AsosiySiyosat

28 fevral kuni 2-yalpi majlis belgilandi. Senat qanday masalalarni ko`rib chiqmoqchi?

'28 fevral kuni 2-yalpi majlis belgilandi. Senat qanday masalalarni ko`rib chiqmoqchi?'ning rasmi

2020 yil 19 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi, deya ma`lum qildi Senat Matbuot xizmati.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva Kengash majlisini ochar ekan Prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga yo`llagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan dolzarb vazifalarning, shuningdek parlament yuqori palatasi zimmasiga yuklangan vakolatlarning amalga oshirilishi borasida Senat a`zolarining mas`uliyati haqida to`xtalib o`tdi.

Majlisda Senatning ikkinchi yalpi majlisini joriy yil 28 fevral kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Yalpi majlisda Senat a`zolari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq sohalaridagi islohotlarni izchil davom ettirish, mahalla va oila institutini mustahkamlash, bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari hamda muhim masalalar muhokama qilish nazarda tutilmoqda.

“O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida”gi, “Aholini ro`yxatga olish to`g`risida”gi, “Metrologiya to`g`risida”gi, “Xalqaro tijorat arbitraji to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidan.

Shuningdek, senatorlar bola huquqlarining qo`shimcha kafolatlari belgilanishi, sud ish yurituviga axborot texnologiyalarini joriy etish davom ettirilishi va nizolarni sudgacha hal qilish muddatlari maqbullashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritishni nazarda tutadigan qonunlarni ko`rib chiqadilar. 

Yalpi majlisda “Xalqaro xususiy huquq bo`yicha Gaaga konfrensiyasi Ustavini (Gaaga, 1951 yil 31 oktyabr) ratifikasiya qilish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama etiladi.

Senatorlar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-madaniy muhitni sog`lomlashtirish, mahalla institutini qo`llab-quvvatlashni davom ettirish hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmonini tasdiqlash haqidagi masala ham ko`rib chiqiladi.

Senat a`zolari O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019 yilda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati to`g`risidagi, Tashqi ishlar vazirining 2019 yilda Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo`yicha faoliyati haqidagi axborotlarini eshitadi.

Yalpi majlis ishtirokchilari Vazirlar Mahkamasiga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan parlament so`rovi yuborish to`g`risidagi masalani ko`rib chiqadilar.

Shuningdek, yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasiga avval yuborilgan parlament so`rovlari natijalarini ham muhokama qilish nazarda tutilmoqda.

Oliy Majlis Senati qo`mitalari va devonining ikkinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida ishchi guruh tuzildi.

Kengash tomonidan Senat qo`mitalariga yalpi majlisda muhokama uchun masalalarni tayyorlashda hududlar manfaatlarini hisobga olish, aholini tashvishga solayotgan muammolarni ochib berish va hal etish bo`yicha ijro hokimiyati organlari uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqish topshirig`i berildi.

    Boshqa yangiliklar