O`zbekistonlik 4 sportchi doping sabab uzoq muddatga diskvalifikasiya qilindi. Ularning medallari va rekordlari bekor qilindi

Sport 19.03.2020, 09:50
O`zbekistonlik 4 sportchi doping sabab uzoq muddatga diskvalifikasiya qilindi. Ularning medallari va rekordlari bekor qilindi

O`zbekistonlik 4 paralimpiyachi antidoping qoidalarini buzganlik uchun 4 yilga musobaqalardan chetlatildi. Ular orasida 3 pauerlifter va bir engil atletikachi bor. Bu haqda Xalqaro paralimpiya qo`mitasiga asoslanib, xabar berdi gosport.uz.

Sanksiyalar pauerlifterlar — Ismira Islomova, Shahzoda Mamadalieva va Muslima Nuriddinova hamda engil atletikachi Kamolaxon Abdullaevaga nisbatan joriy qilingan.

“Sportchi ataylab yoki o`zi bilmagan holda taqiqlangan moddani qo`llaganidan qat`i nazar, uning doping namunasida taqiqlangan modda aniqlanganda antidoping qoidabuzarligi yuz beradi”, deyilgan xabarda.

Ismira Islomova va Shahzoda Mamadalievaning Fransiyadagi 2018 yilgi jahon chempionatida olingan doping-namunalarida Butunjahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan modda borligi aniqlangan. Sportchilar 2018 yil 31 avgustdan 2022 yil 30 avgustgacha musobaqalardan chetlatilib, ularning 2018 yil may oyidan keyingi natijalari bekor qilinadi.

Yana bir pauerlifter Muslima Nuriddinovaning Yaponiyada o`tgan Osiyo va Okeaniya davlatlari o`rtasidagi musobaqada olingan namunasi unda taqiqlangan modda borligini ko`rsatgan. Sportchi 2018 yil 30 noyabrdan 2022 yil 29 noyabrgacha diskvalifikasiya qilindi. Bundan tashqari, uning yuqorida keltirib o`tilgan chempionatda qo`lga kiritgan oltin medali va o`rnatgan Osiyo rekordi bekor qilindi.

Paraatletikachi Kamolaxon Abdullaeva esa 2018 yilgi Paraosiyo o`yinlarida doping qo`llaganlikda ayblangan. Sportchi 2019 yil 11 fevraldan 2023 yil 10 fevralgacha musobaqalardan chetlatilib, 2018 yil oktyabr oyidan boshlab barcha medallar, ochkolar, rekordlar va sovrinlardan mahrum qilinadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1