1

Quvada "Tez yordam"ga qo`ng`iroq qilgan fuqaro shifokorga "Uyga yolg`iz kirasan!" deb talab qo`ydi

Jamiyat 05.02.2020, 16:01
Quvada "Tez yordam"ga qo`ng`iroq qilgan fuqaro shifokorga "Uyga yolg`iz kirasan!" deb talab qo`ydi

Gap boshidayoq aytib qo`ysak: shiforkor sog`-salomat, unga tan jarohati etkazilmagan, biroq voqealar rivoji zo`ravon o`ylaganidek rivojlangandami... o`x, oqibatini tasavvur qilishning o`zi qo`rqinchli!

Endi bir boshdan.

O`tgan yilning 29 noyabr kuni qoq peshinda Quva tumani «Tez tibbiy yordam» bo`limiga (TTYoB) Yu.Olim degan shaxs (1966 y. t. sudlangan)  kelib, xotini va farzandining mazasi qochib qolgani, zudlikda yordam ko`rsatish kerakligini aytadi. Yu.Olim spirtli ichimlik ta`sirida edi, biroq «Tez yordam»dagilar murojaatchining xushyor yoki mast ekaniga qarab harakatga tusharmidi?!

Darhol  Yu.Olim bilan birga yo`lga tushildi.

Aytilgan manzilga kelinsaki, xonadonga qulf ekan! Holat shubhalimi? Balli. Shu bois TTYoB shifokori T.Muhabbat (ism-shariflar o`zgartirildi) ichkariga yolg`iz emas, haydovchi I.Ikrom bilan birga kirajagi aytadi. Biroq bunga Yu.Olim rozi bo`lmaydi: shofyoring kirmaydi, bir o`zing kirasan!

Shifokorning shubhasi haydovchiga ham o`tdi: bir emas, ikkita kasal bor deyilayotgan xonadon qulf, ustiga ustak, ichkariga faqat shifokorning o`zigina kirishi talab qilinmoqda?!

Haydovchi mashinadan tushadi: do`xtir bilan birga kiraman!

Yana rad javobi yangraydi: yo`-o`q, sen kirmaysan, do`xtirning bir o`zi...

Vaziyat qanchalar shubhali va tarang bo`lmasin, shundayam shifokor murosaga boradi: xo`p, mayli, haydovchi ichkariga kirmaydi, qo`shnilardan birortasini chaqiraylik, ular hamroh bo`lsin menga...

Biroq qo`shnini chiqarishga ulgurmaydi. Shifokorni yolg`iz ichkariga kiritilmaganidan jazavaga tushgan Yu.Olim  avvaliga tosh bilan «Tez yordam» oynasini chil-chil sindiradi, kamiga haydovchining ham yuziga (tosh bilan) urib, xushidan ketkazadi...

...Keyinroq, holat yuzasidan surishtiruv ishlari o`tkazilganda ma`lum bo`ladki, Yu.Olimning na xotini, na farzandining mazasi qochgan,  o`sha kuni uyida rostdan ham hech kim yo`q, umr yo`ldoshi bolalari bilan Andijonga — qarindoshining to`yiga ketgan ekan...

«Tez tibbiy yordam»ga o`z oyog`i bilan borib, shifokorni uyiga chaqirishdan muddo ne edi? Xizmat mashinasiga zarar etkazib, kamiga haydovchini tosh bilan urib, xushidan ayrigan Yu.Olimga qanday chora ko`rildi?

Shu va shu kabi savollarga javob topmoq niyatida jinoyat ishlari bo`yicha Quva tuman sudiga murojaat qilindi.  Tuman jinoyat sudida bunday ish ko`rilmaganini bilgach, surishtiruvlar davom ettirildi. Ayon bo`ldiki, Yu.Olimga nisbatan jinoyat emas, balki ma`muriy huquqbuzalikka oid ish qo`zg`atilgan ekan?! Ajab, yolg`on ma`lumot berishdan tashqari haydovchini haqoratlab, kamiga tosh urib, xushidan ketadigan darajada jarohat etkazgan, ustiga ustak, davlat mulki bo`lgan mashina oynasini chil-chil qilgan shaxs nahot jinoiy emas, ma`muriy javobgarlikka tortilsa?

Quva tuman ma`muriy sudi raisi Azizbek Jumaev (Yu.Olimga nisbatan qo`zg`atilgan) ma`muriy huquqbuzarlikka oid ish sudga kelib tushganini tasdiqladi. Biroq «delo»ni prokuraturaga qaytarib yuboribdi.

Sabab?

Sud raisiga ko`ra, ma`muriy huquqbuzarlikda ayblanayotgan shaxs xatti-harakatlarida jinoyatlar alomatlari bor degan xulosaga kelindi, asos shu.

Demak, «delo» suddan o`tmagan, aksincha, sudda «sinibdi». Mavjud holatlarga qayta  surishtiruv va tergov jarayonida yanada oydinlik kiritilar, qolaversa, oldinda yana sud bo`lishi ehtimoliyam katta. Endi bu yog`i vaqt hukmidagi masala...  Shunday ekan, yozuvlarga nuqta qo`ysakmi?

Yo`q, til uchida turgan bir-ikki mulohazalarni aytmasak bo`lmas.

Shifokorga  bo`layotgan turli ko`rinishdagi tajovuzlar ko`payotgani bor gap. Ozmuncha salomatlik posbonlari jabr chekdimi, chekmayaptimi? Birining burni singan, yana ko`zidan mosuvo bo`lgan... Tajovuzlarda hatto hamshira qizlar qochib qutulayotgani yo`q. Biroq ularning muhofazasi, samarali himoyasi masalasining huquqiy asoslari hamon muallaq turibdi. Ildamlash kerakday...

Ikkinchidan, Yu.Olimga nisbatan ochilgan ma`muriy huquqbuzarlikka oid ish suddan «sinib» qaytgani-ku, ko`ngilda shubha ustiga shubha tug`diradi. Ichki ishlar xodimi jiddiy  surishtiruv o`tkazganmi o`zi?  Yaqqol jinoyatga tortib turgan holatni «randalab-andavalab», «ma`muriy»ga aylantirishdan murod ne? Buning sababi pofessional salohiyatga borib taqladimi yoki professional halollikka?! Hududda jinoyatchilikni kamaytirishga  sun`iy urinishning hosilasimikan bu yo?!

Xullas, savollar ko`p. Ular orasidagi bittasi esa xayolda aylangani-aylangan: «Tez tibbiy yordam» shifokorini aldab uyga chaqirishdan asl maqsad nima edi? Hech kim yo`q bo`lgan xonadonga «yolg`iz o`zi kirsin», deya oyoq tirab olish-chi? Nima deyishniyam bilmaysan, kishi.  «Ichkari»da shifokor  sergo`sht dimlama bilan mehmon qilinmas edi — shunisi aniq!

Shifokorlar munosabat shu darajaga tushib qoldimi?!

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1