O`zbekiston Futbol Federasiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov Markaziy Osiyo Futbol Uyushmasi (Central Asian Football Association) ga prezident etib tayinlandi. Bu haqda O`zbekiston futbol federasiyasining axborot xizmati xabar beradi.
2015 yilning 9 yanvarida Avstraliyaning Melburn shahrida bo`lib o`tgan Osiyo Futbol Konfederasiyasi (OFK) ning navbatdan tashqari Kongessida tashkilot ustaviga o`zgartirishlar kiritilgan edi. Unga ko`ra OFK a`zo 47 ta futbol federasiyalari 5 ta (bungacha 4 ta) geografik mintaqaga bo`linishi belgilab qo`yilgan va yangi Markaziy Osiyo mintaqasini tashkil qilish Konress a`zolari tomonidan ma`qullangan edi.
OFKning ushbu islohotlari doirasida Markaziy Osiyo mintaqasi futbol federasiyalarining mutasaddi shaxslari Quvaytda yig`ilib, Markaziy Osiyo Futbol Uyushmasining qarorgohini Toshkent shahrida tashkil qilishga kelishib oldilar. Ayni paytda tashkilotni ro`yxatga qo`yish bo`yicha ishlar olib borilmoqda.
OFK ustaviga kiritilgan yangi o`zgartirishlarga ko`ra, endilikda, Markaziy Osiyo mintaqasi uchun tashkilot Ijroiya Qo`mitasidan 3 ta joy ajratiladi.





