Shavkat Mirziyoev oldida turgan vazifaning qanchalik murakkabligini noyabr oyida Samarqandda bo`lib o`tgan "Valday" xalqaro munozara klubining Osiyo konferensiyasida angladim. Klub qoidalariga ko`ra, kim nima deganini so`zma-so`z aytib berishga haqqim yo`q. Shuning uchun sizlarga faqatgina menda chuqur taassurot qoldirgan rossiyalik ekspert nutqining mazmunini etkazaman. Iqtisodiy modernizasiyaning yakuniy maqsadi nimadan iborat? To`ppa-to`g`ri, iqtisodiyot yuksalishining eng yuqori sur`atlarini imkon qadar generasiya qilishdan. Biroq Sharqning ba`zi davlatlaridagi islohotlar tajribasi shuni ko`rsatadiki, iqtisodiyotning jadal rivojlanishi doim ham mamlakatdagi umumiy holatni yaxshilashning kaliti bo`la olmaydi. Mehnat unumdorligining oshishi ish o`rinlarining bo`shashiga olib keladi. Ishsizlar esa ekstremistik kayfiyatning kuchayishi uchun ideal muhitni shakllantiradi. Shu sababli nafaqat iqtisodiyotning yuksalishini ko`zlash, balki iqtisodiy yuksalishni ijtimoiy barqarorlikni saqlash bilan uyg`unlashtirish muhim ahamiyatga ega.

O`zbekiston uchun bunday ehtiyotkor va puxta o`ylangan yondashuv mutlaqo zarur hisoblanadi. Respublika aholisi sonining o`sishi borasidagi statistikaga nazar tashlasak: 1950 yil – 6,3 million; 1991 yil – 20,7 million, 2019 yil – 33,5 million. Ta`kidlash joiz, ulardan ikki millionga yaqini Rossiyada yashab, mehnat qiladi. Islom Karimov ularga nisbatan salbiy munosabatda edi. Shavkat Mirziyoev esa bu masalaga pragmatik yondashadi. Rossiyalik xabardor mansabdor shaxslarning so`zlariga ko`ra, Shavkat Mirziyoev bu masalaning hozirgi holati O`zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni saqlash uchun katta madad ekanini yaxshi tushunadi. Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Prezidenti bo`lgach, rasmiy Toshkentning Moskvaga nisbatan munosabati mutlaqo o`zgardi. Islom Karimov davriga xos ehtiyotkorlik va o`zini yiroqroq tutishga harakat qilishdan voz kechib, yaqin aloqalarni tiklash vaqti keldi.

To`g`risini aytganda, "tiklash" so`zi bu erda noo`rin bo`lsa kerak. Aslida tiklaydigan hech narsa yo`q. Axir Sovet Ittifoqi paytida sodir bo`lgan voqealar SSSRda qoldi. Shuning uchun Rossiya – O`zbekiston hamkorligining mutlaqo yangi asosi paydo bo`ldi, desak, to`g`riroq bo`ladi. Lekin ochig`i, "yangi asos" qanday bo`lishi hali noma`lum. Hozirga paytda Moskva – Toshkent munosabatlarida barchani eng ko`p qiziqtiradigan savol – O`zbekiston ODKB, ya`ni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti mudofaa blokiga va EvroOsiyo iqtisodiy kengashiga a`zo bo`ladimi yo yo`qmi? Moskva voqealarning bunday rivojidan manfaatdorligini yashirmaydi. Men buni tushunaman, hatto qo`llab-quvvatlayman, biroq bir shart bilan. Karimov davrida O`zbekiston ikki marotaba KXShTga a`zo bo`lgan va a`zolikdan chiqqan. Bu borada EvroOsiyo iqtisodiy kengashi o`tmishdoshining ko`proq omadi keldi: unga nisbatan "kirish-chiqish" operasiyasi bir marotaba amalga oshirilgan. Bularning barchasi salbiy bir voqelikni aks ettiradi, uning qaytarilishiga esa hech ham yo`l qo`yish kerak emas.

Agar Markaziy Osiyodagi eng kuchli davlat – O`zbekiston Rossiya shafeligidagi integrasion tuzilmalarga qaytsa ham, buning sababi Toshkentning Moskvaning "ko`nglini ko`tarish" istagi emas, balki bunday qadam mamlakat manfaatlariga to`liq mos kelishini anglashi bo`ladi. Voqealarning bunday rivoji muqarrar emas, ammo yuz berishi mumkin. Albatta, ko`plab masalalarni, ayniqsa xavfsizlik sohasidagi masalalarni Moskva va Toshkent ikki tomonlama munosabatlar doirasida ham hal etishi mumkin. Biroq iqtisodiyot haqida so`z borganida, munosabatlar doirasi juda tor va kichik bo`lib qoladigandek tuyuladi... Misol uchun, O`zbekiston o`zi uchun yirik Rossiya bozorini ochish tarafdori. Ammo Rossiya EvroOsiyo iqtisodiy kengashi a`zosidir. Shu sababli u ba`zi masalalarni iqtisodiy kengashning boshqa a`zolari bilan maslahatlashmasdan o`zi hal qila olmaydi. Keling, podadan oldin chang chiqarmaylik. Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoev tez-tez va yaqin muloqot qilib turadi. Ishonamanki, ular o`zaro manfaatli bir qarorga kela oladi.

Samarqanddan Toshkentga tezyurar poezd deyarli jo`nab ketishidan avval, men Islom Karimovning ish kabinetiga kira olish imkoni borligini bilib qoldim. Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Prezidenti etib saylanganidan so`ng, O`zbekiston Birinchi Prezidentining ishchi qarorgohini muzeyga aylantirish haqida qaror chiqardi, o`zi esa vaqtinchalik Senat binosida joylashdi. Kech tushayotganiga qaramasdan, qarorgohni ko`rishga bo`lgan ishtiyoqimni sezib, qabul qiluvchi tomon menga Islom Karimovning ish kabinetini ko`rsatishga harakat qildi. Nihoyat, mening oldimda Toshkent markazidagi Oqsaroy qarorgohi darvozalari ochildi. To`g`ri, saroyni to`la ko`zdan kechirishga muvaffaq bo`lolmadim: O`zbekiston Birinchi Prezidentining ortiqcha hashamlardan xoli ish kabinetida ham, uning o`zbek tilida bemalol gaplasha oladigan yordamchisi Georgiy Kraynov ko`p yillar davomida ishlagan qabulxonada ham ekspozisiyani montaj qilish ishlari olib borilayotgan ekan.

Ertasiga xuddi shunday voqea O`zbekiston davlat san`at muzeyida sodir bo`ldi. Muzey binosiga go`zallik va nafosatga oshno bo`lish niyatida yaqinlashganimda, eshikdagi "qayta ta`mirlash uchun yopilgan" degan yozuvga duch keldim. Avvaliga biroz ranjidim, ammo keyin aslida omadim kelganini tushundim. Endi mening Toshkentga yana safar qilishimga sabab bor – kelib Islom Karimov memorial majmuasini, san`at muzeyini hamda ayni vaqtda Alisher Usmonov tomonidan qurilayotgan muhtasham Islom sivilizasiyasi markazining muhtasham qiyofasini ko`rishim mumkin.

SSSR parchalanganidan keyin o`tgan chorak asr davomida rossiyaliklar Toshkent non shahri ekanligini unutgani yo`q, biroq bu "non shahri" ular uchun ko`p jihatdan yopiq edi. Endi esa Toshkent yana barchaga o`z eshiklarini ochmoqda.

Mixail ROSTOVSKIY

Шарҳлар