1

Shahardagi birinchi raqamli tadbirkor ​19 yilga qamalib, 9 yilda ozodlikka chiqdi

Jamiyat 13.12.2019, 22:43
Shahardagi birinchi raqamli tadbirkor ​19 yilga qamalib, 9 yilda ozodlikka chiqdi

O`zA minbarida Shahardagi birinchi raqamli tadbirkor ​19 yilga qamalib, 9 yilda ozodlikka chiqqani yuzasidan maqola chop etildi. Maqolani to`liqligicha havola etamiz.

Va albatta, odil suddan adolatni istab, yillar davomida tiklagan biznesi, bino-inshootlari qaerga ketganni so`ramoqda? 

Ba`zida o`ylab qolaman, “Qaerda xatoga yo`l qo`ydim, hayotimda duch kelganim bu qadar azob-uqubatning sababi nima-da? To`kin va baxtli yashash, boshqalar uchun ham ish o`rinlari yaratishga bo`lgan intilishim shunga olib keldimi? Quyoshga ishonib, erta gullagan bodom ahvoliga tushdimi? Endi nima qilmoq kerak?”

Bu kabi savollarga javob izlayotanimda inson boshi toshdan qattiqligiga yana bir karra guvoh bo`ldim. Yo`qsa, o`tgan yillar davomida irodam sinib, ichkilikka berilib, qaerlardadir uloqib, o`lib ketardim. Izlaganim adolatga erishish umidida, balki hamon yashayotgandirman.

Keling, voqealarni boshidan aytib beray, balki biror bir najot topilar. Bu voqealardan xabardor insonlar insofga kelib, madad qo`lini uzatishar.

Ozodlik epkinlari esa boshlagan 1990 yil iyunda Urgut shahrida birinchilardan bo`lib “Risola” ko`p tarmoqli, savdo, ishlab chiqarish firmasi tashkil etdik. Shu tariqa ish o`rinlari yaratdik. Mahsulot ishlab chiqardik.

Ko`p tarmoqli firmadan yaxshi daromad ko`rishni boshladik. Evaziga soliqlarni o`z vaqtida to`lab, qolgan sof foyda hisobidan faoliyatimiz yanada kengayib, yangidan–yangi ishlab chiqarish korxonalari va inshootlar barpo etdik. Makaron, muzqaymoq, qandolat mahsulotlaridan boshlab, eshik-romlar, metall panjaralar, isitish qozonlarini yasash, tikuv sexi va shu kabi boshqa hunarmandlik sexlaridan 15 ta tashkil etdik.

Albatta, yurtimizda Prezidentimizning tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar va qo`llab-quvvatlash, e`tiborni ham his etib turdik.

Shu tariqa 1990 – 2008 yillarda faoliyatim jadallik bilan davom etdi. O`zimiz ham yaxshigina boyib, atrofimizdagi ishchilarning ham manfaatdorligi oshib bordi. Shaharda birinchi raqamli tadbirkorga aylandim. Ammo, bu kimlargadir yoqmayotganini keyinroq bildim...

2007 yilning kuzida “Risola” firmamizda Davlat soliq inspeksiyasi buyrug`i bilan asossiz ravishda navbatdan tashqari koordinasion tekshiruv o`tkazildi. Shu kundan 2008 yilning iyul oyiga qadar ushbu firma va ishchi xizmatchilari, mening o`zimga nisbatan o`ylab topilgan tuhmatlardan iborat ayblar bilan 7 marta jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borildi. Bir soliq to`lamaslikda, bir “Hizbut”chilikda, bir bezorlikda...

Bo`ynimga qo`yilishi rejalashtirilgan bu kabi ayblar o`z tasdig`ini topmagan bo`lsa-da, 2008 yil 17 iyul kuni so`roqsiz meni hibsga olishdi. Tegishli yuzlashtirish-tergov harakatlari olib borilmasdan, 2009 yil 10 fevralda “Urgutsharobsavdo” mansabdor shaxslari yo`l qo`ygan kamomadlari bo`yicha “xufiyona rahbar” deb O`zbekiston Respublikasi JKning 167,186, 209-moddalari bilan aybdor deb topildim. Bugungi kungi tinimsiz harakatlarim tufayli Samarqand viloyat prokurorining 2018 yil 3 dekabrdagi № 17,453-18-sonli javob xatida “Urgutsharobsavdo” etkazgan zararlarni undirish haqidagi nizo yuzasidan tegishli hududiy sudga murojaat qilish huquqim borligi ko`rsatilgan.

