Markaziy bankning 2019 yil yakunlari bo`yicha pul-kredit siyosati ko`rsatkichlari to`g`risida dastlabki ma`lumotlarini e`lon qildi.
2019 yil uchun pul-kredit siyosati ko`rsatkichlari 2019 yilda umumiy pul massasi 13,8 foizga oshib, 91,3 trln. so`mni tashkil etgan bo`lsa, milliy valyutadagi pul massasi 14,4 foizga ortdi (62,8 trln. so`mni tashkil etdi). Bunda 2019 yil davomida pul massasi tarkibida ijobiy o`zgarishlar kuzatildi. Xususan:milliy valyutadagi jami muddatli depozitlar hajmi43 foizga, jumladan, aholi omonatlari hajmi 54 foizga oshdi;
muomaladagi naqd pullar miqdorining o`sish sur`ati umumiy pul massasi o`sishiga nisbatan past bo`lib, 9,4 foizni tashkil etdi. Natijada umumiy pul massasidagi naqd pullar ulushi 2019 yil davomida 27,6 foizdan 26,6 foizgacha pasaydi;
aholi omonatlarining umumiy depozitlardagi ulushi 25 foizdan 31 foizgacha ko`payib, ularning hajmi 20,6 trln. so`mga etdi.
Umuman olganda, mazkur tendensiya aholining bank tizimiga bo`lgan ishonchi asta-sekinlik bilan ortib borayotganligidan hamda pul-kredit siyosati choralarining iqtisodiyotdagi jamg`arish faolligiga ijobiy ta`sir ko`rsatayotganligidan darak beradi.
Ichki resurslar cheklanganligi va mamlakatning tashqi qarz yuki ko`rsatkichining nisbatan pastligi sharoitida yillar davomida yig`ilgan “investision chanqoqlik”, shuningdek, dolzarb iqtisodiy vazifalarni hal etish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali iqtisodiyotdagi nomutanosibliklarni bartaraf etish zaruriyati tashqi qarzni oshirish imkoniyatidan foydalanishga turtki bo`ldi.
Bu o`z navbatida, tijorat banklarining xorijiy kredit liniyalarini jalb qilish faolligining oshishiga hamda iste`mol kreditlari bozorining rivojlanishiga olib keldi. Natijada iqtisodiyotdagi kredit qo`yilmalari qoldig`i 50,9 foizga oshib 208 trln. so`mni tashkil etdi. Bunda milliy valyutadagi kreditlar qoldig`i 48,7 foizga (shu jumladan, aholi uchun kreditlar 63,5 foizga), xorijiy valyutadagi kreditlar qoldig`i 53,8 foizga oshdi.
Iqtisodiyotning tashqi muvozanatlashuvi va kurs siyosati
Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, tashqi iqtisodiy operasiyalar hajmi o`rtacha 1,2 baravarga o`sgan holda, 2019 yil yakuni bo`yicha to`lov balansining joriy operasiyalar hisobraqamidagi defisit 2018 yilga nisbatan 0,8 mlrd. dollarga pasayib, 2,8 mlrd. dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Importning sezilarli qismi banklarning xorijiy valyutadagi kreditlari (6,2 mlrd. doll.) hisobidan moliyalashtirilgani inobatga olinsa, joriy operasiyalar hisobraqamidagi defisitning vujudga kelishi valyuta bozori va almashuv kursiga jiddiy bosim o`tkazmadi.
Oltin valyuta zaxiralari “neytralligi”ni ta`minlash yondashuvining tatbiq etilishi ularning o`sish dinamikasini saqlab qoldi. Mazkur zaxiralar hajmi yil boshiga nisbatan 2,2 mlrd. dollarga oshib, 2019 yil yakunida 28,6 mlrd. dollarni tashkil qildi.
Valyuta bozori
2019 yilda ichki valyuta bozorida yalpi talab hajmi 37 foizga o`sib, 15,5 mlrd. dollarni, taklif hajmi esa 44 foizga o`sib, 11,7 mlrd. dollarni tashkil etdi.
Monetar oltinni sotib olish natijasida vujudga kelgan36,6 trln. so`mlik qo`shimcha likvidlikni sterilizasiya qilish maqsadida Markaziy bank tomonidan 33,6 trln. sum ekvivalenti miqdorida valyuta mablag`lari ichki valyuta bozorida sotildi.
Bunda 2019 yilda Markaziy bankning valyuta intervensiyalari valyuta kursining fundamental trendiga ta`sir qilmagan holda almashuv kursining bozor sharoitlari asosida shakllanishi doirasida amalga oshirildi.
Almashuv kursi dinamikasi
Almashuv kursi dinamikasi o`zida ichki va tashqi omillar ta`sirini aks ettirgan holda valyuta bozoridagi talab va taklif joriy nisbatidan kelib chiqib shakllandi.
2019 yilning birinchi yarmida talab va taklifning bir maromda oshishi hamda maqsadli sotuv hajmiga nisbatan kamroq intervensiyalar amalga oshirilgan sharoitda valyuta birjasida savdo sessiyalarida so`mning AQSh dollariga nisbatan kursi2,8 foizga pasaydi.
O`z navbatida, yilning iyul va avgust oylarida, ayrim asosiy savdo hamkor davlatlar valyutalarining qadrsizlanishi tufayli devalvasion kutilmalarning oshishi, shuningdek, valyutaga bo`lgan talabning ortishi va Markaziy bank intervensiyalarining o`sishi ta`sirida so`mning almashuv kursi ma`lum ma`noda to`g`rilanib, 10,2 foizga qadrsizlandi.
