"O`zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo`yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta`sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF-73-son, 06.05.2024 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
O`zbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo`yicha 2024 – 2028 yillarga mo`ljallangan milliy strategiya tasdiqlandi.
Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi (Milliy markaz) etib qayta tashkil etildi.
Respublikada giyohvandlik vositalari bilan bog`liq vaziyatni hududlar kesimida ilmiy-amaliy va axborot-tahliliy jihatidan tizimli ravishda chuqur o`rganib borish, asosiy omillar hamda tendensiyalarni aniqlash va prognoz qilish, Milliy markaz faoliyatining asosiy yo`nalishlaridan biri etib belgilandi.
Milliy markaz davlat komissiyasi tomonidan har yili tasdiqlanadigan milliy dasturlar ijrosini muntazam monitoring qilib, belgilangan chora-tadbirlar sifatli hamda o`z vaqtida ijro etilishi bo`yicha tegishli davlat organlari va tashkilotlarga taqdimnoma, taklif va tavsiyalar kiritadi.