Karim Mirhodiev: "Endi mukofotni unutish kerak..."

Madaniyat 07.01.2020, 11:59
Karim Mirhodiev: "Endi mukofotni unutish kerak..."

O`tgan yili Karim Mirhodiev “Sabot” filmidagi Sa`dulla roli uchun birdaniga uch karra e`tirof etildi: o`zimizning “Oltin Humo” birinchi milliy kinotaqdimoti, Qozog`istonda o`tkazilgan “Evroosiyo” xalqaro kinofestivali hamda Qirg`izistonda bo`lib o`tgan “Oq Ilbirs” xalqaro kinomukofotining eng yaxshi erkak roli nominasiyasi g`olibi deb topildi.

Karim Mirhodiev "Kino san`ati" jurnaliga bergan suhbatida "Kichkina tabib", "Nazar"  hamda "Sabot" filmlaridagi ijrosi, rol tanlashda e`tibor beradigan jihatlari haqida gapirgan.

– Zulfiqor Musoqovning “Kichkina tabib” filmidagi rolingizni aytmasa, aksariyat ijrolaringiz murakkab, og`ir, vazmin, qaysidir ma`noda yolg`iz deyishadi. Lekin o`sha rolimda ham ortiqcha harakat, engil qiliq yo`q. Jiddiy o`ynaganman. Katta fransuz aktyorlari jiddiy ijro bilan ham odamlarni kuldira olishgan… Afsuslanmayman, har bir san`atkorning o`z yo`nalishi bo`ladi. Bilmadim, peshonamga shunaqa rollar yozilgan ekanmi. Ehtimol, yana o`zgachasi nasib etar. O`ynagan filmlarimdan qolsa, to`rt-beshtasi qoladi. Ko`p rollarimda – “Charxpalak”da ham, “Ota”da ham o`zaro bog`lab turuvchi umumiy rishtalar bor. Qamoqdan chiqib kelgan qahramon. Hayotga o`zimning munosabatim, pozisiyamni bildirishim kerak. Erkak har bitta xatti-harakatiga javob berishi shart! Bolalar bizning ishlarimiz uchun aybdor emas! Kattalar o`rtasida nima bo`lishidan qat`i nazar, buning jabrini farzandlar ko`rmasin. U otami, demak, otaligicha qolsin! Qahramonim Ota bo`lib ketdi. 

“Sabot”da ham xuddi shunday. Hamma narsani joy-joyiga qo`yishga ulgurdi. Yoshim o`tgani sari eng katta baxt hech kimga ozor bermay, bosgan yo`llaringni tozalab ketish ekan, degan xulosaga kelyapman. To`g`ri, beayb Parvardigor. Lekin xatolaringni anglab, shularni tuzatishga urinish – Baxt. 

Rol tanlashda, avvalo, g`oyaga e`tibor qarataman. Masalan, “Sabot” bir inson taqdiridan hikoya qiladi. Afg`on urushi mavzusi men uchun hamisha dolzarb. Qancha yo`qotishlar bo`ldi. Teatrda Anvar degan o`rtog`im ovoz operatori edi, bir yil jang-jadallarda qatnashib qaytdi. O`zgarib ketgan, asablari tarang... Sababini so`rasam, “Ko`z oldingga keltirib ko`rgin-a, quvnab-o`ynab yurgan yosh bolalar kutilmaganda parchalanib, laxta-laxta etga aylansa… Qaerga otayotganingni, kimga otayotganingni bilmay o`q uzish, quloq eshitmay, karaxt holatga tushish...” deya nadomat chekkan. Qo`chqor Norqobilning ham Afg`on mavzusidagi asarlari ta`sirli chiqqan. Yaxshi filmlar yaratsa bo`ladi, deb o`ylayman. Xullas, ssenariyda inson taqdiri tursin. Qahramonim qismatini o`rganish asnosida o`ziga xosliklarni qidiraman. Masalan, u jim turganida nima qiladi? Biografiyasi, shaxsiy hayotini tuzamiz, oilada qanaqa edi, qaytib kelgach qaysi tomonga o`zgardi, ichkilikka ruju qo`yib, tarkidunyo qildimi... Shu kabi savollar iskanjasida personaj qiyofasini chizaman.

Yil men uchun omadli keldi. Mukofot, sovrin, olqishlar kimga yoqmaydi....

Aslida eng katta mukofot – tomoshabin qarsagi. Ayniqsa, spektakldan keyin haqiqiy, chin qarsak bilan, qo`l uchida chalingan – soxta qarsakni farqlash mumkin. Yurakka etib boradigani ham shu. “Sabot”ni suratga olayotganimizda bunaqa e`tiroflar xayolga ham kelmagandi. Ssenariy yoqdi. Mazza qilib ishladik. Tamom. Yaxshi jamoa yig`ildi. Behzod Hamroev, Seydulla Moldaxanov, Nigora Karimboeva, Zulxumor Mo`minova... Bu – hammamizning mukofotimiz. 

Agar menga rejissyor Rashid Malikov Sa`dulla rolini bermaganida, filmdagi boshqa bir obrazni gavdalantirishga ham rozi edim. Chunki ssenariy zo`r yozilgan. Mevasi ham shirin bo`ldi. Mukofotni oldik, o`tdi-ketdi. Endi unutish kerak...

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1