O`zbekistonliklar 2019 yilda xorijiy avtomobillar xarid qilish uchun jami 440 million dollar sarflagan. Bu avvalgi yilga qaraganda, 25 foizga ko`p, deyiladi respublika Davlat statistik qo`mitasi tarqatgan hisobotda.
O`zbekistonning 2019 yildagi tashqi savdo aylanmasi hisobotida keltirilishicha, respublikada engil avtomobillar importi oshgan, ya`ni so`nggi ikki yilda o`zbekistonliklar xorijiy avtomobillarni tobora ko`p xarid qilmoqda. Bundan bir necha yil oldin ushbu sohada pasayish kuzatilgan edi. Masalan, 2014 yilda mamlakat aholisi xorijda chiqqan engil avtomashinalarga 212 million dollar sarflagan bo`lsa, 2015 yilda atigi 120 million, 2016 yilda 193 million va 2017 yilda 155 million dollar sarflagan.
Ammo 2018 yilga kelib mazkur ko`rsatkich keskin ko`tarilib, 319 million dollargacha etgan, 2019 yilda esa 440 million dollarni tashkil etdi.
Ekspertlar import mashinalarga qiziqishning ortishiga sabab sifatida qimmat inomarkalar va elektromobillarni olib kelishda davlat tomonidan engillik berilganini aytmoqda. Ushbu imtiyozlar yil bo`yi amalda bo`ldi va 2020 yil 1 yanvardan ushbu engillikning birinchisi o`z kuchini yo`qotdi, ammo ikkinchisi, ya`ni elektromobillar uchun hali ham amal qilmoqda.
24.01.2020 19:36
2019 yilda xorijiy avtomobillar xaridi uchun 440 million dollar sarflabmiz
