AsosiyJamiyat

EXHT DIIHBdan kuzatuvchilar missiyasining asosiy guruhi mamlakatimizga keldi

Ayni paytda EXHT DIIHBdan kuzatuvchilar missiyasining 12 kishidan iborat  asosiy guruhi mamlakatimizga keldi. 21 fevral kuni bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida MDH va EXHT DIIHBdan kuzatuvchilar missiyalarini ro`yxatga olish to`g`risida qaror qabul qilindi, deb yozadi uz24.uz O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi ma`lumotlariga tayanib.

Siyosiy partiyalarning vakillari, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi (DIIHB) kuzatuvchilar missiyasi a`zolari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan majlisda ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish hamda uni o`tkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradilar. Oshkoralik va ochiqlikni ta`minlash O`zbekiston saylov tizimining asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi.

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq saylov jarayonini kuzatishda ham milliy, ham xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etish imkoniyati nazarda tutilgan. Kuzatuv saylov jarayonining barcha bosqichlarida amalga oshirilishi mumkin. Bu esa xalqaro saylov amaliyotida kamdan-kam uchraydigan holatdir.

Markaziy saylov komissiyasi oldingi saylovlarda bo`lgani kabi O`zbekiston joriy yil 29 mart kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun Evropa, Osiyo, Amerika va Afrika mamlakatlaridan ko`p sonli xorijiy kuzatuvchilarni, shuningdek xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar missiyalarini taklif etdi.

    Boshqa yangiliklar