24 mart kuni Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining majlislar zalida o`z ishini boshladi.
Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta`minlash va koronavirus kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida, shuningdek Toshkent shahriga kirish va chiqish 2020 yilning 24 mart kunidan boshlab to`xtatilganligi munosabati bilan yalpi majlis videokonferensaloqa shaklida o`tkazilmoqda.
Majlis kun tartibiga, jumladan, quyidagi masalalar kiritilgan:
- “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi Qonun; “Fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun;
- “O`zbek tili bayrami kunini belgilash to`g`risida”gi Qonun;
- “III va IV darajali “Sog`lom avlod uchun” ordenini ta`sis etish to`g`risida”gi Qonun;
- “Sog`lom avlod uchun” medalini ta`sis etish to`g`risida”gi Qonun.
Shuningdek, Senat a`zolari tomonidan Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqal`a tumanini tashkil etish hamda Hazorasp tumani chegarasini o`zgartirish to`g`risidagi masala ham ko`rib chiqiladi.