Ijtimoiy tarmoqda uch nafar o`quvchi tomonidan kaltaklanayotgan o`quvchi videosi tarqalgan edi. Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, mazkur holat 2 dekabr kuni Shayxontohur tumanidagi 254-umumiy o`rta ta`lim maktablaridan birida sodir bo`lgan.
Maktabning 8-“B” sinf o`quvchilari R.R., A.M., A.O., S.M. va A.K. sinfda o`zaro joy talashib, bir-birini haqoratlagan. Tanaffus vaqtida maktab binosining 3-qavat koridorida uch nafar o`quvchi R.R., A.O., A.M. o`quvchi A.K.ni urgan. Mazkur holatni S.M. o`quvchi R.R. bergan uyali telefon apparatiga videotasvirga olgan. Ushbu tasvirga olingan videoni R.R. ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.
Xabarda aytilishicha, Xalq ta`limi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati xodimlari aralashuvi bilan mazkur holatga Shayxontohur tuman IIO FMB inspektori jalb etildi. Maktab ma`muriyati, o`qituvchilar va ota-onalar o`rtasida surishtiruv ishlari olib borildi. Voyaga etmagan huquqbuzarlar R.R., A.O. va A.M. ota-onalariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 47-moddasi tartibida chora ko`rish uchun to`plangan hujjatlar Shayxontohur tumani Voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha komissiyasida ko`rib chiqish uchun yuborildi.
Shayxontohur tumani Voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha komissiyasi mazkur ishni o`rganib chiqdi va 5 dekabr kuni yuqorida nomlari ko`rsatib o`tilgan o`quvchilarning ota-onalari N.R.Muxitbekova, R.K.Mirzaev, O.O.To`raev va F.M.Tursunovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi 1-qismiga binoan jarima jazosi tayinlandi.
Shu bilan birga, R.Muxitbekovani onalik huquqidan mahrum qilish bo`yicha sudga da`vo arizasi kiritiladi.
Voyaga etmagan o`quvchi R.R. ni ixtisoslashgan maxsus muassasaga joylashtirish bo`yicha hujjatlar tayyorlash ishlari boshlandi.
Eslatib o`tamiz, farzand tarbiyasiga birinchi o`rinda ota-onalar mas`ul. Ota-onalardan farzandlarini atroflaridagi odamlarga hurmat bilan munosabatda bo`lishni o`rgatishni so`raymiz.
Shu bilan birga, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Hujjat loyihasiga ko`ra bolalarni tarbiyalash va ularga ta`lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, xususan bolalarning majburiy ta`lim olishiga ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to`sqinlik qilganlik uchun jarima miqdorini oshirish taklif etilmoqda.