AsosiyJamiyat

Ana xolos... Endi terminaldan foydalanganlik uchun ham vositachilik haqi olinadi

'Ana xolos... Endi terminaldan foydalanganlik uchun ham vositachilik haqi olinadi'ning rasmi

To`lov terminallari infratuzilmasida yagona vositachilik haqi joriy etilishi to`g`risida Markaziy Bank axborot bermoqda. "Bank kartalari orqali to`lovlar amalga oshirilishida xalqaro tajriba bo`yicha vositachilik haqi, qoida tariqasida, bank kartasi saqlovchisidan (egasidan) emas, to`lovlarni qabul qiluvchi savdo va xizmat ko`rsatish sub`ektlaridan olinadi. Ushbu vositachilik haqi banklarga to`lov infratuzilmasiga xizmat ko`rsatish bilan bog`liq xarajatlarini qoplash va banklararo vositachilik haqini to`lash imkonini beradi. Hozirda xorijiy davlatlarda bank vositachilik haqining miqdori to`lov vositalarining turlariga (debet/kredit kartalari, internet orqali onlayn to`lovlar va h.k.), sub`ektlarning faoliyat turiga (davlat tashkilotlari, supermarketlar, aviakassalar, mehmonxonalar, restoranlar, dorixonalar) bog`liq bo`lib, odatda 1 foizdan 3 foizgacha belgilanadi.

O`z navbatida, to`lov tizimlariga bepul xizmat ko`rsatilishi xalqaro standartlar talablariga mos kelmaydi, shuningdek, to`lov xizmatlari va to`lov infratuzilmasini rivojlantirishni, yangi to`lov mahsulotlariga investisiya kiritishni rag`batlantirmaydi.

Shu munosabat bilan xalqaro tajribadan kelib chiqib, bank xizmatlarini bozor mexanizmlariga o`tkazish maqsadida tijorat banklari va to`lov tizimlari operatorlari bilan kelishilgan holda, 2020 yil 2 martdan boshlab mamlakatning barcha savdo va xizmat ko`rsatish sub`ektlari uchun o`rnatilgan to`lov terminallari infratuzilmasida savdo tushumining 0,2 foizi miqdorida vositachilik haqi kiritilishi to`g`risida qaror qabul qilindi.

Bu tadbir bir tomondan to`lov infratuzilmasini rivojlantirish uchun xarajatlarni qisman qoplashga, boshqa tomondan bank kartalari yordamida to`lovlarni muntazam amalga oshiruvchi mijozlarga turli bonus, diskont va rag`batlantiruvchi dasturlarni (keshbeklar) taklif qilishga imkoniyat yaratadi, pirovard natijada esa, naqd pulsiz hisob-kitoblarni ko`payishiga olib keladi", - deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar