1

Quyi Chirchiqda qariyb 5 mlrd. so`mlik BO`SM foydalanishga topshirildi

Sport 10.03.2020, 08:53
Quyi Chirchiqda qariyb 5 mlrd. so`mlik BO`SM foydalanishga topshirildi

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida bolalar va o`smirlar sport maktabi kapital ta`mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.

Loyiha qiymati 4 milliard 835 million so`m bo`lgan (shundan 3 mlrd. 492 mln. so`m davlat byudjeti, 1 mlrd. 343 mln. so`m mahalliy byudjet) mazkur obektning ishga tushirilishi natijasida bu erda ajoyib futbol stadioni, ochiq tipdagi basketbol va voleybol maydonchalari, yugurish yo`lakchasi hamda 12x24 o`lchamdagi sport zal mahalliy yoshlar ixtiyoriga topshirildi.

Endilikda ushbu bolalar va o`smirlar sport maktabida 12 ta sport turi bo`yicha to`garaklar tashkil etilib, ularga qariyb ming nafarga yaqin mahalliy yoshlarni qamrab olish imkoniyati yaratildi.

Tabiiy maysali futbol maydonining o`lchamlari bemalol Professional futbol ligasi tomonidan o`tkazib kelinayotgan Pro-liga musobaqalarini qabul qilish imkonini beradi. Maydon holati ham ideal darajada. Shu sabablimi “B” Pro-liga ishtirokchisi bo`lmish “Rubin” jamoasi o`z uy uchrashuvlarini shu stadionda o`tkazish istagini bildirmoqda.

Quyi Chirchiq tumani BO`SMning mazkur filiali 1974 yilda qurilgan bo`lib, o`z vaqtida bu erda futbol bo`yicha xalqaro turnirlar tashkil etilgan. Ammo, keyinchalik ushbu stadion va sport zal qarovsiz ahvolga kelib qolgandi. Kapital ta`mirdan keyin majmua zamonaviy ko`rinish oldi.

Bolalar va o`smirlar sport maktabining ochiq basketbol maydonida mini-futbol va gandbol bilan ham shug`ullanish imkoniyati mavjud. Ochiq voleybol maydonini esa badminton sport turiga moslashtirish mumkin. Xullas, Quyi Chirchiq tumani bolalar va o`smirlar sport maktabi asosan sportning o`yin turlarini rivojlantirishga ixtisoslashgan, desak adashmaymiz. Sport zal esa boks va kurash turlariga moslashgan. Shuningdek, bu erda qor-yog`inli kunlarda voleybol bilan ham shug`ullansa bo`ladi.

Quyi Chirchiq tumani bolalar va o`smirlar sport maktabining tantanali ochilish marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, Quyi Chirchiq tumani hokimi Akmal Xolmurodov hamda sport jamoatchiligi ishtirok etdi.

Shuningdek tadbirda, erkin kurash bo`yicha ikki karra jahon chempioni, Osiyo o`yinlari g`olibi va Osiyo chempioni taniqli sport ustasi hozirgi kunda murabbiylik kasbi bilan shug`ullanayotgan Dilshod Mansurov ham so`zga chiqib, yosh sportchilarga berilayotgan bu kabi e`tibordan xursandligini qayd etdi.

Tadbir yakunida Quyi chirchiqlik sportchi yoshlar yig`ilganlarga o`z mahoratlarini namoyish etishdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1