Bugun, 24 fevral kuni Prezidenti Shavkat Mirziyoev kimyo sanoatini isloh qilish bo`yicha istiqbolli rejalar hamda joriy yilda amalga oshiriladigan asosiy vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda O`zbekiston Prezidentining Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Davlatimiz rahbari shu yil yanvar oyida parlamentga yo`llagan Murojaatnomada va Oliy Majlis palatalari qo`shma majlisida kimyo sohasiga alohida e`tibor qaratib, hukumat oldiga uni modernizasiya qilish, ilm-fan va innovasiyalarni keng joriy etish bo`yicha qator vazifalar qo`ygan edi.
Bu bejiz emas. Chunki mazkur tarmoqda muammolar, hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko`p. Jumladan, yurtimizda ishlab chiqarish mumkin bo`lgan, murakkab tarkibga ega bo`lmagan kimyo mahsulotlari chetdan olib kelinmoqda. Eksport strukturasi diversifikasiya qilinmagan, bunda hanuzgacha mineral o`g`itlar ulushi juda katta. Ishlatilayotgan uskunalar 60 foiz eskirgan, energiya sarfi me`yordan 2-3 baravar ortiq.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o`tgan yig`ilishda sohani isloh qilish, korxonalar samaradorligi va salohiyatini oshirish bo`yicha vazifalar belgilandi.
Tarmoqdagi har bir korxona faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, mahsulotlar sifatini oshirish, energiya sarfini kamaytirish hisobiga tannarxni pasaytirish bo`yicha topshiriqlar berildi. “Raqamli texnologiyalar”ni qo`llash, inson hayoti uchun xavfli jarayonlarda avtomatizasiya darajasini ko`tarish muhimligi qayd etildi.
Kimyo sohasida yangi yo`nalishlarini rivojlantirish, bunga xorijiy investorlarni keng jalb qilish zarurligi ta`kidlandi.
To`qimachilik, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, iste`mol tovarlari, oziq-ovqat va farmasevtika uchun zarur xomashyo ishlab chiqarish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid ishlab chiqarishni tez muddatda loyiha quvvatiga olib chiqish hamda ikkinchi bosqichini loyihalashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
“Farg`onaazot” aksiyadorlik jamiyati, Qo`ng`irot soda zavodi va Dehqonobod kaliyli o`g`itlar zavodida davlat ulushini investorlarga sotish masalalariga ham to`xtalib o`tildi.
Kichik tonnajli kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, shu maqsadda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida bo`sh turgan maydonlar negizida ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Ma`lumki, joriy yil mamlakatimizda Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e`lon qilinib, har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yo`nalishini rivojlantirish belgilab olindi. Taraqqiyotimizning hozirgi bosqichidagi muhim yo`nalishlardan biri esa kimyo sohasidir.
Shu bois bugungi yig`ilishda ushbu tarmoqda ta`lim va ilm-fanni takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash juda muhimligi ta`kidlandi. Ilm-fan va ishlab chiqarish o`rtasidagi aloqani mustahkamlash, buning uchun tadqiqotlarning soha korxonalari ehtiyojiga hamohangligini ta`minlash zarurligi ko`rsatib o`tildi.
Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etish, Toshkent kimyo texnologiya institutida mutaxassisliklar va o`quv dasturlarini takomillashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Mutasaddilar yig`ilishda muhokama qilingan masalalar va sohadagi istiqbolli rejalar yuzasidan axborot berdi.






