1

Davlat rahbari ilgari surgan dolzarb g`oyalar yangi vazifalarni belgilab berdi

Siyosat 09.12.2019, 12:12
Davlat rahbari ilgari surgan dolzarb g`oyalar yangi vazifalarni belgilab berdi

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag`ishlab o`tkazilgan tantanali marosimda Davlatimiz Rahbarining ma`ruzasi shaxs, jamiyat va davlat hayotiga molik dolzarb masalalarga bag`ishlanganligini ta`kidlab o`tish joiz.

Ma`ruzada ilgari surilgan ustuvor g`oyalar va dolzarb vazifalarning ahamiyati haqida IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari o`z munosabatini bildirishdi:

Zafar Jumanov, Institut boshlig`ining o`rinbosari, podpolkovnik:

– Prezidentimiz o`z nutqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yo`lida og`ishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirishlozimligi masalasiga alohida e`tibor qaratdi.

Darhaqiqat, barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar singari ichki ishlar organlarini ham xalqchil davlat idorasiga aylantirish hamda har bir xodimning xizmat faoliyatini xalq manfaatlari yo`lida safarbar etish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Ta`kidlash joizki, o`tgan uch yil mobaynida mamlakatimizda Yurtboshimiz tashabbuslari bilan ichki ishlar organlari faoliyati samadorligini oshirish, uni mutlaqo yangi zamonaviy bosqichga ko`tarish, aholiga o`z vaqtida va sifatli yordam ko`rsatadigan, har bir xodim “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni o`z xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yo`naltirilgan professional tuzilmaga aylantirishga qaratilgan keng ko`lamli amaliy ishlar ro`yobga chiqarildi. 

Ichki ishlar organlari jazolovchi, nazorat qiluvchi organdan fuqarolarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan, jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib boradigan, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradigan xalqchil organga aylandi.

Aholi bilan doimiy manzilli muloqot o`rnatish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish, ichki ishlar organlari rahbarlarining xalq vakillari oldida, profilaktika inspektorlarining mahalla fuqarolar yig`inlarida hisobot berish tizimi yo`lga qo`yildi. 

Davlatimiz Rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifa sohada faoliyat yuritayotgan har bir xodimdan muammolarni kabinetda o`tirib emas, balki xalq orasida yurib aniqlashga va ularning echimini topishga qaratishni taqozo etadi. 

Shaxnoza Vaxabova, Institut bo`lim boshlig`i, podpolkovnik:

– Ma`ruzada ayollarning jamiyatdagi o`rni va nufuzini yanada mustahkamlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Darhaqiqat, ayol har qanday e`zoz va ehtiromga munosib zot. Shu bois ayolni, onani e`zozlagan yurtning qudrati ortib boraveradi, kelajagi buyuk va nurafshon bo`ladi.

So`nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, qonuniy huquq va manfaatlarini ta`minlash, salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri sifatida belgilanib, bu borada keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Xotin-qizlar va erkaklar o`rtasida tenglikni mustahkamlashga qaratilgan qonun hujjatlari qabul qilinmoqda.

Davlatimiz Rahbarining ma`ruzasidakeyingi paytda ko`plab ayollarimiz davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, moliya-bank, ta`lim-tarbiya, sog`liqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalarda mas`ul rahbarlik lavozimlariga ko`tarilayotganliklarini bejizga e`tirof etilmadi. 

Eng avvalo, mehr-oqibatli, oqko`ngil ayollarga mutlaqo yarashmaydigan salbiy illatlar, ya`ni, xotin-qizlar o`rtasida huquqbuzarliklar, shu jumladan odam savdosi, oilaviy ajrimlar, o`z joniga qasd qilish holatlarining oldini olishimiz, buning uchun xalqimiz orasiga kirib ular bilan samarali muloqot o`rnatishimiz, opa-singillarimizni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish yo`llari haqida bosh qotirishimizni taqozo etadi.

Institutimiz jamoasi aholi o`rtasida o`tkazilayotgan targ`ibot ishlarida, ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirish bo`yicha o`quv yig`inlarida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to`g`risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida”gi qonunlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga alohida e`tibor qaratamiz. 

Ulug`bek Rasulev, Institut Jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta`minlash kafedrasi boshlig`i, polkovnik:

– Muhtaram Prezidentimizning nutqida o`tgan uch yilda 9 ming 692 nafar, shu jumladan bu yilda 5 ming 868 nafar shaxs O`zbekiston fuqaroligiga qabul qilinganligiga alohida e`tibor qaratildi.

Darhaqiqat, fuqarolik konstitusiyaviy va ma`muriy huquq institutlaridan biri bo`lib, odatda u Konstitusiyada yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda o`z aksini topadi. O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi shaxs bilan davlatning doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi, bu aloqa ularning o`zaro huquqlari va burchlarida ifodalanadi.

Davlat fuqaroning huquqlari va erkinliklarini tan oladi va kafolatlaydi, chet elda himoya qiladi, o`z fuqarolariga saylov va saylanish, referendumlarda ishtirok etish hamda davlat lavozimlarini egallash kabi huquqlarni beradi. O`z navbatida, fuqarolar davlatning qonunlariga so`zsiz rioya qiladi va ularga tegishli bo`lgan majburiyatlarni bajaradi.

Ushbu huquq va majburiyatlar fuqaroning siyosiy-huquqiy maqomini, uni chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslardan farq qilishini anglatadi.

Aziz Toshmatov, Institut katta o`qituvchisi, podpolkovnik:

– Prezidentimiz tashabbuslari bilan jinoyat sodir etganlarni, jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon bo`lib, tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan mahkumlarni afv etishi, Jasliq qo`rg`onidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopilgani hamda “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik amaliyotlari doirasida qurolli mojarolar maydonidan asosan ayollar va bolalarni yurtimizga qaytarib kelingani Bosh qomusimizda belgilangan bag`rikenglik siyosatining amaliy namunasi hisoblanadi. 

Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o`tayotgan mahkumlarni afv etish yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining, xalqimizga xos kechirimli bo`lish, olijanoblik va mehr-muruvvat ko`rsatish kabi ezgu fazilatlar namoyon bo`lganining amaliy ifodasidir. 

Sherali Anvarov, Institut katta o`qituvchi-metodisti, podpolkovnik:

– Davlatimiz rahbari o`z nutqida “Konstitusiya va qonun ustuvorligi – farovon hayot garovi” degan tushuncha fuqarolarimizning ongi va qalbida chuqur o`rin egallashi hamda ijtimoiy ehtiyojga aylanishiga alohida e`tibor qaratdi. Bu prinsipni amalga oshirish uchun bir qator muhim vazifalarni hal etish zarurligiga to`xtalib, “ommaviy axborot vositalari qonuniylikni qaror toptirishda chinakam “jamiyat ko`zgusi”ga aylanishi kerak”ligini e`tirof etdi.

Barchamiz yaxshi tushunamiz, buning uchun Matbuot xizmatlari vakillaridan nafaqat professional bilim va malaka, hayotiy tajriba, o`z so`zi uchun mas`uliyat hissi, ayni vaqtda yuksak fuqarolik pozisiyasi, ma`naviy jasorat ham talab etiladi. 

Mamlakatimiz rahbarining ushbu nutqi va unda ilgari surilgan ustuvor vazifalar va g`oyalarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatidan kelib chiqib, endilikda biz xalqimiz orasiga kirib borib, qonun ustuvorligini ta`minlash bo`yicha targ`ibot ishlarini olib borish kabi sa`y-harakatlarimizni yanada kuchaytiramiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1