1

Londonda ETTB Direktorlari kengashining maxsus yig`ilishi bo`lib o`tdi

Siyosat 28.02.2020, 10:51
Londonda ETTB Direktorlari kengashining maxsus yig`ilishi bo`lib o`tdi

Londonda bo`lib o`tgan Evropa tiklanish va taraqqiyot banki Direktorlari kengashining maxsus yig`ilishida O`zbekiston tomonidan ETTB Boshqaruvchisi – Investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ETTB bilan hamkorlikning dolzarb masalalari va uni kengaytirish takliflari bilan murojaat qildi.

Taqdimot davomida o`tkazilgan parlament saylovlari munosabati bilan O`zbekistondagi o`zgarishlarning asosiy yo`nalishlari, ijtimoiy-iqtisodiy sohada tarkibiy islohotlarni amalga oshirish borasidagi yutuqlar, xalqaro moliya institutlari, xususan, ETTB bilan hamkorlikning tahlili yoritildi.

 Shuningdek, murojaatda O`zbekistonning ETTB ni o`rta muddatli istiqbolda strategik rivojlantirishga oid asosiy masalalari bo`yicha pozisiyasi aks ettirildi va shu nuqtai nazardan, O`zbekiston va ETTB o`rtasidagi hamkorlik samaradorligini ustuvor tarmoqlarda yangi iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan loyihalar hajmining ko`paytirish orqali tubdan oshirish zarurati asoslantirib berildi.

Shuningdek, murojaat doirasida 2023 yilda ETTB Boshqaruv kengashining yillik yig`ilishini Samarqand shahrida o`tkazish taklifi taqdimot qilindi. Bu taklif Kengash a`zolari va Bank rahbariyatining ijobiy reaksiyasiga sabab bo`ldi – bugungi kunda Samarqand barcha mezonlar bo`yicha ushbu tadbirni o`tkazish huquqiga asosiy da`vogarlaridan biri bo`lib qolmoqda.

Savollar va izohlar bo`yicha keyingi sessiyalar davomida Kengash a`zolari tomonidan O`zbekistondagi tashabbus va o`zgarishlarni, shu jumladan ustuvor tarmoqlarni isloh qilish orqali iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini boshlash, Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`lish bo`yicha faol ish olib borish orqali global iqtisodiy makonga integrasiyalashish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishni har tomonlama qo`llab-quvvatlashlari bildirildi.

 Yig`ilish yakunida O`zbekiston tomonidan ilgari surilgan takliflar Bank rahbariyati Prezident S.Chakrabarti tomonidan qo`llab-quvvatlandi va Direktorlar kengashi a`zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.

Shuningdek, Xorazm viloyatida davlat ahamiyatidagi umumiy foydalanish avtomobil yo`llarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun O`zbekiston Respublikasiga uzoq muddatli moliyalashtirish taqdim qilish to`g`risidagi kelishuvni imzolash marosimi bo`lib o`tdi.

 Undan so`ng Investisiyalar va tashqi savdo vaziri ETTB rahbariyati Prezident S. Chakrabarti, Birinchi vise-prezident J.Rigtering, vise-prezident A.Pillou, Bosh kotib E.Kvatrochokke, Direktorlar kengashi a`zosi 
R. Vinzap va Markaziy Osiyo mintaqasi bo`yicha direktori A.Kusvek bilan qator uchrashuvlar o`tkazib, hamkorlikning bugungi kundagi holati va yaqin kelajakdagi rejalar batafsil muhokama qilindi.

ETTB shtab-kvartirasida ishlaydigan vatandoshlar bilan alohida uchrashuv bo`lib o`tdi – ochiq muloqot shaklida O`zbekistondagi islohotlar jarayoni, xalqaro moliya institutlari, shu jumladan ETTB bilan investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, davlat tuzilmalari va idoralari faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Mamlakatimiz iqtisodiy tizimini takomillashtirishga ko`mak beruvchi qimmatli zaxira sifatida xorijiy mamlakatlarda O`zbekistonlik yuqori malakali mutaxassislarga ega bo`lish muhimligi ta`kidlandi hamda bunday mutaxassislarning tajribasi va bilimlari juda foydali bo`lishi mumkin bo`lgan aktual yo`nalishlar belgilab olindi.

O`z navbatida, ETTB xodimlari O`zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy yo`naltirilgan loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar va vositalar to`g`risida fikr va takliflari bilan o`rtoqlashdilar.

 Uchrashuv yakunida ma`lumot, fikr va takliflar almashish orqali, shu jumladan  vatandoshlarni O`zbekistonda ishlashga jalb qilish imkoniyatini istisno qilmagan holda, yaqin hamkorlik o`rnatish borasida kelishuvga erishildi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1