1

Jinoyatchilik qaysi qatlamda ko`pligi aniq bo`ldi va bunga aybdorlar ham...

Jamiyat 09.03.2020, 17:59
Jinoyatchilik qaysi qatlamda ko`pligi aniq bo`ldi va bunga aybdorlar ham...

“Birgina 2019 yilda umumiy jinoyatlar qariyb 3 mingtaga yoki 6 foizga kamaygan”, “Mavjud 9.116 ta mahalladan 3.074 tasi yoki har uchinchisida jinoyat qayd etilmagan”, ammo “51 ta tuman va shaharda qotillik jinoyati ko`paygan”, “32 nafar mahalla raisi, 16 nafar posbon jinoyatlarga qo`l urgan”...

Bu raqamlar Bosh prokuraturada Jinoyatchilikka qarshi kurash bo`yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashining kengaytirilgan yig`ilishida ma`lum qilindi. Tizimda ana shunday yutuqlar bilan birga dilni xira qiluvchi aniq faktlar ham borligi sohadagi islohotlarga soya solayotgani qayd etildi. O`zbekiston Respub­likasi Bosh prokurori Nig`matilla YO`LDOShEV e`lon qilgan tahlillar natijasiga ko`ra, 2019 yilda jinoyatlar soni Buxoro, Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyativa Toshkent shahrida yuqoriligicha qolgan. Boshqa tahlil natijalari ham shu jamiyat a`zosi bo`lgan istalgan kishini o`yga toldirishi shubhasiz...

                                  "51 TA TUMAN VA ShAHARDA QOTILLIK JINOYaTI KO`PAYGAN"

— Tahlillarga ko`ra:

  • Qotillik jinoyati Toshkent, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida, 
  • Og`ir shikast etkazish Qashqadaryoda, 
  • Nomusga tegish Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryoda, 
  • Bosqinchilik Sirdaryo, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida sezilarli darajada oshgan.

Profilaktik tadbirlar etarli darajada olib borilmaganligi oqibatida 51 ta tuman va shaharlarda qotillik jinoyati ko`paygan.

Ushbu jinoyatlarning 28 foizi: 

  • er-xotin, 
  • aka-uka,   
  • ota-o`g`illar o`rtasida yuz bergan.

                                       ILGARI SUDLANGANLARNING TAKROR JINOYaTLARI

— Farg`ona va Toshkent viloyatlarida ilgari sudlangan shaxslar tomonidan Navoiy, Toshkent va Farg`ona viloyatlarida mast holda jinoyat sodir etish holatlari ko`paygan.

Ichki ishlar vazirligida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazolarni ijro etishga mas`ul  Probasiya xizmatiga yuklatilgan vazifalar etarli darajada bajarilmagan.

Misol uchun...

— Muqaddam giyohvandlik moddasini o`tkazish jinoyati uchun sudlanib, Gulis­ton shahar IIB probasiya xizmatida jazo o`tayotgan B. jinoiy sheriklari bilan fuqaro M.ning uyiga bostirib kirib, 90 mln. so`mlik tilla buyumlarini qo`lga kiritgan.

Og`ir tan jarohati etkazish jinoyati uchun sudlanib, Jizzax shahar IIB probasiya xizmatida hisobda turgan T. jinoiy sheriklari bilan niqobda fuqaro A.ning uyiga bostirib kirgan. Voyaga etmagan farzandini qo`l va oyoqlarini bog`lab, 250 mln. so`m puli va 32 mln. so`mlik tilla buyumlarini egallagan.

                       "32 NAFARMAHALLA RAISI, 16 NAFAR POSBON JINOYaTLARGA QO`L URGAN"

— Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda davlat boshqaruv idoralari va jamoat tashkilotlari hamkorligi to`g`ri yo`lga qo`yilmaganligi oqibatida o`tgan yilda mamlakatdagi qariyb 
67 foiz mahallalarda jinoyat sodir etilgan, 1 797 tasida jinoyatlar oshgan. Sodir etilgan jinoyatlarni mahallada muhokama qilish va sabablarini bartaraf etish mahalla raislaridan faollikni talab qiladi. 

2019 yilda 32 nafar mahalla raisi, 16 nafar posbon va kotiblar turli jinoyatlarga qo`l urgan.

 

                                "210 NAFAR O`QUVChILAR SOVUQQUROL OLIB YuRGANI ANIQLANGAN"

— Xotin-qizlar huquqbu­zarliklar profilaktikasini tashkil etish borasidagi faoliyat ham kutilgan samarani bergani yo`q.

Ayollar tomonidan: 

  • 11 ta bosqinchilik, 
  • 38 ta qotillik, 
  • 75 ta og`ir tan jarohati etkazish, 
  • 484 ta o`g`rilik, 
  • 202 ta giyohvand moddalar muomalasi bilan bog`liq jinoyatlarga qo`l urilgan.

 

Misol uchun...

— Koson tumanida yashovchi, og`ir ahvoldagi, kam ta`minlangan 25 yoshli Z. o`zining yangi tug`ilgan chaqalog`ini onasi bilan birga 5 mln. so`mga sotayotganda ushlandi. Z. ham, uning onasi ham kam ta`minlangan, ko`p yillardan buyon ishsiz bo`lsa-da, ularni ish bilan ta`minlash, hayot tarzini o`rganish choralari ko`rilmagan. Tergov davomida Z. farzandi og`ir sharoitda voyaga etishini xohlamaganligi sababli uni sotishga qaror qilganligini ko`rsatgan.

Bu muammolarni hal etishda xotin-qizlar qo`mitalari, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi ham etarli tashab­bus ko`rsatmagan. Xotin-qizlar qo`mitalari, “Mahalla”, “Nuroniy” tuzilmalari, “Oila” ilmiy-amaliy markazi faoliyatidagi kamchiliklarni hisobga olib, 18 fevral kuni Davlatimiz rahbari yangi Farmonga imzo chekdilar.

Mazkur Farmonga ko`ra, jamiyatda ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo`llab-quvvatlash, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish bo`yicha qator chora-tadbirlar belgilandi.

Jumladan, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etiladi. Mahalla va oila­ni qo`llab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy tuzilmalari faoliyati yo`lga qo`yilmoqda.

 

                                                   YoShLAR JINOYaTLARIGA QARShI KURAShDA DAVOMAT MUHIM

— Maktab o`quvchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oshgan.

Misol uchun...

— Yashnobod tumanida maktab o`quvchisi Sh. o`zaro janjal oqibatida tanishi X.ni o`ldirib, jasadini hovlidagi quduqqa tashlab yuborgan. Voqeaga guvoh bo`lgan marhumning turmush o`rtog`i X. va uning dugonasi K.ni ham o`ldirish maqsadida hayotiga suiqasd qilgan. Sh. 7 oy davomida darsga qatnashmay, marhum X.ning uyida ishlab kelgan bo`lsa-da, sinf jurnallarida “sababli dars qoldiruvchi” sifatida qayd etib kelingan.

Angren shahridagi maktab o`quvchisi J. tanishi S.ning 42 mln. so`mlik tilla buyumlarini qo`lga kiritish uchun uni pichoq bilan qasddan o`ldirgan.

Voyaga etmaganlar o`rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishda davomat muhim ahamiyat kasb etadi.

Bosh prokuratura tomonidan o`tkazilgan davomat tadbirida 2019 yil 9-14 noyabr kunlari Toshkent shahar maktablarida 4 215 nafar, 11-27 noyabr kunlari Qashqadaryoda 1 057 nafar o`quvchilar darslarga sababsiz qatnashmaganligi aniqlangan.

                                                                  SOVUQ QUROLLAR OLIB YuRISh KO`PAYGAN

— Birgina 2019 yilda ta`lim muassasalarida 210 nafar o`quvchilar sovuq qurol olib yurganligi aniqlangan. O`tgan yilda yoshlar tomonidan pichoqdan qurol sifatida foydalanib, 346 ta jinoyat sodir etilgan. Bular asosan, qotillik, tan jarohati etkazish, bosqinchilik va bezorilik jinoyatlaridir. Ularning aksariyati Surxondaryo, Namangan, Andijon, Qashqadaryo, Toshkent, Farg`ona viloyatlari va Toshkent shahriga to`g`ri kelgan.

Misol uchun...

— Qo`qon shahridagi maktab o`quvchisi O. o`zaro kelib chiqqan janjal oqibatida tanishi 
Y.ning qorin qismiga pichoq urib, og`ir jarohat etkazgan.

Yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasida yoshlar dunyoqarashini shakllantirish, ularga ta`lim-tarbiya berish, ma`naviy-axloqiy tadbirlar samaradorligini oshirish zarur.

Yoshlar ijtimoiy tarmoqlar va boshqa omillar ta`sirida, milliy qadriyat va an`analarga yot g`oyalarga berilayotganligi, ekstremistik va terroristik oqimlarga qo`shilib qolayotganligi barchani tashvishga solishi kerak.

Misol uchun...

Xususan, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 23 yoshli T. ijtimoiy tarmoqlar orqali jihodga da`vat etuvchi ma`ruzalarni ting­lab, Suriyadagi terrorchilik guruhiga borib qo`shilish uchun chiqib ketayotganda ushlangan.

Xulosa o`rnida...

Qayd etilgan tahlillardan anglash mumkinki, tizimda jinoyatni hisobga qo`yish, tezkor-qidiruv va tergov faoliyatidagi kamchiliklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ayrim xodimlari tomonidan inson huquqlarini poymol etish holatlariga o`z vaqtida chek qo`yilmagan. Oqibatda har qancha tizimda islohotlar joriy qilinmasin, ularga soya soluvchi holatlar sodir etilyapti. Shu ma`noda yig`ilish yakunida rahbarlar oldiga qo`yilgan aniq vazifalarga panja orasidan qarash emas, mas`uliyat va vijdon bilan yondashish zarur. Aks holda bunday tahlillarda ijobiy natijalar ko`payishiga umid qilish amrimahol bo`lib qoladi. Shu o`rinda qayd etish kerakki, davlat rahbari Farmoni bilan tuzilgan yangi Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi ayni yuqorida sanab o`tilgan kamchilik­lar bartaraf etilishida asosiy vakolatli tuzilma sifatida mas`ulligini astoydil his etishi zarur. Chunki uning tarkibida qayd etilgan holatlar uchun mas`ul organlarning birlashgan tuzilmasi shakl­landi. Demak, ke­yingi tahlil davrida ijobiy natijalar ayni vazirlikning faoliyati samarasida ko`rinishiga umid qilamiz. Darvoqe, yig`ilish yakunida sanab o`tilgan holatlarni bartaraf etish bo`yicha qabul qilingan qaror ham qog`ozda emas, amalda o`z ifodasini topishiga ishonamiz.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1