Shu tariqa 2009 yil 10 fevralga kelib esa mol-mulkim musodara qilindi. Davlatga 1.723.638 ming so`m etkazilgan zararni solidar tartibda boshqa sudlanuvchilar bilan birga undirish, o`zimni 19 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida sudya M.Sheryigitovning hukmi chiqarildi.

Hibsda bo`lsamda, bu hukmidan norozi bo`lib, O`zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga murojaat qila boshladim. 2016 yil 31 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi JIB sudlov hay`ati ochiq sud majlisida raislik qilgan sudya U.Rasulberdiev O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o`rinbosari nazorat tartibida keltirilgan protestini ko`rib chiqib quyidagilarni aniqladi:

“Hukmning O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1852- moddasi 2-qismi bo`yicha X.Murtazoev aybli deb topilgan qismi bekor qilinib, shu qismi O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasi 2-qismiga ko`ra tugatilgan.

Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “b” bandidan JKning 168-moddasining 1-qismiga hamda 28-moddasi va 210-moddasining 1-qismiga qayta kvalifikasiya qilingan.

JKning (eski tahrirdagi) 188-moddasining 3-qismi “a”, “b” bandlaridan JKning (yangi tahrirdagi) 188-moddasiga 189-modd

asining 3-qismidan 189-moddasiga qayta kvalifikasiya qilib, 18 yilu 6 oy belgilangan jazoni 2016 yil 31 mart kuni JKning 59-61-moddalari tarkibida qayd qilingan jazo qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 13 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, (ya`ni jazo 5 yilu 2 oyga muddatga qisqartirilgan)”.

2017 yil 31 martda ozodlikka chiqib, tadbirkorlik faoliyatimni davom ettirish maqsadida o`zimga tegishli bo`lgan “Risolatbegim” va “Binni Farhod” ishlab chiqarish korxonalarining hujjatlarini qonuniy rasmiylashtirish uchun Urgut tumani va Samarqand viloyatining tadbirkorlikka oid tegishli mutasaddi rahbarlariga o`rnatilgan tartibda murojaat qildim. Ular uch yildan buyon “otangga bor, onangga bor” qabilida ish tutmoqda. Agarda ish boshlashimga izn berishsa, 150 ish o`rni yaratgan bo`lardim.

Urgut tumanidagi muqaddam “Obod-el-nur” xususiy korxonasiga tegishli ikki qavatli inshoot va yordamchi binolarni auksion savdoda sotib olgandim, uni qaytarib berishmayapti. Toshkent shahar Niyozbek yo`li ko`chasidagi ko`chmas mulkim ham o`zlashtirib yuborilgan.

Hozirga qadar o`z muammolarim bilan davlat idoralari, Samarqand viloyati hokimligi eshiklarini bir necha marta qoqdim. Rahbarlar qabuliga kirib, masalaga oydinlik kiritishga urindim. Afsuski, xatlarim javobsiz, o`zimni ham hech kim qabul qilmadi.

Nahot meni boshimga bu ko`rguliklarni solgan sobiq Bosh prokuror R.Qodirov va uning gumashtalari jazoga tortilgan bo`lsada, ular tufayli nohaq jabrlangan menga hech kim ko`mak bermasa. Eng qizig`i, Samarqand viloyati Iqtisodiy sudi 2019 yilda bergan javob xatida “Risolat” XIChSFga nisbatan yuritilgan xo`jalik ishi yo`q qilingani haqida ma`lum qilmoqda.

Unda nimaga asosan men 19 yilga qamalib, umrimni sim panjaralar orasida, oilamdan uzoqda, ko`ksimni zaxga berib, azobda o`tkazdim. Yillar davomida tiklagan biznesim, bino, inshootlar qani?

Qisqasi, amaldagi Konstitusiyamiz va unga zid bo`lmagan qonunlarga ko`ra, yurtimizda mulk huquqi daxlsiz va muddatsizdir. Xususiy mulk va unga bo`lgan barcha huquqlar qo`riqlanadigan bo`lsa, qamoqda o`tgan umrim va talon-taroj qilingan mol-mulkim uchun kim javob beradi?.

Halim Murtazoev, tadbirkor

Samarqand viloyati.

O`zbekiston Milliy axborot agentligi www.uza.uz saytida “O`zA minbari” rukni tashkil etilgan. Agentlikka kelayotgan murojaatlar, ariza va shikoyatlar, fikr-mulohazalar, bildirilayotgan takliflar asil holicha, juz`iy tahrirlar bilan e`lon qilinadi. Tahririyat fikri muallif nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin. "O`zA minbari"da beriladigan materiallarning xolisligi va ularda keltirilgan ma`lumotlarga muallifning o`zi javob beradi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1