O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko`rib chiqdi.
Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining va Oliy Majlis Senati Kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi Qo`shma qarori bilan tasdiqlangan To`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlarning ixcham o`tkazilishini ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar dasturiga asosan tayyorlangan.
Qonun loyihasi bilan to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar o`tkazish tartibiga qo`yiladigan umumiy talablarga rioya qilmaslik uchun ma`muriy javobgarlik belgilanishi ko`zda tutilmoqda.
Ushbu tartibni mazkur tadbirlarni o`tkazuvchi shaxs tomonidan buzish – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`lishi nazarda tutilayapti. To`yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari tomonidan bu tartibning buzilishi esa, bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida jarima solishga olib keladi.
Nazarda tutilgan huquqbuzarliklar ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`lishi belgilanmoqda.
Majlisda ayrim deputatlar, fraksiyalar to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar o`tkazish tartibini buzganlik uchun ma`muriy javobgarlikni aholiga emas, balki to`yxona, kafe va restoranlar egalari uchun kuchaytirish lozimligini ta`kidladi.
Bir guruh deputatlar esa, ko`zda tutilayotgan jarima miqdorlarini yanada keskin oshirish bu boradagi tartib-intizomni ta`minlashda muhim omil bo`lishini qayd etdi.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilishi taklif etilayotgan huquqbuzarlikni aniqlash, ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma tuzish hamda o`rnatilgan tartibda ma`muriy sudga yuborish masalasini ichki ishlar organlariga yuklash nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan qabul qilindi.