Prezident Shavkat Mirziyoev xalqimizning fidokorona mehnati bilan 2019 yil – “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da salmoqli natijalarga erishilganini ta`kidladi:
"Barcha sohalardagi ijobiy natijalar qatorida, investisiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi.
Ayniqsa, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan – mana shu raqamga e`tiboringizni qaratmoqchiman – 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar o`sdi.
Investisiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga etdi.
Mamlakatimiz ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi va jahon moliya bozorida 1 milliard dollarlik obligasiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan O`zbekistonning kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10 yilda birinchi marta yaxshilandi.
Energetika, neft-gaz, geologiya, transport, yo`l qurilishi, qishloq va suv xo`jaligi, ichimlik suvi va issiqlik ta`minoti hamda boshqa qator tarmoqlarda chuqur tarkibiy islohotlar boshlandi.
Sanoatning 12 ta etakchi tarmog`ida modernizasiyalash va raqobatdoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirilmoqda.
Natijada o`tgan yili iqtisodiy o`sish 5,6 foizni tashkil etdi.
Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport – 28 foizga ko`paydi.
Oltin-valyuta zaxiralarimiz 2019 yil davomida 2,2 milliard dollarga ortib, 28,6 milliard dollarga etdi.
Qishloq xo`jaligida fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish borasidagi o`rganish va izlanishlarimiz davom etmoqda. Sohaga ilg`or texnologiyalar va klaster tizimi joriy etilmoqda.
Tadbirkorlikni keng rivojlantirish va bu soha uchun yangi sharoitlar yaratishga, barcha imkoniyatlarimizni safarbar etayapmiz.
“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida o`z biznesini boshlayotgan oilalarga 5,9 trillion so`m kreditlar ajratildi.
Yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobarga kamaytirildi. Natijada, rasmiy sektorda ishlayotganlar soni yil davomida 500 mingtaga ko`paydi.
Qo`shilgan qiymat solig`i stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Buning hisobidan o`tgan yili soliq to`lovchilar ixtiyorida 2 trillion so`m qoldi.
Joriy yilda bu raqam 11 trillion so`mni tashkil etishi kutilmoqda.
Bir yilda tadbirkorlar ixtiyorida shuncha mablag` qolishi, albatta ularga o`z bizneslarini rivojlantirish uchun juda katta qo`shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Islohotlarimiz natijasida o`tgan yili 93 mingta yoki 2018 yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko`p yangi tadbirkorlik sub`ektlari tashkil etildi.
Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pog`ona ko`tarilib, biznesni ro`yxatga olish ko`rsatkichi bo`yicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-o`rinni egalladik va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldik.
Shuningdek, 86 ta davlat fuqarolariga vizasiz va 57 ta davlat fuqarolariga soddalashtirilgan viza rejimi joriy etilishi natijasida o`tgan yili yurtimizga 6,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.
Bu 2016 yilga nisbatan 4,7 million nafarga yoki 3,3 barobar ko`p demakdir.
Maktabgacha ta`limni rivojlantirish borasida boshlagan islohotlarimiz natijasida, o`tgan yili 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bog`chalari tashkil etildi.
Shuning hisobidan farzandlarimizni maktabgacha ta`lim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga ko`tarildi.
2019 yilda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi 4 ta Prezident maktabi, 3 ta ijod maktabi ish boshladi.
Oliy ta`limni rivojlantirish uchun o`tgan yili 19 ta yangi oliy o`quv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitet filiali ochildi.
Etakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qo`shma ta`lim dasturi bo`yicha kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yildi.
Oliy ta`lim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016 yilga nisbatan 2 barobar ko`p talaba o`qishga qabul qilindi.
Ishlayotgan pensionerlarga pensiyani to`liq to`lash tartibi joriy etildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi uchun nafaqa miqdori 2 barobar ko`paytirildi.
Sog`liqni saqlash sohasida davlat muassasalari bilan bir qatorda, xususiy tibbiyot yo`nalishi ham jadal rivojlanmoqda.
Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga ko`paytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli o`tgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 ta qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 ta mahallada keng ko`lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi.
Bunga 6,1 trillion so`m yoki 2018 yilga nisbatan 1,5 trillion so`m ko`p mablag` sarflandi.
Qishloq joylarida 17 ming 100 ta, shaharlarda 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016 yilga nisbatan salkam 3 barobar ko`p arzon va shinam uylar qurildi.
Kam ta`minlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, shu jumladan, nogironligi bo`lgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard so`mdan ziyod boshlang`ich badal to`lab berildi.
Amalga oshirayotgan islohotlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda.
Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali O`zbekistonni 2019 yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb e`tirof etdi.
Berilgan bunday baho, barchamizga cheksiz g`urur, iftixor va kuch bag`ishlaydi, yangi marralarga ruhlantiradi, desam, o`ylaymanki sizlar ham, bu fikrni qo`llab-quvvatlaysizlar".
Murojaatnoma davom etmoqda.