Kinoni katta dengizga qiyoslayman. Bu dengizda butun umr maza qilib suzish va aksincha, cho`kib izsiz ketish ham mumkin. Qoraqalpoq elining yana bir iste`dodli san`atkori, aktrisa Shahzoda MATChoNOVA ham asli boshqa sohada ta`lim olgan bo`lsa-da, san`atga mehrini berdi va bu sohada ozmi-ko`pmi mavqega erishdi. Ijobiy va salbiy rollarni maromiga etkazib ijro etish orqali kinoda o`z muxlisini topa oldi. Faoliyati davomida “yulduzlik cho`qqisi”, tanqidlar hamda ikki yilik tanaffus davrini boshidan o`tkazgach, u aslida san`at uchun tug`ilganiga amin bo`ldi. Biz bugun u bilan suhbatlashar ekanmiz, uning ichki dunyosi tashqisidan-da go`zalroq ekaniga amin bo`ldik...
— Sizni yana ko`rib turganimizdan xursandmiz.
— Taklif uchun tashakkur.
— Tanaffusdan keyin ijodingizni omadli boshlab olganingizga guvoh bo`ldik. Hatto 2014 yilning eng yaxshi aktrisasi nomzodlari orasida ham sizni ko`rdik.
— Aslida, meni bu nomga loyiq aktrisalar qatoriga qo`shishganidan xursandman. Avvalgi yillarga nisbatan kamroq ijod qilgan bo`lsam-da, e`tiborsiz qoldirishmagani menga yanada katta mas`uliyat yuklaydi. 2015 yilda menga ishongan va ijodimga hurmat bilan qaraganlarning ishonchini oqlashga chin dildan harakat qilaman. 2014 yilning eng yaxshi aktrisasi nomiga Asal loyiq topilganidan juda xursand bo`ldim.
— Ayni kunlarda qanday ijodiy ishlar bilan bandsiz?
— Shu oyning so`nggi kunlarida Alisher Uzoqov rejissyorligida suratga olingan “Kuzda gullagan daraxt” filmi premerasi bo`lib o`tadi. Unda Alisher Uzoqov, Ra`no Shodieva bilan hamkorlikda rol ijro etganmiz.
— Aktrisa Ra`no Shodieva bilan bu birinchi hamkorligingiz emas. Shu o`rinda “Sarob” filmidagi rolingiz haqida gaplashsak. Tan olish kerakki, ilk o`ynagan salbiy rolingiz ishonarli chiqqan...
— (Jilmayib) Tomoshabinni ishontira olganimdan xursandman. Aslida bu rolga uzoq vaqt tayyorgarlik ko`rganman. O`zbek va xorijlik hamkasblarimning rollarini kuzatib, ulardan nimadir o`rganishga harakat qilardim. Ishonsangiz, filmdagi qahramonim ichkilik ichib, o`zini o`limga mahkum qiladigan sahnasini bir dublda suratga olganmiz. Balki bunga xarakterimga juda zid bo`lgan ayol obraziga shu qadar kirishib ketganim sabab bo`lgandir. Tasvirga olish ishlarida yurakdan, maza qilib ishlaganman. “Sarob” repertuarimdagi eng sevimli filmlarimdan biri.
— Ayni kunlarda rejissyor Zulfiqor Musoqovning yangi “Novda” filmida suratga tushdingiz. Ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan suratlaringizning birida qoldirgan izohlaringizda bu hamkorlik siz uchun juda muhimligini aytgansiz…
— Aslida ham ijodim davomida kutgan va sodir bo`lgan yoqimli voqealardan biri bu Zulfiqor Musoqovning filmida suratga tushganim bo`ldi. Aslida kinoga kirib kelishimga qaysidir ma`noda shu rejissyor sababchi, deb bilaman. Aynan Zulfiqor Musoqov ko`p yillar ilgari meni sinash uchun kastingga taklif qilgan edi. Etti yil deganda kutgan hamkorligim amalga oshdi. Ilk bor lirik komediya janrida o`zimni “Novda” filmida sinab ko`rdim. Ssenariyni birinchi marta o`qiganimda “Bu qo`limdan keladimi” degan savolni o`zimga-o`zim ko`p bora berdim. Ammo Zulfiqor Musoqov aktyor bilan ishlashni yaxshi biladigan rejissyor, u bizga katta yordam berdi.
— Aktyor uchun marra nima?
