1

Prezident bu yil qanday yil ekanligi ma`lum qildi

Siyosat 08.01.2020, 19:52
Prezident bu yil qanday yil ekanligi ma`lum qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida bugun, 8 yanvar kuni Davlat byudjeti parametrlarini ijro etish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha joriy yilgi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. 

Videoselektorda yana bir muhim masala – yangi Soliq kodeksini hayotga to`liq tatbiq etish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi.

Ma`lumki, o`tgan yili soliq tizimidagi o`zgarishlarning mazmun-mohiyatini aholi va tadbirkorlarga chuqur tushuntirish bo`yicha Ishchi guruh tuzilgan edi. Uning hududiy tuzilmalari tomonidan bu borada manzilli ishlar olib borildi. 

Joriy yil 1 yanvardan mamlakatimiz soliq tizimida 120 dan ortiq yangi qoidalar amaliyotga kiritildi. Bu qoidalar to`g`ri qo`llanishi, aholining huquq va manfaatlari ta`minlanishi uchun o`zgarishlardan barcha xabardor bo`lishi kerak. 

Shu bois viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari boshchiligida iqtisodiy kompleks idoralari xodimlari va tadbirkorlarni o`qitishni tashkil etish zarurligi ta`kidlandi.

Kodeksning mazmun-mohiyatini anglagan holdagina uning sifatli ijrosini ta`minlashga imkon bo`ladi. Undan tashqari, hujjatda ko`zda tutilgan qoidalarni keng jamoatchilikka etkazish maqsadida barcha tumanlarda davra suhbatlari, seminarlar va boshqa targ`ibot tadbirlarini o`tkazish muhimligi qayd etildi. Ommaviy axborot vositalarida targ`ibot bo`yicha media reja ishlab chiqib, birinchi chorak davomida barchaga etkazish yuzasidan ko`rsatmalar berildi. 

Yangi kodeksda soliq organlariga ham ko`plab vazifalar yuklatilgan. Ularni sifatli amalga oshirish uchun soliq xodimlari bilim va saviyasini keskin oshirishi, tadbirkorlarga munosabatini tubdan o`zgartirishi zarurligi ta`kidlandi. 

Davlat soliq qo`mitasi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsmanga xalqaro tajriba asosida, tadbirkorlar bilan muhokama qilgan holda soliq tekshiruvlari o`tkazish tartibini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi. 

Yig`ilishda qurilishni moliyalashtirish masalasiga ham to`xtalib o`tildi. Moliyalashtirish manbasi aniq bo`lmagan ob`ektlarda qurilishni boshlash va loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilishni moliyalashtirish taqiqlanishi qayd etildi.

– Bugungi topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish iqtisodiy kompleksdan katta mas`uliyat talab etadi. Shu bois bu yil hukumat va hududlar uchun “iqtisodiy kompleksni safarbar qilish yili” bo`ladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Videoselektorda soha va tarmoqlar rahbarlari, hokimlar belgilangan prognoz rejalarni bajarish, tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan hisobot berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1