Bugun, 28 fevral kuni soat 10:00da Toshkent shahrida O`zbekiston Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi o`z ishini boshlaydi.
Yalpi majlisda Senat a`zolari tomonidan quyidagi O`zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinishi kutilmoqda:
- “O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida”
- “Aholini ro`yxatga olish to`g`risida”
- “Metrologiya to`g`risida”
- “Xalqaro tijorat arbitraji to`g`risida”
- “Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to`g`risida”
- “Bola huquqlarining qo`shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”
- “Sud ishlarini yuritish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”
- “Xalqaro xususiy huquq bo`yicha Gaaga konfrensiyasi Ustavini (Gaaga, 1951 yil 31 oktyabr) ratifikasiya qilish haqida”.
Senatorlar Prezidentning “Jamiyatda ijtimoiy-madaniy muhitni sog`lomlashtirish, mahalla institutini qo`llab-quvvatlashni davom ettirish hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmonini tasdiqlash haqidagi masalani ham ko`rib chiqadi.
Bu gal kimlar axborot beradi?
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi ichki ishlar vazirining 2019 yilda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati to`g`risida;
Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo`mitasi esa tashqi ishlar vazirining 2019 yilda vazirlik zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo`yicha faoliyati haqida axborot beradi.
Parlament so`rovlari...
Yalpi majlis ishtirokchilari Vazirlar Mahkamasiga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan parlament so`rovi yuborish masalasini ko`rib chiqadi.
Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi va Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postlari faoliyatini o`rganish hoalti yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalarini muhokama qiladi.
Bugun, shuningdek:
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman) o`rinbosari — Bola huquqlari bo`yicha vakili saylanadi.