1

Davlat soliq qo`mitasi raisi andijonlik tadbirkorlar bilan uchrashdi

Iqtisodiyot 12.01.2020, 14:39
Davlat soliq qo`mitasi raisi andijonlik tadbirkorlar bilan uchrashdi

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan nimalar o`zgardi? Tadbirkorlik sub`ektlari uchun qanday qulayliklar yaratildi? O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi raisi Behzod Musaevning navbatdagi manzili – Andijonda viloyat tadbirkorlari bilan o`tkazgan ochiq muloqotida ana shu kabi savollarga batafsil javob berildi.

Qo`mita raisi so`zi avvalida yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga mamlakat taraqqiyotining tayanchi bo`lgan insofli, halol soliq to`lovchilarni rag`batlantirish, yashirin faoliyat yuritayotganlarning qonuniy ishlashi uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladigan normalar kiritilganligiga alohida to`xtaldi. Bundan ko`zlangan maqsad fuqarolarimiz soliqdan qochish emas, balki uni vaqtida to`lashdan manfaatdor bo`lishiga erishish ekanligini ta`kidladi.

Darhaqiqat, soliq organi xo`jalik yurituvchi sub`ektlar huzuriga borgan holda muammo va takliflarini tinglab, ularga birgalikda echim topib, ish faoliyatiga yordam beruvchi idoraga aylanganligi ham  Soliq kodeksida belgilab qo`yilganligini aytdi. Xususan, 9-moddada soliq organlari soliq munosabatlari doirasida soliq to`lovchilar bilan soliq to`g`risidagi qonun hujjatlarini to`g`ri bajarish maqsadida hamkorlik qilishi shart ekanligi alohida qayd etilgan. Bu esa yangi tahrirdagi Soliq kodeksining bir so`z bilan ifodalaganda, shaffof ekanligiga isbot.

Masalan, avvallari soliq to`lovchilar soliq majburiyatlarini vaqtida bajarmagan taqdirda penya hisoblanib undirilar edi. Biroq soliq organlari tomonidan ortiqcha undirilgan soliqlarni o`z vaqtida qaytarib bermagan hollarda, ularga hech qanday chora ko`rilmas edi. Bu esa tadbirkorlarda aylanma mablag`lari etishmasligiga olib kelib, moliyaviy ahvoliga salbiy ta`sir ko`rsatardi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida ortiqcha to`langan mablag`larni soliq to`lovchilarga foizi bilan qaytarib berish  majburiyati yuklandi. Bu – soliq organlarining soliq to`lovchi oldidagi majburiyatini oshiribgina qolmay, har ikki tomon ham qonun oldida bir xil ekanligini ta`minlaydi.

Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha ochiq muloqot samimiy va qizg`in bahs munozaralarga boy o`tdi. Tadbirkorlar Yangi tahrirdagi Soliq kodeksidagi har bir o`zgarish va yangilik haqida yanada ko`proq ma`lumotlarga ega bo`lish uchun mutaxassislar bilan alohida suhbatlashdilar ham. Ularni qiziqtirgan mavzular bo`yicha  kengroq tasavvurga ega bo`lishlari uchun maxsus axborot stendlari hamda slaydlar orqali batafsil tushunchalar berilib, bukletlar tarqatildi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1