1

1 oktyabrgacha chegarada Situasion markaz ishga tushiriladi

Siyosat 05.02.2020, 21:00
1 oktyabrgacha chegarada Situasion markaz ishga tushiriladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 5 fevral kuni tashqi iqtisodiy faoliyat tizimini isloh qilish bo`yicha ustuvor vazifalarga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

So`nggi 3 yilda qo`shni davlatlar bilan chegara orqali o`tgan insonlar soni 2 baravarga, transport vositalari soni qariyb 3 baravarga oshgan. Lekin hozirgi infratuzilma bunday talabga to`la javob bermaydi.

Masalan, ayrim veterinariya va karantin punktlarida zarur jihozlar yo`q. Chegaradagi sanitariya va epidemiologiya xizmati ham tashqi xavflarga tayyor emas.

Yuklar oqimini taqsimlash ishlari oqilona tashkil etilmagan. Bojxona xizmatida postlarni masofadan nazorat qilish tizimi – Situasion markaz yo`qligi oqibatida postlarda tirbandliklar paydo bo`lmoqda. Bu tadbirkorlar uchun ham, davlat byudjeti uchun ham ortiqcha xarajat keltirib chiqarmoqda.

Shu bois mutasaddilarga chegara postlarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, joriy yil 1 oktyabrga qadar Situasion markazni ishga tushirish bo`yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, chegaradosh davlatlar bilan yuklarni “bir bekatda tekshirish” tizimini yo`lga qo`yish lozimligi qayd etildi.

Tashqi savdo nazorati idoralari chet ellardagi hamkasblari bilan yaqindan ishlab, tajriba almashishi, ularning tekshiruv-sinov laboratoriyalarini yurtimizda tashkil etib, tovarlarni xorijiy talablarga mos ruxsatnomalar bilan jo`natishni yo`lga qo`yishi kerakligi ta`kidlandi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonlarini soddalashtirish uchun milliy qonunchilikni bojxona, sanitariya-epidemiologiya, transport, standart, veterinariya, karantin yo`nalishidagi xalqaro kelishuvlarga uyg`unlashtirish zarurligi ko`rsatib o`tildi.

Yig`ilishda kadrlar masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi. Bojxona institutida o`qitish jarayoni zamon talabiga javob bermasligi qayd etilib, uning faoliyatini tubdan takomillashtirish, shuningdek, veterinariya va karantin xodimlarini xalqaro andozalar asosida qayta tayyorlash muhimligi qayd etildi. Xalqaro bojxona tashkiloti bilan erishilgan kelishuvga muvofiq kadrlar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarga to`xtalib o`tildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1