1

Parlament so`roviga Alisher Shodmonovning bergan javobi deputatlarni qoniqtirmadi

Siyosat 10.01.2020, 09:17
Parlament so`roviga Alisher Shodmonovning bergan javobi deputatlarni qoniqtirmadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri A.Shodmonovning “Tibbiyot sohasida xususiy sektor ulushini yanada oshirish, uning rivojlanishiga ko`maklashish hamda sohaga xorijiy investisiyalarni jalb qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida”gi parlament so`roviga javobi muhokama etildi.

Parlament so`rovi yuborilishiga esa, o`z navbatida, deputatlar tomonidan o`tkazilgan o`rganishlar natijasi asos bo`ldi. Ko`rinadiki, sog`liqni saqlash tizimida xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish va rag`batlantirish borasida ijobiy ko`rsatkichlar bilan bir qatorda, hududlarda xususiy tibbiyot muassasalarining faoliyatini kengaytirish uchun sharoitlar etarli emas hamda sog`liqni saqlash sohasida xususiy sektorning barqaror rivojlanishiga to`sqinlik qilayotgan masalalar hamon saqlanib qolmoqda. Xususan, tadbirkorlarga er ajratish, bo`sh turgan ob`ektlarni “nol” qiymatida berish, imtiyozli kreditlar ajratish, tayyor ob`ektlarni kommunikasiya tarmoqlariga ulash borasida qator muammolar mavjud.

Parlament so`rovi orqali sog`liqni saqlash sohasida xususiy sektorning barqaror rivojlanishiga to`siq bo`layotgan masalalarni tizimli ravishda hal etish yuzasidan ko`rilayotgan chora-tadbirlar, xususiy tibbiyot sohasiga xorijdan investisiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etishni kengaytirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar, hududlarda xususiy tibbiyot muassasalari tarmog`ining faoliyatini faollashtirish va kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlarning holati, tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirish yuzasidan ko`rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish Sog`liqni saqlash vaziridan talab etildi.

Sog`liqni saqlash vazirining mazkur so`rovga yuborgan javob xatida deputatlar tomonidan ko`tarilgan masalaning echimini topish uchun bajarilgan amaliy ishlar qayd etilishi o`rniga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sohaga oid qabul qilingan Farmon va qarorlardagi statistik ma`lumotlarni keltirish bilan cheklanilgani ajablanarli bo`ldi. Boshqacha aytganda, vazirlik parlament so`roviga mas`uliyat bilan yondashmagani yaqqol ko`zga tashlandi va ushbu javob deputatlarni qoniqtiradi, deb bo`lmaydi.

Ta`kidlash lozimki, parlament so`roviga javob Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama etilishi lozim. Ungacha bo`lgan davrda deputatlar Sog`liqni saqlash vazirining parlament so`roviga yo`llagan javobini o`zgartirishi va unda ko`tarilgan muammolarni hal etilishi borasida aniq ishlar bajarilganligi to`g`risida vazirning shaxsan o`zi Qonunchilik palatasi majlisida axborot berishini umid qilmoqda. So`rov natijasi shunday hal etilgandagina javob deputatlarni qanoatlantirgan bo`lar edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Fuqarolarning sog`lig`ini saqlash masalalari qo`mitasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1