O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti boshlig`i podpolkovnik Bahrom Zulfiqorov rahbarligidagi harbiy delegasiya Xitoy Xalq Respublikasiga (XXR) xizmat safarida bo`lib qaytdi. Sayohat taassurotlari haqida Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti mutaxassisi To`lqin JUMANAZAROV ma`lumot berdi.
Safardan ko`zlangan asosiy maqsad dunyoning rivojlangan davlatida harbiy matbuot faoliyatini o`rganish va o`zaro tajriba almashishga qaratildi.
Safar davomida delegasiya a`zolari Xitoy Xalq Respublikasi Mudofaa vazirligi xalqaro harbiy hamkorlik kanselyariyasi boshlig`i general-mayor S Govey, mudofaa vazirining matbuot kotibi – vazirlik axborot departamenti boshlig`i, katta polkovnik U Syan bilan uchrashuvlar o`tkazishdi.

Xitoy Mudofaa vazirligida o`tgan tadbirlar davomida ikki mamlakat mudofaa idoralari orasidagi harbiy hamkorlikning bugungi holati, shuningdek, axborot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, ularning o`ziga xos, o`xshash va farqli jihatlari, media mahsulotlarini tayyorlash jarayonlari haqida fikr almashildi. Shuningdek, axborot departamentlari o`rtasida hamkorlik aloqalarini o`rnatishga oid istiqbolli yo`nalishlar muhokama qilindi.

O`zbekiston harbiy delegasiyasi Xitoy Xalq Respublikasi harbiy matbuoti faoliyati bilan yaxshiroq tanishish maqsadida Xitoy Xalq ozodlik armiyasi ommavmiy axborot vositalari markazining teleradio eshittirishlari bo`limida bo`ldi. Mehmonlarga markazning texnik imkoniyatlari namoyish etildi.
Dunyoning mashhur va boy tarixiga ega nashrlardan biri “Jenmin jibao” gazetasidir. O`zbekistonlik harbiylar Xitoy Kompartiyasi Markaziy Qo`mitasining nashri hisoblanuvchi aynan shu gazeta tahririyatiga ham taklif etildi. Tahririyatning siyosat bo`limi boshlig`i va harbiy-vatanparvarlik yo`nalishiga ixtisoslashgan muxbirlar bilan suhbatda materiallarni bosma va elektron ko`rinishdagi gazetaga chop etish jarayonlari haqidagi ma`lumotlar etkazildi.
Xitoy xalq universitetining jurnalistika fakultetiga tashrif esa harbiy matbuot sohasida kadrlar tayyorlash bo`yicha tajriba almashish uchun muhim ahamiyat kasb etdi.