2019 yilning keyingi oylarida almashuv kursi nisbatan barqaror bo`ldi, ya`ni 2019 yil sentyabr-noyabr oylarida1,3 foizga qadrsizlangan bo`lsa, dekabr oyida biroz qadri oshdi (0,1 foizga).
Umuman olganda, 2019 yilda milliy valyutaningAQSh dollariga nisbatan almashuv kursi yil boshiganisbatan 13,9 foizga qadrsizlandi (8341 so`m/dollardan 9501 so`m/dollargacha).
III. Inflyasiyaning 2019 yildagi omillari va prognozi
“Pul-kredit siyosatining 2019 yil va 2020-2021 yillar davriga mo`ljallangan asosiy yo`nalishlari”da ko`rsatib o`tilgan O`zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishining asosiy ssenariysiga ko`ra, 2019 yil uchun inflyasiyaning prognoz ko`rsatkichi 13,5-15,5 foiz darajasida belgilangan edi. Markaziy bank 2019 yil davomida qayta moliyalash stavkasini ko`rib chiqish jarayonida inflyasiyaning prognoz darajasini o`zgarishsiz saqlab qoldi.
2019 yil yakunlariga ko`ra, inflyasiya darajasi prognoz koridorining yuqori chegarasida shakllanib, 15,2 foizni tashkil etdi.
Ayni paytda 2019 yil davomida inflyasiya dinamikasi turli yo`nalishli xususiyat kasb etdi. Xususan, yilning birinchi yarmida yillik inflyasiya darajasi 13-13,5 foizgacha pasayib, mazkur ko`rsatkichda ma`lum muddat saqlanib turgandan so`ng, yilning ikkinchi yarmida inflyasiya dinamikasi o`suvchi trendga ega bo`ldi.
Tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirilishi, banklarning kreditlash faolligining oshishi hamda davlat xarajatlarining o`sishi kabi investision va iste`mol talabini rag`batlantiruvchi omillar, 2019 yilning ikkinchi yarimida nisbatan yuqori inflyasiya darajasini yuzaga kelishiga olib keldi.
Xususan, iyul-avgust oylaridagi tartibga solinadigan narxlarning o`sishi bilan birga milliy valyuta almashuv kursi devalvasiyasining tezlashishi, oylik inflyasiya darajasining 2019 yil avgust oyida 2,9 foizgacha o`sishiga asosiy omil bo`ldi (2018 yil avgust oyida – 0,3 foiz).
2019 yilning IV choragida inflyasiya o`sish sur`atlarining 2018 yilning mos davriga nisbatan ma`lum darajada sekinlashishi kuzatildi (0,7 foiz bandga).
Bunda 2019 yil davomida un va non mahsulotlari narxlarining oshishi yillik inflyasiyaga ma`lum darajada bosim yaratdi.
Shuningdek, 2019 yilda tartibga solinadigan narxlar o`rtacha 21,6 foizga, xususan, non – 40 foizga, gaz – 18,8 foizga, elektr energiyasi – 18 foizga va benzin – 17,6 foizga o`sdi.
Ob-havo sharoitlari meva-sabzavotlar narxlarida o`z aksini topdi. Xususan, mevalar narxi – 21,4 foizga, kartoshka – 11,7 foizga va guruch – 5,8 foizga qimmatlashdi.
Bundan tashqari, joylarda ozuqa-em zaxiralarining etishmovchiligi masalasi ham go`sht mahsulotlarining narxiga ta`sir etdi va ularning narxi 23,4 foizga oshdi.
Shu bilan birga, xizmat ko`rsatish sohasidagi narxlar o`sishida tezlashish kuzatildi, bunda yo`lovchi transporti xizmati – 13 foizga, ta`lim xizmatlari – 22 foizga qimmatlashdi.
2020 yildan boshlab inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o`tish doirasida 2021 yilda inflyasiya darajasini bir xonali songa, 2023 yilga kelib esa maqsadli ko`rsatkich – 5 foizga pasaytirish bo`yicha qat`iy choralar ko`rilishi nazarda tutilmoqda.
2020 yil uchun inflyasiyaning bazaviy prognozi 12-13,5 foiz darajasida belgilangan.
Inflyasiyaning prognoz darajasiga erishish maqsadi, iqtisodiyotga kredit qo`yilmalari o`sish sur`atlarini 20-25 foiz atrofida, ya`ni nominal yalpi ichki mahsulot o`sishining prognoz qilinayotgan darajasida ta`minlanishini talab etadi.
Shuningdek, soliq-byudjet siyosati sohasida umumiy fiskal balans defisiti qisqarishi nazarda tutilgan. Xususan, umumiy fiskal balans defisitining 2019 yildagi YaIMga nisbatan 4 foizdan 2020 yilda 2,7 foizga qisqarishi, 2022 yilda 1,5 foizgacha bosqichma-bosqich pasayib borishi va kelgusi yillarda ushbu darajada ushlab turilishi ko`zda tutilgan.
Bunda lozim darajadagi pul-kredit siyosati olib borilishi va fiskal balans defisiti qisqarishi sharoitida, xususiy va xorijiy investisiyalar hajmining oshishi iqtisodiy o`sish sur`atlarini belgilangan prognoz parametrlarida ushlab turishga xizmat qiladi.
Kelgusi yilda inflyasiyaning prognoz ko`rsatkichlariga erishish uchun iqtisodiyotda real foiz stavkalarining ijobiyligini ta`minlash choralari ko`riladi.
Bundan tashqari, 2020 yilda inflyasiya darajasini pasaytirish bo`yicha “Yo`l xaritasi”da belgilangan muhim tarkibiy islohotlarning amalga oshirilishi iqtisodiyotda nomonetar omillarning narxlar o`sishiga ta`sirini minimallashtirish imkonini beradi.