AsosiyShou-biznes

"Oltin qalam" milliy mukofoti tanloviga yana ikkita nominasiya qo`shildi

Jurnalistika sohasida “Oltin qalam” X Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha tashkiliy qo`mitaning yig`ilishi bo`lib o`tdi. 

O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi I.Halimbekov, Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi raisi T.Norboeva, madaniyat va sport ishlari vaziri o`rinbosari D.Mullajonov, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori A.Abdullaev, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi direktori A.To`raev, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari K.Pikkat va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida O`zbekistonda ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirish borasidagi sa`y-harakatlar demokratik islohotlarning muhim qismini tashkil etayotganini ta`kidladi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag`ishlab ta`sis etilgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun tanlov jurnalistikaning eng ilg`or yutuqlarini keng ommalashtirish, ommaviy axborot vositalari xodimlari fuqarolik pozisiyasini namoyon etishi, jurnalistlarda tanqidiy fikrlashni, o`z faoliyatiga yangicha yondashuvlarni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratmoqda. 

Bu yilgi tanlovning o`ziga xos jihati – asosiy mukofotlar qatoriga “Eng yaxshi matbuot xizmati” va “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” rag`batlantiruvchi nominasiyalari ham qo`shildi. Bu haqda O`zA xabar qiladi. 

O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Milliy teleradiokompaniya, “Uzreport” axborot agentligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi hamkorligida o`tkazilayotgan ushbu tanlov televidenie, radio, matbuot va internet-jurnalistika yo`nalishlari bo`yicha eng faol ijodkorlarni qo`llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unda o`n uchta – bitta bosh milliy mukofot, har bir yo`nalish bo`yicha uchtadan mukofot ta`sis etilgan. 

Ushbu ijodiy tanlov nufuzi yildan-yilga ortib bormoqda. 2006 yili o`tkazilgan “Oltin qalam” I Milliy mukofoti uchun tanlovda 136 jurnalist 1669 ijodiy ishi bilan qatnashgan bo`lsa, 2014 yilda o`tgan IX Milliy mukofot uchun tanlovda 490 nafardan ortiq ijodkor 7500 ga yaqin materiali bilan ishtirok etdi.

“Oltin qalam” tanlovi g`oliblarini mukofotlash hamda uni o`tkazish bilan bog`liq sarf-xarajatlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtiriladi. An`anaga ko`ra, BMT, YuNESKO, EXHT, Jahon banki, “Mintaqaviy muloqot” (Sloveniya) kabi bir qator xalqaro tashkilotlarning O`zbekistondagi vakolatxonalari o`z mukofotlari bilan qatnashadi.

    Boshqa yangiliklar