— Aktyor marraga haqiqatan ham charchaganda etib keladi, deb o`ylayman. To`g`ri, kinodan ketish juda qiyin. Uning sehri insonni ipsiz bog`lab qo`yadi. Ammo aktyor ishlashni unutsa, ijodkorga emas, qo`g`irchoqqa aylansa, bu juda katta fojia va shu orqali u o`zi bilmagan holda siz aytgan marra chizig`ini bosadi. Oradagi ikki yillik tanaffusim sabablaridan biri ham shu deyishim mumkin.
— Tug`ilib o`sgan yurtingiz Qoraqalpog`iston haqida nimalar deya olasiz?
— Insonlari bag`rikeng, mehribon. Men ana shu go`zal va betakror go`shada tug`ilib o`sganim bilan faxrlanaman. Har gal Nukusga borsam, u erdagi o`zgarishlarni ko`rib, dilim yayraydi.
— U erdagi siz uchun eng qadrli narsalar bilan tanishtira olasizmi?
— Albatta! Savisskiy muzeyini shak-shubhasiz butun dunyo yaxshi taniydi, deya olaman. Buni muzeyga tashrif buyuradigan sayyohlar sonidan ham bilish qiyin emas. Orol dengizi menga juda qadrli bo`lishi bilan birgalikda yuragimning og`riqli nuqtasi. Dengizning qurishi nafaqat men uchun, balki butun sayyoramiz uchun ayanchli holat. Bundan tashqari, Qoraqalpog`istonning juda boy madaniy tarixi bor...
— Ko`p kitob o`qishingizdan xabarimiz bor. Aynan qaysi janr sizni ko`proq qiziqtiradi?
— Adabiyot, kitobga bo`lgan mehrim hayotimda alohida o`ringa ega. Har qanday holat va kayfiyatimdan qat`i nazar kitob o`qiyman. Aynan mana shu narsa meni tushkunlikdan qutqaradi. Alohida bir janrni ta`kidlashim qiyin. Men adabiyot dunyosining shaydosiman. Uning har bir yo`nalishi men uchun qadrli va qiziqarlidir. Ichki holatimdan kelib chiqib zamonaviy, klassik adabiyotlarni mutolaa qilaveraman. Bugungi kunda esa Anna Frankning “Maktublardagi kundalik” nomli kitobini katta qiziqish bilan o`qiyapman. Yozuvchi o`z kitobida ikkinchi jahon urushi paytida erto`lada oilasi bilan qanday jon saqlaganini batafsil yozgan.
— Kitobdan o`rgangan hayotiy haqiqatlaringiz bormi?
— Har bir kitobdan zarracha bo`lsa-da hayot saboqlariga ega bo`laman. Aslida biz hayotda fojia, deb qaragan narsalar arzimas, e`tiborsiz ekan. Sevish, qadrlash, bir-birini tushunib yashash kabi xislatlar dunyoni saqlab turganini kitobdan o`rgandim.
— Kitobdagi qaysi qahramon siz uchun ideal bo`la oladi?
— Kitoblarda ham butunlay ideal qahramon yo`q. Hammaning yaxshi va yomon tomonlari bo`ladi. Ammo kitoblardagi yaxshilikni o`ziga singdirgan qahramonlardan o`zim uchun ma`lum bir xulosa chiqarib yashashga harakat qilaman.
— Haqiqatni tan olish siz uchun qiyinmi?
— Haqiqat har doim ham butunlay haqiqatligicha qolishi qiyin. Nimadir men uchun chin haqiqat bo`lsa, boshqalarga bu aksincha. Men haqiqatparvarman. Agar biror-bir vaziyatda men adashayotgan bo`lsam, buni tan olishdan qo`rqmayman. Kechirim so`rash ham menga malol emas. Menimcha, inson shunday shakllanishi kerak.
— Qaysi odatingizdan voz kechgan bo`lardingiz...
— Bilasizmi, qalbim juda nozik. Ba`zan arzimagan narsani ham yuragimga yaqin olib, o`zimni qiynab qo`yaman. Shu bilan birgalikda dangasaligim ham bor. Uyquni yaxshi ko`raman. Agar shu salbiy odatlarimni yo`qota olsam, o`zimga foyda qilgan bo`lardim.
— Yigirma, o`ttiz yildan so`ng o`zingizni san`atda ko`ra olasizmi?
— Albatta (kuladi). Yaxshi niyat — yarim davlat.
— Vaqt o`tib sizga talab kamayishidan qo`rqmaysizmi?
— Menga bo`lgan talabning kamayishi muhim emas desam, birinchi o`rinda o`zimni aldagan bo`laman. Har bir ijodkor kabi men uchun ham doimo ijod olamida bo`lish, takliflar qurshovida qolish muhim.
MUZAYYaNA suhbatlashdi