1

Taniqli qiziqchi Obid Asomov vafot etganiga bir yil bo`ldi

Madaniyat 15.12.2019, 15:56
Teglar: Obid Asomov, qiziqchi
Taniqli qiziqchi Obid Asomov vafot etganiga bir yil bo`ldi

Chiqishlaridan birida “O`lim haq. Barchamiz bir kuni o`lamiz” deb, “o`zi kam sonli qiziqchilarning yanada kamayib borayotganidan” kuyingan Obid Asomovning o`zi ham bugun bu dunyoda yo`q. U o`tgan yili 14 dekabrda o`tkir infarkt tufayli olamdan o`tdi. Ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida taniqli so`z ustasini xotirlab yaxshi xotiralar aytildi. TVda Obid Asomov xotirasiga bag`ishlangan film ham namoyish etilgan. Obid Asomov nafaqat qiziqchi, talantli aktyor va mohir rassom bo`lgan.  

Marhum san`atkorning 2016 yil "Amerika ovozi" nashriga bergan intervyusini ko`rdim. San`atkor "1996 yildan boshlab mavzular chegaralana boshlaganidan" noligan ekan. Tanqidsiz yumor bo`lmasligini gapirgan. Hamma gap shunda. Maishiy kulgi hech kim uchun qiziq emas. Biz bunga "bachkanalik" deb nom qo`yganmiz. Azaldan yumor tanqid quroli bo`lib xizmat qilgan. Hozir odamlar faqat beparda hangomalarga kuladi.  

Qiziqchilarning uyatsiz hazillari ham shundan "xamirturush" oladi. Masxaraboz yoki devona obrazlari adabiyotda ham aytish mumkin bo`lmagan gaplarni ayta olish funksiyasini bajargan.

Asomovni dastlab xalqqa mashhur qilgan "Obid-A" teatrida haqiqiy yumorni ko`rish mumkin edi. Teatr jamiyatimizning turli muammo va qusurlarini hajv qilar edi.  

Shunday miniatyuralardan birida Robinzon Kruzo bizning zamonimiz va makonimizda paydo bo`lib qoladi. Robinzon – kulgi ortidagi og`riqlarni ifodalash uchun o`ylab topilgan niqob.

Obid Asomovning hazillari keyingi yillarda ancha maishiylashib, sayozlashib ketgani – bor gap. Aksar hazillari uyat pardasidan xoli, er va xotin o`rtasidagi kunda-shunda bo`lib turadigan voqealarning qichitqi qo`shilgan kulgili talqiniga aylanib qolgandi. Ammo mahorat va talant sezilib turardi.  

Lekin kuzatib bilganim, o`zbek jurnalistikasi Obid Asomov shaxsiyatiga kirib bora olmagan. Ko`pchilik suhbatlar, intervyular faqatgina hazil-huzul gaplardan iborat. Uzoq yillar Obid Asomov TV sahnasida ko`rinmay qoldi, konsert bermadi, turli mish-mishlar tarqaldi. Keyinchalik Rossiya televideniesidagi "Krivoe zerkalo" hajviy dasturida ishtirok eta boshladi. Oxirgi ikki yil ichida u yana o`zbek sahnasi va teleekranlarga qaytgandi.

Obid Asomov ijtimoiy tarmoqlar orqali jamiyatda bo`layotgan voqeliklarga munosabat bildirib turgan. Ularning ichida, ayniqsa, “Nahotki bizning o`zbek millatimiz shu darajada og`zi shaloq bo`lib ketdi?” nomli videomurojaat shov-shuvga sabab bo`lgan.

O`tgan yili Obid Asomov uzoq tanaffusdan so`ng “Xalqlar do`stligi” san`at saroyida “Sizlarni sog`indim” nomli konsert dasturini taqdim etdi. Konsertdagi hazillarni kuzatarkanman, “Choyxonaga ayollar borolmaydi. U er antisanitar joy, lekin biz erkaklarga shu yoqadi, dasturxonning yirtilmagan joyi yo`q, ko`rpacha shu qadar eski, 1917 yil bu ko`rpachaga Hamza Hakimzoda Niyoziy o`tirgan”, “Seulga bordim, voy-vuy, koreys juda ko`p ekan-e”, “O`zbek ayoli umuman kasal bo`lmaydi, “o`tib ketadi, o`tib ketadi” deb yuraveradi kayfi bor odamga o`xshab” kabi hazillari juda mayda hazil bo`lib tuyulmadi.

Bundan ko`p yillar oldin bergan bir konsertida o`zining ijodiy biografiyasini kichik yumorda aytib bergan: “Bolaligimda o`qituvchim urishardi “Asomov, gap sotma”, “Asomov, gap sotma” deb. Lekin men uning aytganini qilmadim, mana, 30 yildan beri gap sotib, pul olib tirikchilik qilib yuribman”. Sotgan gapi esa o`zimizning yuzimizga tutilgan oyna edi.  Ana shu “gap sotib” yashagan qiziqchining og`riqlari bizni kuldiradi.

Obid Asomov o`zining latifalari, xalqning tili va diliga ko`chgan hazillarida yashayveradi.

Xurshid Abdurashid.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1