AsosiyIqtisodiyot

O`zbekistondagi ishsizlar soni ma`lum qilindi

'O`zbekistondagi ishsizlar soni ma`lum qilindi'ning rasmi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan 2019 yilning dekabr oyida ijtimoiy so`rovnoma o`tkazildi. Unda yurtimizdagi 485 ta fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xo`jaligi va 25,8 ming nafar fuqaro qamrab olingan. Bunda 108 ta shahar va tuman aholisi ishtirok etgan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabariga asoslanib Zamin.uz ma`lum qildi.

Tadqiqot natijalargiga ko`ra, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 9,0 foizni tashkil etgan, bu esa 2018 yilga nisbatan 0,3 foizga pasayganligini ko`rsatadi. Ishga muhtoj bo`lgan aholi soni 1 335,3 mingni tashkil etadi, 16-30 yoshli aholi o`rtasida ishizlik 15 foizni, ayollar o`rtasida 12,8 foizni tashkil etadi.

2019 yilda mehnat resurslari soni 19 007,8 ming kishiga etdi, bu 2018 yilga nisbatan 100,9 foizni tashkil etadi. Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo`lganlar soni 13 541,1 ming kishini tashkil qildi (o`tgan yilga nisbatan 102 foiz).
2019 yilda ilk bor rasmiy sektorda band aholi soni 2018 yilga nisbatan 3,7 foizga ko`payib, 5 712,1 ming kishini tashkil qildi.

Norasmiy sektorda band bo`lganlar soni (mehnat migrantlarini hisobga olmaganda) 5 368,3 ming kishini tashkil etdi. Ish o`rinlarini legallashtirish bo`yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida norasmiy vaqtinchalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar 19,6 mingga, ro`yxatdan o`tmasdan va tegishli ruxsatnomasiz faoliyat ko`rsatayotgan tadbirkorlar 42,8 mingga kamaygan.

2019 yilda iqtisodiy nofaol aholi sonining kamayishi kuzatildi. Jumladan, ishlashni xohlamayotganlar yoki darhol ishga joylashishga imkoniyati yo`qlar 73,9 mingga yoki 9,6 foizga kamaygan, bu esa aholining mehnat va tadbirkorlik faolligi ortganligini bildiradi.

O`rganishlar natijasi shuni ko`rsatdiki, mamlakatimizdan tashqariga ishga ketganlar soni 2 460,2 ming kishini tashkil etgan, bu esa o`tgan yilning mos davriga nisbatan 103,2 foizga teng.

2019 yilda tuman (shahar) Aholi bandligiga ko`maklashish markazlariga 773 452 fuqaro ish topishga yordam so`rab murojaat qilgan (ular orasida 30 yoshgacha bo`lganlar soni 218 025 nafarni tashkil etgan). Murojaatchilarning 356 897 nafari ish bilan ta`minlandi, 263 230 kishi jamoat ishlariga, 36 750 nafar fuqaro kasbga o`qitishga jalb qilindi. 57 874 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.

Bandlikka ko`maklashish Davlat jamg`armasi hisobidan ishga olgan ishsiz fuqarolarning kasbiy malakasini oshirayotgan ish beruvchilarga, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo`lgan ishsizlarga, shaxsiy tomorqalarini rivojlantirayotgan fuqarolarga, shuningdek, aholininig ehtiyojmand qatlamlarini ishga olgan korxonalarga 12,2 mlrd so`m miqdorda beg`araz yordam (subsidiyalar) ajratildi, natijada 12,9 ming nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta`minlandi.

39,1 mingdan ortiq o`z-o`zini band qilib, uy sharoitida ishlayotgan fuqarolarga (bemorlar va keksalarga qarab turish, uy ishlarini bajarish, mebel ta`mirlash, santexnika va elektromontaj ishlari, avtomobillarni ta`mirlash va yuvish, repetitorlik qilish va hokazo faoliyat turlari bo`yicha) mehnat stajini hisoblash va pensiya olish huquqini berayotgan vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berildi.

Boshqa yangiliklar